“Niqobda yoki narkotik chekib ham mashinaga chiqishadi” – Nyu Yorkdagi oʻzbek taksisti bilan suhbat
Suhrob Shodiyorov Oʻzbekistondagi rahbarlik lavozimini tashlab, AQShga koʻchib oʻtgan. U bugun Nyu Yorkda haydovchilik qiladi, oylik daromadi ancha yuqori. Lekin hammaga chiroyli koʻringan Amerika hayoti ortida hech kim bilmagan qiyinchiliklar ham bisyor. Mashinamga niqobdagi yoki hushida boʻlmagan narkomanlar ham chiqadi, qoʻrqib ketasiz, deydi u. Xoʻsh, Suhrob nega oʻz karerasidan voz kechib, AQShni tanlagandi? Suhbatda shu haqida soʻz boradi.

“Niqobda yoki narkotik chekib ham mashinaga chiqishadi” – Nyu Yorkdagi oʻzbek taksisti bilan suhbat
Suhrob Shodiyorov 8 yildan beri AQShda istiqomat qiladi. U Amerikaga kelganidan buyon asosan haydovchilik bilan shugʻullanadi. Nyu Yorkda yashovchi yurtdoshimiz oyiga 10 ming AQSH dollari va undan ham koʻproq daromad oladi. Biroq u Amerikaga Oʻzbekistondagi rahbarlik lavozimi hamda tayyor karerasini ortda qoldirib kelgan. Suhbatdoshimizning aytishicha, chiroyli hayot ortida hammaga ham koʻrinavermaydigan qiyinchiliklar ham anchagina.
Avvalo, oila va vatandan, ota-onadan uzoqda yashash koʻplab yurtdoshlarimiz kabi Suhrobni ham qiynaydi. Bundan tashqari, katta shaharda taksi haydash oson ish emas. Birinchidan, hujjatbozlik va haydovchilik guvohnomasini olish jarayonidan oʻtish kerak. Ikkinchidan, mijozlar – turli xil odamlar.
Uzoq yillik haydovchi sifatida Suhrob mashinasiga biznesmenlardan tortib, yuziga niqob taqib olganlar, narkotik moddalarni isteʼmol qilib olganlar ham chiqishini aytadi. Shu sabab u bugun faqat biznes turdagi buyurtmalarni qabul qiladi.
Suhrobning qoʻshimcha qilishicha, serdaromad ish boʻlishiga qaramay, oʻzbek taksistlarning eng katta muammosi – ingliz tilini hech boʻlmasa boshlangʻich darajada bilmasligidir.
“Bizning taksistlar oddiy soʻzlarni ham bilmaydi. Masalan, ketayotganda mijoz savol bersa yoki nimanidir tushuntirsa, soʻrasa, jim oʻtirish juda gʻalati. Bir davlatga kelgandan keyin uning tilini ham biroz oʻrganib qoʻyaverish kerak”, deydi haydovchi Shodiyorov.
Shuningdek, suhbatdoshimiz Amerikadagi mijoz madaniyatiga ham toʻxtaldi. Uning aytishicha, aksariyat mijozlar hurmatni joyiga qoʻyadi, agar ular uchun sharoitlar yaratib qoʻyilsa, albatta, qadrlashadi.
Masalan, Amerikada choychaqa madaniyati juda yaxshi shakllangan. Xizmat koʻrsatish nuqtalari va taksilarda mijozlar chin koʻngildan qoʻshimcha pul qoldirib ketadi. Yurtdoshimiz ham buni ijobiy baholadi.
“TIP madaniyati juda ham yaxshi bu yerda. Masalan, mening oʻzimga eng katta choychaqani bir odam $200 berib ketgandi. U bilan biz 100 kilometrdan oshiq yoʻl bosganmiz. Oʻzbekiston haqida gapirib berganman, hamsuhbat boʻlganman va oxirida qoʻshimcha 200 dollar berib ketgandi. Undan tashqari ham har kuni kamida 50-100 dollar choychaqa olamiz”, deydi Suhrob.
Lekin serdaromad soha va chiroyli hayotga ega boʻlishiga qaramay, Suhrob Oʻzbekistonga butunlay qaytish harakatida. 8 yil dunyo moliya poytaxti – Nyu Yorkda yashaganiga qaramay, u baribir oʻz yurtini tanlagan. Buning sabablari qanday?

