Oʻzbekiston davlat shifoxonalari xususiy kompaniyalardan tibbiy xizmatlarni xarid qilishni boshlaydi
Davlat bosqichma-bosqich xususiy sektordan tibbiy xizmatlarni sotib olishni boshlaydi. Kompaniyalar oʻz uskunalarini davlat shifoxonalariga oʻrnatishlari va tibbiy sugʻurta tizimi orqali toʻlov olishlari mumkin boʻladi. Xususiy klinikalar qurish uchun imtiyozli shartlarda yer ajratiladi.

Oʻzbekiston davlat shifoxonalari xususiy kompaniyalardan tibbiy xizmatlarni xarid qilishni boshlaydi
Oʻzbekistonda davlat shifoxonalari xususiy sektordan gemodializ, laboratoriya tadqiqotlari, reabilitatsiya va boshqa tibbiy xizmatlarni xarid qiladi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabr kuni sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda xususiy klinikalar soni 2017 yildagi 3500 tadan 9000 tadan ortiqqa koʻpaydi.
Bir qator yoʻnalishlarda xususiy sektor allaqachon tibbiy xizmatlarning salmoqli ulushini taʼminlamoqda. Jumladan, uning ulushi stomatologiyada 90 foizga, diagnostikada 70 foizga hamda otorinolaringologiya, urologiya va oftalmologiyada 60 foizga yetmoqda.
Shu bilan birga, xususiy tibbiyotning rivojlanishi hamon notekis boʻlib qolmoqda.
Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida xususiy klinikalarning 35 foizidan 40 foizigacha boʻlgan qismi statsionar oʻrinlariga ega. Qoraqalpogʻistonda, Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlarida bu koʻrsatkich 15 foizdan oshmaydi.
Bir vaqtning oʻzida, tibbiy reabilitatsiya, nefrologiya, onkologiya, neyroxirurgiya, psixiatriya, narkologiya va tugʻruqqa yordam berish sohalarida xususiy biznesning ishtiroki kutilgan darajadan pastligicha qolmoqda.
Ushbu yoʻnalishlarga ustuvor ahamiyat qaratish rejalashtirilmoqda.
Prezident xususiy sektordan tibbiy xizmatlarni xarid qilishga bosqichma-bosqich oʻtish va autsorsingning yangi mexanizmlarini joriy etish haqida maʼlum qildi.
Tadbirkorlarga zamonaviy tibbiy uskunalarni joylashtirish uchun davlat shifoxonalarida xonalar ajratiladi. Xususiy kompaniyalar bevosita davlat muassasalari hududida tibbiy xizmatlar koʻrsatishi mumkin boʻladi, toʻlov esa tibbiy sugʻurta tizimi orqali amalga oshiriladi.
Xususan, xususiy sektordan quyidagi xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilmoqda:
Har bir hududda tadbirkorlar investitsiya imkoniyatlarini baholay olishlari uchun tibbiy xizmatlar bozori ehtiyojlari va moliyalashtirish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi.
Kun ora, 26 oktyabr kuni prezidentga sogʻliqni saqlashda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi taqdim etildi.
Hujjatda amaldagi bir yillik kontraktlar oʻrniga besh yilgacha boʻlgan muddatga tibbiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha shartnomalar tuzish imkoniyati nazarda tutilgan.
Uzoqroq muddatli bitimlar xususiy kompaniyalarga investitsiyalarni oqlash imkoniyati bilan uskunalar va tibbiy infratuzilmaga sarmoya kiritish imkonini berishi kutilmoqda.
Taklif etilayotgan modelga koʻra, davlat tibbiyot muassasasi xizmatni xarid qiladi, xususiy kompaniya esa oʻz hisobidan uskunalarni sotib oladi, ulardan foydalanishni va ularni yangilashni taʼminlaydi.
Shuningdek, yagona tender hujjatlari va xaridlarning elektron tizimini joriy etish koʻrib chiqilmoqda. Alohida tibbiyot muassasalari professional kompaniyalar boshqaruviga berilishi mumkin.
Prezident taqdim etilgan takliflarni takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich joriy etishni taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini qoʻllab-quvvatlashning yangi choralarini eʼlon qildi.
Hokimlar har yili xususiy klinikalar qurish uchun moʻljallangan yer uchastkalari roʻyxatini belgilaydi va eʼlon qiladi. Ushbu uchastkalar auktsionlarga faqat tibbiyot muassasalarini tashkil etish uchun chiqariladi va imtiyozli shartlarda taklif etiladi.
Imtiyozlarning aniq parametrlari va uchastkalarni berish tartibiga hozircha aniqlik kiritilmagan.
Prezident, shuningdek, tibbiyot muassasalarini yanada oqilona joylashtirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Aholining oʻsishi, yangi shaharlar va turar joy massivlarining qurilishi tibbiy infratuzilmani uzoq muddatli rejalashtirishni talab qiladi. Bunday yondashuv boʻlmaganda, baʼzi tumanlarda shifoxonalar yetishmovchiligi yuzaga keladi, boshqalarida esa mavjud quvvatlardan toʻliq foydalanilmaydi.
«Shuning uchun bundan buyon yangi tibbiyot muassasalari aholi soni va hududiy joylashuvni hisobga olgan holda, master-planlar asosida tashkil etiladi», — dedi davlat rahbari.
Kun ora prezidentga oʻnta viloyatdagi tibbiy infratuzilmani xatlovdan oʻtkazish natijalari haqida ham axborot berildi.
Tekshiruv davomida sogʻliqni saqlash sohasiga oid 3499 ta obʼyekt aniqlandi. Bu Kadastr agentligi maʼlumotlarida qayd etilganidan 494 taga koʻpdir.
Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obʼyektlarning elektron pasportlarini va tibbiyot sohasi koʻchmas mulkining yagona raqamli reyestrini yaratish taklif etildi.
Master-plan tibbiy infratuzilmani qayta taqsimlashni va xizmatlarni aholiga yaqinlashtirishni nazarda tutishi kerak.
2025 yilning noyabr oyida prezident xususiy tibbiyot klinikalarida koʻrsatiladigan xizmatlar narxi respublika markazlaridagidan arzonroq ekanini taʼkidlagan edi. Shu munosabat bilan davlat tibbiyot muassasalaridagi narxlarning asoslanganligini qayta koʻrib chiqish topshirildi. Agar xususiy klinikalarda ana shunday xizmatlar arzonroq va sifatliroq koʻrsatilsa, tibbiy sugʻurta mablagʻlari aynan oʻsha yerga yoʻnaltiriladi.
4 noyabr kuni Oʻzbekiston hukumati davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish qoidalarini tasdiqladi. Nizomga koʻra, byudjet hisobidan tibbiy yordam QR-kodli elektron yoʻllanma asosida koʻrsatiladi, bu bemorga rejali statsionar davolanish uchun davlat ili xususiy tibbiyot muassasasini tanlash huquqini beradi.

