“Insonlararo yaqinlikni sogʻinamiz” – Sietldagi oʻzbeklar mustaqillik bayramini nishonladi
Vashington shtatida yuzlab yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston mustaqillik bayramini nishonladi. Ularning aksariyati katta Sietl mintaqasida yashaydi. Kun.uz ning AQShdagi muxbiri baʼzi oʻzbeklar bilan suhbatlashdi. Insonlararo yaqinlikni, mehribonlikni sogʻinamiz, deydi yurtdoshlarimiz.

“Insonlararo yaqinlikni sogʻinamiz” – Sietldagi oʻzbeklar mustaqillik bayramini nishonladi
Maqsuda Yukcyel asli Buxorodan bo‘lib, 26 yil oldin AQShga ko‘chib o‘tgan. Hozir u Amerika ijtimoiy himoya tizimida ishlaydi va shtatdagi harbiylar hamda faxriylarga yordam tizimini belgilashda qatnashuvchi xodimlardan biri hisoblanadi. U har ikki yilda Buxoroga borib-kelishga harakat qilishini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng ko‘p sog‘inadigan narsa insonlararo issiqlik va mehribonlikdir.
“26 yil avval kelgan bo‘lsam-da, Vatanimni sog‘inaman. Hamma narsasini sog‘inaman, borganimda qarindoshlarim uchun bayram bo‘ladi”, deydi Maqsuda Yuksel.
Sanobar esa o‘qituvchi bo‘lib, 14 yildan beri AQShda yashaydi. U bugun nafaqat oilasi, balki onasi bilan ham Amerikada. O‘qituvchi sifatida u boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars beradi, Amerikaga esa Green card dasturi orqali kelgan.
“Bu yerda taʼlim tizimi butunlay boshqacha, har bir sinfda kamida 15 ta millat vakillari o‘tirgan bo‘ladi. Shuningdek, bolalarni teng ko‘rasiz, bilimli-bilimsizga ajratolmaysiz, ular bilan bir-birimizni tushunib ishlashga majburmiz”, deydi asli buxorolik Sanobar.
Feruza Hoshimova esa asli toshkentlik bo‘lib, o‘n yillardan beri oilasi bilan AQShda yashaydi. U maktabgacha taʼlim tizimida ishlab keladi. Ikki nafar farzandi AQShdagi oliygohlarda o‘qiydi. Hatto, bog‘chadan ham biz bolalarning ko‘ngliga qarashga majburmiz, deydi u.
Tadbirda O‘zbekistonning Vashington shtatidagi bosh konsuli Ahror Burhonov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

