Iqtisodiyot

Oʻz pulini kartaga kiritish nega pulli? Markaziy bankda komissiyalar masalasi koʻtarildi

Iqtisodchi Otabek Bakirov banklar mablagʻ jalb qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidlab, oʻzi foydalanadigan xorijiy banklarda pul kiritish va yechish uchun komissiya olinmasligini aytdi. Xalq banki vakili esa naqd pul qabul qiluvchi qurilmalarida oʻz mijozlari kartasini bepul toʻldirishi, boshqa bank mijozlaridan 0,4 foiz haq olinishini bildirdi.

Oʻz pulini kartaga kiritish nega pulli? Markaziy bankda komissiyalar masalasi koʻtarildi

15-oktabr kuni Markaziy bankda boʻlib oʻtgan “Moliyaviy xizmatlarda komissiyalar: xarajatlar, raqobat va isteʼmolchi manfaatlari” mavzusidagi davra suhbatida naqd pulni bank kartasiga kiritish uchun olinadigan komissiyalar ham muhokama qilindi.

Tijorat banklari, toʻlov tizimlari va OAV vakillari ishtirok etgan uchrashuvda banklarning xizmat koʻrsatish xarajatlari bilan birga, isteʼmolchilar zimmasiga tushayotgan toʻlovlar masalasi ham koʻtarildi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov oʻzi mijoz boʻlgan xorijiy banklarni misol qilib, bankka pul kiritish va undan pul olish uchun alohida haq toʻlamasligini aytdi. U banklar mijozlar mablagʻlarini jalb qilish va ularning ishonchini qozonishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

“Men oʻzim Gruziyadagi ikkita bankning, Qozogʻistonning bitta banki mijoziman. Hech qachon mendan pul kiritganimga ham, pul chiqarganimga ham komissiya olmaydi. Ikkalasi ham.[…] Oʻzining bankiga kiritish va oʻzining bankidan chiqarish bepul. Chunki ular resurslarni jamlashdan va ishonchdan manfaatdor”, - dedi Bakirov.

Uchrashuvda jurnalistlar ham banklar oʻz xarajatlarini asoslab berayotgan bir paytda, oddiy fuqarolarning xarajatlari ham inobatga olinishi kerakligini taʼkidladi. Xususan, oyligini kartada oladigan odam pulini naqdlashtirish yoki boshqa kartaga oʻtkazishda qoʻshimcha haq toʻlashiga eʼtibor qaratildi.

Xalq banki vakili naqd pul qabul qiluvchi ADM qurilmalari orqali kartani toʻldirish shartlarini tushuntirdi. Uning maʼlum qilishicha, bankning oʻz mijozlari uchun bu xizmat bepul, boshqa bank mijozlari uchun esa komissiya belgilangan.

“Bizda 220 dan oshiq ADM qurilmalari bor, yaʼni jismoniy va yuridik shaxslardan naqd pullarni qabul qiladigan. Respublikaning deyarli barcha tumanlariga oʻrnatilgan. Xalq banki mijozlariga, yaʼni yuridik va jismoniy shaxslarga, kartasini toʻldirish yoki yuridik shaxsga inkassatsiya qilish uchun komissiya olinmaydi. Boshqa bank mijozlari uchun 0,4 foiz komissiya qoʻyilgan. Bu yerda ham bizning daromadimiz uncha katta emas. Hozirgi xarajatlarni qoplash uchun qoʻyilgan”, - dedi bank vakili.

Uning taʼkidlashicha, bank ushbu xizmatlarda komissiyalarni oʻz xarajatlariga imkon qadar yaqin darajada belgilashga harakat qilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.