Iqtisodiyot

Open banking nima va u qachondan ishga tushadi?

Markaziy bank departament direktori Ravshan Qodirov Open banking tushunchasini taʼriflab, uni ishga tushirish dedlaynlarini ochiqladi.

Open banking nima va u qachondan ishga tushadi?

«Open banking’ni sodda qilib aytadigan boʻlsak, bu banklar oʻrtasida maʼlumot almashishning ochiqligi. Masalan, fuqaroning bir tijorat bankida hisobraqami yoki jamgʻarmasi boʻlsa, boshqa bankdagi qulay shartlar, jozibador aksiya yoki xizmatdan foydalanish uchun qaytadan hisobraqami ochishi, hujjatlarni qayta topshirishi va rasmiylashtirish jarayonlaridan oʻtishi shart boʻlmaydi. Bu imkoniyat nafaqat jismoniy shaxslarga, balki yuridik shaxslarga ham taalluqli boʻladi», - dedi u.

Qodirovning aytishicha, Open banking’ning texnologik qismi boʻyicha pilot loyihalar Markaziy bankning Axborotlashtirish markazi tomonidan amalga oshirilmoqda.

«Rejaga koʻra, joriy yil oxirigacha pilot testlarni yakunlash koʻzda tutilgan. Bu juda katta loyiha boʻlgani uchun 2027-yil 1-yanvaridan uni toʻliq ishga tushirib yuborish toʻgʻri boʻlmaydi. Tizimni joriy etishda kiberxavfsizlik va firibgarlik bilan bogʻliq koʻplab masalalarni hisobga olish kerak», - dedi Markaziy bank vakili.

Uning soʻzlariga koʻra, Open banking’ni qaysi yoʻnalishlarda va qanday ketma-ketlikda joriy etish masalasi 2026-yil yakunidagi pilot sinovlar natijalariga qarab belgilanadi.

«2026-yil oxirigacha oʻtkaziladigan test sinovlarining yakuniy natijalariga asosan tizimni 2027-yil davomida qaysi tartibda va bosqichma-bosqich ishga tushirish belgilanadi», - dedi Ravshan Qodirov.

Open Banking - mijoz roziligi asosida uning banklardagi moliyaviy maʼlumotlarini boshqa banklar va fintex kompaniyalariga standartlashtirilgan API orqali uzatish imkonini beruvchi tizim. U turli banklar va moliyaviy xizmatlar oʻrtasidagi maʼlumot almashinuvini soddalashtirib, yangi fintex mahsulotlari va xizmatlarini rivojlantirishga sharoit yaratishi kutilmoqda.

Oʻzbekistonda Open Banking’ni joriy etish rejalari 2025-yilda kun tartibiga chiqdi. Prezidentning 2025-yil noyabridagi qarorida tizimni banklar, toʻlov tashkilotlari va fintex bozori ishtirokchilari oʻrtasida xavfsiz va standartlashtirilgan maʼlumot almashinuvini taʼminlash vositasi sifatida joriy etish vazifasi belgilangan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.