Oʻzbekiston elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga 2 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarfladi

Oʻzbekiston elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga 2 milliard dollardan ortiq mablagʻ yoʻnaltirdi
Oʻzbekistonda soʻnggi besh yilda elektr tarmoqlarini yangilashga 2 milliard dollardan ortiq mablagʻ ajratildi. Endigi navbatdagi vazifa — tarmoqlarni modernizatsiya qilish va energiyani saqlash tizimlarini rivojlantirish.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning yoqilgʻi-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqoti chogʻida maʼlum boʻldi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qilishicha, 2030 yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstantsiya qurish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, energiyani saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattgacha oshirish nazarda tutilgan. Loyihalarning asosiy qismi Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Generatsiya, saqlash va tarmoqlarni qamrab oluvchi kompleks loyihalarga ustuvorlik beriladi. Energiyani uzoq muddatli saqlash uchun investorlar bilan gidroakkumulyatsiya stantsiyalarini qurish boʻyicha hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston ichki bozor bilan cheklanib qolmayapti. Ozarbayjon va Qozogʻiston bilan birgalikda Kaspiy dengizi orqali Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berish loyihasi amaliy bosqichga oʻtmoqda. Afgʻoniston va Janubiy Osiyo bozorlari ham istiqbolli yoʻnalishlar sifatida tilga olindi.

