Norozilikdan soʻng Call of Duty oʻyinidan Seuldagi tiqilinch sahnasi olib tashlanadigan boʻldi
Yaqinlarini yoʻqotgan oilalar «Modern Warfare 4» oʻyiniga Itxevondagi fojia tasvirlari kiritilganini koʻrib, dahshatga tushganliklarini aytmoqdalar.

Seuldagi tiqilinch kadrlari tanqidlardan soʻng Call of Duty oʻyinidan olib tashlanadi
Modern Warfare 4 oʻyinchilarni Shimoliy va Janubiy Koreya oʻrtasidagi nizo ichiga joylashtiradi
Seuldagi fojiali tiqilinch oqibatlari tasvirlangan videolavhalar jabrlanganlarning oilalari tomonidan bildirilgan keskin eʼtirozlardan soʻng Call of Duty’ning eng yangi oʻyinidan olib tashlanadi.
Qariyb 160 kishining yostigʻini quritgan 2022 yilgi ofatning real yangiliklar lavhalari Modern Warfare 4’ning ochilish sahnasida Shimoliy Koreyaning toʻqima bosqinini tasvirlash uchun ishlatilgan edi.
Yaqinlaridan ayrilgan qarindoshlar odamlarning zambillarda olib ketilayotgani, koʻchadagi murda qoplari va jonlantirishga boʻlgan urinishlar tasvirlangan bu material oʻyin uchun qayta ishlatilganini koʻrib "hayratda qolganlarini" aytishdi.
Call of Duty ortida turgan Activision kompaniyasi endilikda bu kadrlar oʻyinning navbatdagi yangilanishida olib tashlanishini maʼlum qildi.
Tiqilinch toʻrt yil muqaddam Seulning Itxevon tumanidagi tor koʻchalarda, 100 000 dan ortiq odam Hellouinni nishonlash uchun toʻplanganida sodir boʻlgan edi.
Koʻchalar shunchalik gavjum boʻlib ketganki, odamlar harakatlana olishmagan, baʼzilari esa nafas olomay qolgan.
Payshanba kuni eʼlon qilingan bayonotda halok boʻlganlarning oilalari bu ofat "yuzlab odamlarning jabrlanishiga olib kelgan fojia boʻlganini hamda qutqaruvda qatnashgan yoki bunga guvoh boʻlgan fuqarolar shu kungacha travmadan aziyat chekib kelayotganini" bildirishdi.
"Voqea joyidagi koʻplab fuqarolar bir-birini qutqarish uchun sunʼiy nafas bergan, jabrlanganlar esa muzdek koʻchada yotgan oʻsha tartibsiz va umidsiz sahnaning oʻyindagi sahnani yaratish uchun ishlatilganidan hayratda qolmay ilojimiz yoʻq.
Bunday voqeadan koʻngilochar maqsadda yaratilgan oʻyin uchun material sifatida foydalanishning oʻzi oʻta nooʻrin va maʼnosizdir".
Activision компанияси "oʻyinning toʻqima syujetini yaratish" uchun ofatning real yangiliklar lavhalaridan foydalanganini aytib, lekin "Itxevon fojiasi yoki boshqa biror-bir real hayotiy fojiaga shama qilish yoki uni suiisteʼmol qilish niyati hech qaysi shaklda boʻlmaganini" taʼkidladi.
Bu qaror "10.29 Itxevon fojiasidan jabrlanganlar oilalari uyushmasi" tomonidan ijobiy kutib olindi, garchi guruh BBC’ga Activision’dan toʻgʻridan-toʻgʻri kechirim soʻrash xabarini olmaganini aytgan boʻlsa-da.
Oʻtgan haftada chiqarilgan Modern Warfare 4 Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreyaga bostirib kirishiga urgʻu bergani uchun ham allaqachon tanqidga uchragan edi, chunki bu ikki mamlakat rasman oʻnlab yillardan beri urush holatida boʻlib kelmoqda.
Koreya urushidagi jangovar harakatlar 1953 yilda toʻxtagan, ammo ikki millat hech qachon tinchlik shartnomasini imzolamagan va dunyoning ushbu qismida nizo xavfi juda realligicha qolmoqda.
Oʻyin taqdimotida Call of Duty marketing boʻyicha bosh direktori Tayler Bal BBC Newsbeat’ga shunday dedi: "Biz bu shunchaki koʻngilochar mahsulot ekanini tushunishimiz kerak".

