Nukusda 5 km uzunlikdagi BRT tezkor avtobus yölagi quriladi
Nukusda 2027 yil oxirigaça 5 kmlik BRT yölagi qurilişi, oltita transport uzeli taşkil etilişi va elektrobuslar uluşini 30 foizga yetkaziş rejalaştirilmoqda.

Nukusda 5 km uzunlikdagi BRT tezkor avtobus yo‘lagi quriladi
Nukusda 2027 yil oxirigacha uzunligi 5 kilometr bo‘lgan BRT tezkor avtobus transporti uchun maxsus yo‘lakni foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Loyiha O‘zbekiston Prezidenti qarori loyihasida taqdim etilgan 2030 yilgacha mahalliy yo‘lovchi tashishni rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilgan.
Maxsus yo‘lak yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan E. Alakuz ko‘chasining Qoraqalpog‘iston ko‘chasi bilan chorrahasidan Chimboy shossesi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismida qurilishi rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish uchun transport modelini, texnik yechimlarni hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish zarur.
Moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlarini jalb qilish ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish uchun mas’ul etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Transport vazirligi belgilangan.
O‘zbekistonda oltita transport uzeli tashkil etiladi
Strategiya loyihasida temir yo‘l vokzallari, aeroportlar va avtovokzallarni birlashtiradigan oltita transport uzelini tashkil etish nazarda tutilgan. Ularni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Farg‘ona shaharlarida joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Rejaga ko‘ra, bitta transport uzeli 2027 yilda, uchtasi 2028 yilda va to‘rttasi 2029 yilda foydalanishga topshirilishi kerak. 2030 yilga qadar oltita obyektning barchasini tashkil etish yakunlash rejalashtirilgan. Qurilish ishlarini tadbirkorlar mablag‘lari va davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Elektrobuslar ulushi 30 foizga yetkaziladi
Strategiyaning yana bir maqsadi — Toshkent, Nukus va viloyat markazlarida jamoat transportida elektrobuslar ulushini 2025 yildagi 15 foizdan 2030 yilga qadar 30 foizga oshirish.
Oraliq maqsadli ko‘rsatkichlar 2026 yilda 16 foiz, 2027 yilda 20 foiz, 2028 yilda 22 foiz va 2029 yilda 25 foizni tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun elektrobuslar va quvvatlash infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni baholash, shuningdek, xaridlarning aniq manzilli rejasini tasdiqlash rejalashtirilmoqda.
Hujjatda Nukus, Toshkent va barcha viloyat markazlari uchun transport hamda yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishning bo‘sh rejalari ishlab chiqilgani ham qayd etilgan.
Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar qatorida BRT maxsus yo‘laklariga ega transport koridorlari tarmog‘ini kengaytirish va intellektual transport tizimlarini joriy etish belgilangan.

