Nima uchun kiyinish baʼzi bolalarda har kuni asabiylikni keltirib chiqarishi mumkin
Sensor tuygʻularni qabul qilishda farqlari boʻlgan insonlarning aytishicha, nima kiyishni tanlash ular uchun har kunlik muammoga aylanishi mumkin.

Nima uchun kiyinish baʼzi bolalarda har kuni talvasaga sabab boʻlishi mumkin
Naomi Potter muayyan kiyimlar tanaga qanday botishidan charchaganidan soʻng oʻz kiyim-kechak kompaniyasini ishga tushirdi
Har kuni ertalab Zara bir xil muammoga duch keladi.
Uning yetti yoshli qizi Valentina tor, dagʻal matoli yoki tugmali hech narsani kiyishni xohlamaydi. Uning barcha kiyimlaridan yorliqlar olib tashlangan. U kiya oladigan kiyimlarni topish juda koʻp kuch talab qilishi mumkin.
«Men hamisha ruhiy azoblar, horgʻinlik, talvasalar va uydan chiqishdagi qiyinchiliklarning oldini olishga harakat qilaman», — deydi Zara.
Valentina uchun notoʻgʻri tanlangan kiyim juda ogʻir botishi mumkin.
«Oʻzimga yoqmaydigan baʼzi narsalarni kiyganimda, baqirib va yigʻlab: “yoʻq, yoʻq, yoʻq, men buni kiyishni xohlamayman”, deb boshlayman», — deydi u.
Zaraning aytishicha, Valentina chiday oladigan kiyimlarni topish koʻpincha kundalik muammoga aylanadi
Uning hikoyasiga oʻxshash holatlar sensor axborotni qayta ishlashda farqlar mavjud boʻlgan koʻplab oilalarga tanish, mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu holat autizm va DEHT (diqqat yetishmasligi va giperaktivlik buzilishi) bor insonlar orasida tez-tez uchraydi.
«Buni muayyan bir uzluksiz zanjir sifatida tasavvur qilish maʼqulroqdir», — deb tushuntirdi Birmingem universiteti psixologiya boʻyicha dotsenti, doktor Keti Menning.
«Baʼzi odamlar sensor taʼsirlarga sezuvchanroq, baʼzilar esa kamroq sezuvchan, shunchaki yuqori darajada sezuvchan boʻlganlarda rivojlanish xususiyatlari boʻlish ehtimoli yuqoriroq.»
Sensor axborotni qayta ishlashdagi farqlar ushlab sezishga, shuningdek, yorugʻlik, ovoz, hid va haroratga boʻlgan sezuvchanlikka taʼsir qilishi mumkin.
Uorikshirdagi Uellsborn shahridan boʻlgan 40 yoshli Bridjet uchun notoʻgʻri kiyim kiyish bolalik xotiralarini yodga solishi mumkin.
DEHTdan aziyat chekadigan bu ayolning aytishicha, koʻpchilik noqulay kiyimning taʼsiriga yetarlicha baho bermaydi.
«Men uchun, agar biror narsa noqulay tuyulsa, u miyamda shovqin solayotgandek tuyuladi», — deydi u.
«Bolaligimda menga noqulay boʻlgan kiyimlarni majburan kiydirishganini eslayman. Bu xuddi miyamning orqa tomonida kun boʻyi arimaydigan juda baland va agressiv oq shovqin bordek tuyulardi.»
Uning boshdan kechirganlari oʻz bolalarining sensor ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishiga yordam berdi.
Bolalikdagi kiyim bilan bogʻliq qiyinchiliklar Bridjetga oʻz bolalarining sensor ehtiyojlarini tushunishga yordam berdi
Ota-onalar BBC'ga maʼlum qilishicha, muammolar koʻpincha bolalar kiyinishga va maktabga shoshilayotgan tigʻiz ertalabki vaqtda yaqqol koʻzga tashlanadi.
13 yoshli qizi disleksiya, autizm va DEHTdan aziyat chekadigan Anjela uchun maktab formasi alohida muammoga aylangan.
«Qizim bir narsadan xavotirlansa yoki bezovta boʻlsa, undagi sensor muammolar yanada yaqqolroq namoyon boʻladi», — deydi u.
«Paypoqlar, kiyimlarning orqa tomonidagi, ayniqsa boʻyin qismidagi yorliqlar muammo tugʻdiradi, u qoʻltiq osti haddan tashqari tor boʻlishini yoqtirmaydi.»
Anjelaning ishonishicha, qatʼiyroq forma talablari vaziyatni yanada ogʻirlashtirishi mumkin.
«Formaga boʻlgan talablar ancha qattiqlashib ketdi», — deydi u. «Bu xavotirni oshiradi, bu esa oʻz navbatida sensor muammolarni kuchaytiradi.»
Anais Lombard qizi baʼzi kiyimlar tufayli qiynalganidan soʻng yillab matolarni tadqiq qildi
Baʼzi odamlar uchun bu qiyinchiliklar katta yoshda ham davom etadi.
Nyunitondan boʻlgan hamshira Naomi Potterga deyarli bir yil oldin DEHT tashxisi qoʻyilgan. Ikkinchi farzandi tugʻilganidan va tugʻruqdan keyingi depressiya tashxisi qoʻyilganidan soʻng, u hatto kiyinish ham muammoning bir qismiga aylanganini angladi.
«Oʻzim chiday olmaydigan darajaga yetgunimcha bu bilan hech qachon qiynalmagan edim», — deydi u.
«Hamma narsa shu darajada ogʻirlik qila boshladiki, hatto kiyimlarim ham gʻashimga tegardi va men kiyinishni xohlamasdim.»
Yechim izlab, u oʻzi uchun kiyishga qulay boʻlgan kiyimlarni loyihalashtirishni boshladi. Loyiha oxir-oqibat uning shaxsiy CalmHaus kiyim-kechak kompaniyasiga aylandi.
Muqobil variantlarni yaratishga harakat qilayotgan faqat Potter emas.
Londonlik ona Anais Lombard qizining baʼzi matolar tufayli qiynalayotganini payqagach, yillab matolarni tadqiq qildi. Izlanishlar oxir-oqibat uni sensor qulaylikka ega bolalar pijamalarini ishlab chiqaruvchi Morning Marvels brendini ishga tushirishga olib keldi.
«Juda kichik yoshligidan beri unga yoqmaydigan muayyan matolar borligini payqadik», — deydi u.
Zara uchun xabardorlikni oshirish amaliy yechimlarni topish kabi muhimligicha qolmoqda.
U aholining bu boradagi tushunchasi kengayishi, koʻpincha yopiq eshiklar ortida yashirin qolgan bunday holatlar tufayli boshqa oilalar oʻzlarini yakkalanib qolgandek his qilmasligiga yordam beradi, deb umid qiladi.
«Farzandingiz yagona shunday kurashayotgan odamdek tuyulishi juda achchinarli», — deydi u.
«Bu boʻyicha yetarlicha maʼlumot berilmayapti.»

