Markaziy bank 2029-yil oxirigacha raqamli soʻmni muomalaga chiqarishi mumkin

Markaziy bank 2029-yil oxirigacha raqamli soʻmni muomalaga chiqarishi mumkin
Oʻzbekiston Markaziy banki raqamli soʻm yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda 24-sentyabr kuni regulyator vakillari oʻtkazgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Taqdimotda raqamli soʻm Markaziy bank tomonidan bevosita muomalaga chiqariladigan pul shakli ekani aytildi. Bunday valyutalar aslida chakana va ulgurji turlarga boʻlinishi taʼkidlandi. Chakana turidan jismoniy va yuridik shaxslar banknotalar va bank kartalari bilan bir qatorda kundalik toʻlovlar uchun foydalanadi. Biroq Oʻzbekiston faqat ulgurji turini yaratishni rejalashtirmoqda.
“Biz tanlayotgan Markaziy bankning raqamli valyutasi — wholesale CBDC. Bu taqsimlangan reyestr texnologiyasi (distributed ledger technology) asosida yaratilgan va faqat banklar hamda toʻlov tashkilotlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan raqamli valyuta hisoblanadi”, dedi regulyator vakillari.
Maʼlum qilinishicha, 2027-yil yakunigacha Oʻzbekistonda raqamli soʻmni muomalaga chiqarishning afzalliklari oʻrganib chiqiladi. 2028-yil oxirigacha sinov bosqichi, 2029-yil soʻngigacha esa bozor ishtirokchilarini tizimga qoʻshish va tizimni toʻliq ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
“Xalqaro maslahatchilar bilan birgalikda ulgurji raqamli valyutalar ishlab chiqiladi. Keyin pilot sinovlarini oʻtkazilib, natijalardan kelib chiqib, qaror qabul qilinadi. Hozircha ulgurji raqamli valyutani joriy etish yoki etilmasligi 100 foiz aniq emas”, deya maʼlum qildi Markaziy bank masʼullari.
Qayd etilishicha, ulgurji raqamli valyutaning ichki bozor uchun bir qator afzalliklari bor. Masalan, u hisob-kitob jarayonidagi xavflarni bartaraf etadi. Operatsion faoliyat barqarorligini taʼminlaydi va 24/7 rejimida favqulodda likvidlikni zarur vaqtda hamda joyda avtomatik ravishda taqdim etish imkonini beradi.
Raqamli soʻmdan birinchi navbatda davlat xaridlarida foydalanish koʻzda tutilmoqda. Natijada Iqtisodiyot va moliya vazirligidan ajratilgan pullarning boshqa joyga oʻtib ketmasligini taʼminlash, mablagʻni doimiy nazorat qilish imkoniyati paydo boʻladi. Keyingi bosqichda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish ham yangi turdagi valyutada amalga oshirilishi mumkin. Pudratchilarga toʻlovlar loyihalarning belgilangan bosqichlari bajarilganda va ishlar topshirilgani tasdiqlangandan soʻng amalga oshiriladi. Bu davlat investitsiya mablagʻi qanday sarflanayotganini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Shu bilan birga, davlat toʻlovlari va maqsadli subsidiyalarni moliyalashtirishda ham raqamli soʻmdan foydalanish koʻzda tutilmoqda.
“Bular hozirda izlanish davridagi bizning kutayotgan natijalarimiz. Bu shunaqa boʻladi degani emas. Chunki bitta raqamli valyutani oʻrganish uchun kamida 4-5-yil vaqt talab etiladi”, deydi Markaziy bank masʼullari.
Keyingi uch yil davomida tizimni oʻrganish, raqamli valyuta yaratish va test rejimida amaliyotda qoʻllab koʻrish koʻzda tutilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda dunyodagi 143 ta davlat markaziy banklari raqamli valyutani oʻrganmoqda. Shundan 77 tasi raqamli valyutani ishlab chiqish jarayonida. Yana 41 tasi raqamli valyutaning pilot loyihasini amalga oshirmoqda. Dunyoda faqat uchta davlat raqamli valyutani ishga tushirgan: Bagama orollari, Nigeriya va Yamayka.

