Iqtisodiyot

“Tariflar oshishini kimga asoslab berasiz?” - Markaziy bankda Uzcard va Humo komissiyalari muhokama qilindi

Iqtisodchi Otabek Bakirov toʻlov tizimlari tariflarining oshishi oxir-oqibat isteʼmolchilar xarajatiga aylanayotganini aytib, Markaziy bankni raqobatni kuchaytirishga chaqirdi. Operatorlar esa infratuzilma xarajatlari va yangi xizmatlarni tariflash zaruratini keltirdi. Muhokama yakunida masalani oʻrganish uchun 90 kunlik ishchi guruh tuzish taklif qilindi.

“Tariflar oshishini kimga asoslab berasiz?” — Markaziy bankda Uzcard va Humo komissiyalari muhokama qilindi

5-oktabr kuni Markaziy bankda bank va toʻlov xizmatlaridagi komissiyalarga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi. Unda tijorat banklari, toʻlov tashkilotlari, toʻlov tizimlari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Muhokamada Uzcard va Humo tariflari qanday shakllanishi, ularning oshirilishi banklar va yakuniy isteʼmolchilarga qanday taʼsir qilishi masalalari atrofida bahs yuritildi.

“Manfaat toʻlov tizimlarida yigʻilyapti”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, muhokamaning asosiy mavzusi isteʼmolchilar toʻlayotgan komissiyalar va ularning nega oshayotgani boʻlishi kerak.

U banklar hamda toʻlov tashkilotlari oʻz xizmatlaridan juda kam daromad qolayotganini aytayotgan bir paytda, toʻlov tizimlarining daromadliligi va tarif siyosatiga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

“Bu yerda baʼzi bir fikrlar aytilib ketildi, kam marjinali deb. Hech ham kam marjinali deb boʻlmaydi trillionlab foyda olib turgan toʻlov tizimlarining faoliyati haqida.

Milliy bank rahbarlaridan biri juda yaxshi fikrni aytdi: bankka hech narsa qolmayapti deyarli. Toʻlov tashkilotlariga ham hech narsa qolayotgani yoʻq. Oxirgi bir yarim, ikki yilni hisobga oladigan boʻlsak, butun manfaatdorlik va benefitsiarlik toʻlov tizimlarining choʻntagida yigʻilyapti. Biz mana shu masalani muhokama qilishimiz kerak. Regulyatorimizdan soʻraydigan asosiy masala ham regulyatsiyaning radarini shu tarafga qaratishdan iborat boʻlishi kerak”, - dedi Bakirov.

Iqtisodchi toʻlovlar bozori va aylanmalar kengayib borayotganini ham tariflarni baholashda inobatga olish kerakligini bildirdi. Uning aytishicha, operatsiyalar hajmi oshayotgan bir paytda faqat xarajatlar koʻpayayotganini keltirish bilan cheklanib boʻlmaydi.

Bakirov Markaziy bankdan komissiyalarni maʼmuriy yoʻl bilan belgilashni soʻramayotganini alohida qayd etdi. U regulyator raqobatni kuchaytirish va bozordagi ragʻbatlarni oʻzgartirish orqali operatorlarga taʼsir oʻtkazishi mumkinligini aytdi.

“Men ham xuddi siz singari Markaziy bank tariflarni belgilab berishi tarafdori emasman. Lekin Markaziy bank hamisha raqobat va isteʼmolchilar tarafida turishi kerak.

Shu pozitsiyasi uchun bozor ishtirokchilariga bosim koʻrsata olish instrumentlariga ega. Buyurib emas, bozordagi ragʻbatlarni oʻzgartirish orqali. Shu haqda gap ketyapti. Hech kim tariflarni regulyativ yoʻl bilan nol qilib beringlar demayapti. Men ham suhbatning boshida soʻragan narsam - toʻlov tizimlariga taʼsir koʻrsatish kerak deb aytyapman”, - dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.