Iqtisodiyot

Oʻz kartalari orasida bepul oʻtkazma, Open banking va bankka bogʻlanib qolgan mijozlar – MBda davra suhbati

Oʻzbekistonda Open banking 6 ta bank bilan sinovdan oʻtkazilmoqda, yil oxirida pilot loyiha boshlanadi. Hisobvaraqdan hisobvaraqqa oʻtkazmalar esa 23 ta bank ilovasida ishlayotgani aytildi. Markaziy bankdagi davra suhbatida oʻz kartalari orasida komissiyasiz pul oʻtkazish imkoniyati, xalqaro kartalardan turli ilovalarda foydalanishdagi cheklovlar va toʻlov xizmatlariga kirish masalalari ham koʻtarildi.

Oʻz kartalari orasida bepul oʻtkazma, Open banking va bankka bogʻlanib qolgan mijozlar – MBda davra suhbati

15-oktabr kuni Markaziy bankda “Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va isteʼmolchi manfaatlari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda tijorat banklari, toʻlov tizimlari, toʻlov tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Komissiyalar borasidagi muhokamalar bilan bir qatorda, uchrashuvda mijozning bir bankka bogʻlanib qolishini kamaytirish, pul oʻtkazishning muqobil yoʻllarini rivojlantirish va yangi xizmatlarni ishga tushirish muddatlari haqida ham maʼlumot berildi.

### Oʻz kartalari oʻrtasida bepul oʻtkazma qachon ishlaydi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov jismoniy shaxslarning oʻziga tegishli bank kartalari orasida komissiyasiz pul oʻtkazishini taʼminlash vazifasi qoʻyilganini eslatdi. U bunday imkoniyat banklar oʻrtasidagi raqobatga ham taʼsir qilishini taʼkidladi.

“Bu davlat rahbari tomonidan 5-may 2026-yilda qoʻyilgan vazifa. Oʻqib beraman: jismoniy shaxslarning oʻz bank kartalari oʻrtasidagi pul oʻtkazmalarini tezkor toʻlovlar tizimi doirasida komissiyasiz amalga oshirish, deb aniq-tiniq vazifa qoʻyilgan. Nima uchun oʻz kartalari orasidagi oʻtkazmalarni nollashtirishni muhim deb hisoblayman? Bu banklar va toʻlov tashkilotlari oʻrtasidagi raqobatni oshiradi”, - dedi Bakirov.

Uning fikricha, mijoz oʻz mablagʻini banklar orasida qoʻshimcha xarajatsiz koʻchira olsa, ishonchli va qulay shartlarni taklif qiladigan banklarga resurs jalb qilish osonlashadi. Boshqa ishtirokchilar ham mijozni ushlab qolish uchun xizmat shartlarini yaxshilashga majbur boʻladi.

Markaziy bank bergan javobga koʻra, tegishli hujjat Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

“Me-to-me boʻyicha topshiriq boʻlgan edi, deganingizga: bu xizmat doirasida foydalanish uchun kelgan hujjat edi. Ikki hafta muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi soʻralgan. Adashmasam, 11 yoki 12 kun ichida Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan”, - deyiladi MB vakili.

Biroq davra suhbatida ushbu imkoniyat mijozlar uchun qachondan ishlashi boʻyicha aniq sana aytilmadi.

Bakirov yangi xizmatning infratuzilmasiga ham toʻxtaldi. U oʻz kartalari orasidagi oʻtkazmalarni Markaziy bank infratuzilmasidan foydalangan holda yoʻlga qoʻyish tarafdori ekanini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.