O‘zbekistonda elektrichka va shaharlararo avtobuslarda naqd puldan voz kechish reja qilinmoqda
Transport vazirligi shahar atrofi poyezdlari, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarni bosqichma-bosqich naqd pulsiz to‘lovga o‘tkazishni taklif qildi. 2027-yildan elektron chiptalarni kamida 20 foizga arzonlashtirish, 2030-yildan esa ushbu yo‘nalishlarda naqd hisob-kitoblardan to‘liq voz kechish ko‘zda tutilmoqda.

O‘zbekistonda elektrichka va shaharlararo avtobuslarda naqd puldan voz kechish rejalashtirilmoqda
O‘zbekiston Transport vazirligi yo‘lovchi tashishda naqd pulsiz to‘lovga bosqichma-bosqich o‘tishni ko‘zda tutuvchi prezident qarori loyihasini tayyorladi. 2030-yilgacha mo‘ljallangan ichki yo‘lovchi tashishni kompleks rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash haqidagi hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab shahar atrofi yo‘lovchi poyezdlari, shuningdek, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘lashdan to‘liq voz kechish taklif etilmoqda. To‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi kerak bo‘ladi.
Chora-tadbirlar dasturida ta’kidlanishicha, hozir ushbu yo‘nalishlarda yo‘lovchilarning qariyb 70 foizi yo‘l haqini naqd pulda to‘laydi. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni nolga tushirish va 100 foiz elektron to‘lovga o‘tish rejalashtirilgan.
Naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish uchun elektron chipta xarid qiladigan yo‘lovchilarga yo‘l haqini vaqtincha arzonlashtirish taklif qilinmoqda.
Loyihaning asosiy matniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha shahar atrofi poyezdlari, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarda elektron chipta olinganda kamida 20 foiz chegirma berilishi lozim.
Yangi tartibni joriy etish uchun Transport vazirligiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi bilan birga tarif qoidalari, hisob-kitob tartibi va tashuvchilarga chegirmalarni qoplash mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda.
Tashabbusning maqsadi — elektron chiptalardan foydalanishni rag‘batlantirish, yo‘lovchi tashish bo‘yicha shaffof hisob-kitobni yo‘lga qo‘yish hamda transport sohasidagi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishdir.
E’tiborga molik jihati shundaki, tadbirlar dasturida chegirmalarni joriy etish qo‘shimcha moliyalashtirishni talab qilmasligi qayd etilgan. Shu bilan birga, hujjat kompensatsiya mexanizmini ishlab chiqishni nazarda tutsa-da, tashuvchilarga yetmay qoladigan daromadlar aynan qaysi mablag‘lar hisobidan qoplanishi ochiqlanmagan.
Loyihada uzoq masofaga qatnovchi poyezd yo‘lovchilari uchun ham qo‘shimcha imtiyoz ko‘zda tutilgan.
Bunday poyezdga elektron chipta xarid qilgan fuqarolarga asosiy poyezd jo‘nab ketishidan 12 soat oldin va manzilga yetib borgandan keyin 12 soat davomida tegishli hududdagi shahar atrofi poyezdlari, ya’ni elektrichkalardan bepul foydalanishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.
Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” ushbu imtiyozni taqdim etish tartibini 2027-yil 1-sentabrga qadar ishlab chiqishi va amaliyotga joriy etishi shart.
Bu chora shahar atrofi poyezdlarining bandligini oshirish hamda temiryo‘l yo‘nalishlari o‘rtasida transport almashinuvini yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Toshkent shahridagi shahar avtobuslarida naqd pul qabul qilish amaliyoti 2025-yil 1-yanvardan boshlab to‘xtatilgan edi.
Haydovchiga to‘lov qilish o‘rniga yo‘lovchilarga bank va ATTO transport kartalari, mobil ilovalar yoki infokiosklar orqali QR kodli bir martalik chiptalar xarid qilish imkoniyati yaratilgan.

