Mahalliy

Nikoh shartnomasi tuzishda davlat boji undirish bekor qilinishi mumkin

Nikoh shartnomasi tuzilganda davlat boji olish bekor qilinishi mumkin

Oʻzbekistonda rasmiy nikohni qayd etish uchun davlat boji undirish bekor qilinishi ehtimoli bor. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilnoza Kattaxonova 11-sentyabr kuni Senat majlisida maʼlum qildi.

Hukumat vakilining soʻzlariga koʻra, oilaviy munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga oid qonun loyihasi tayyorlangan. Hujjat hozirda Prezident administratsiyasiga kiritilgan. Qonun doirasida bir qator oʻzgarishlar bilan birga nikohni qayd etishda qulaylik yaratish ham koʻzda tutilmoqda.

“Nikoh shartnomasi tuzilganda, nikohlanuvchilarni nikoh qayd etilgani uchun davlat boji toʻlashdan ozod etish taklif qilinmoqda. Bundan maqsad — nikoh shartnomasi tuzishni targʻib qilishdan iborat”, dedi bosh vazir oʻrinbosari.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, nikohni qayd etganlik uchun olinadigan davlat boji bazaviy hisoblash miqdorining 20 foiziga, yaʼni 88 ming soʻmga teng.

Soʻnggi yillarda mamlakatda nikohlar soni sezilarli kamayib bormoqda. Masalan, 2026-yil yanvar-iyun oylarida 92,3 mingta nikoh qayd etilgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning shu davrida 95,3 mingta, 2024-yilning birinchi yarmida esa 97,4 mingta boʻlgan. Statistika qoʻmitasi tahlillariga koʻra, 2022-yil yanvar-iyun oylarida tuzilgan nikohlar soni qariyb 108,9 mingta edi.

Dilnoza Kattaxonova voyaga yetmaganlar nikohi, homiladorligi va tugʻrugʻi holatlari yuzasidan ichki ishlar organlarini xabardor etishga doir hukumat qarori loyihasi ham ishlab chiqilganini aytdi.

“Yaqin kunlarda qonun kuchga kirishi kutilmoqda. Bunday holat haqida xabar berish majburiyati yuklangan mansabdor shaxs yoki xodim tomonidan ichki ishlar organlariga xabar berilmagani uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham ishlab chiqildi. Senat tavsiyasi asosida profilaktika uch bosqichli tizimga oʻtkaziladi. Yaʼni, mahallada xavf guruhidagi oila aniqlanib, ota-ona bilan manzilli ishlanadi. Tumanda maktab, mahalla, sogʻliqni saqlash, bandlik va huquq-tartibot organlari ishtirokida idoralararo ish tashkil etiladi. Oilaga psixolog, yurist va ijtimoiy yordam xodim yordami koʻrsatiladi. Hududlarda esa har bir tuman va mahalla boʻyicha erta nikoh xavfi indeksi joriy qilinib, yagona monitoring tashkil etiladi”, dedi qoʻmita raisi.

Dilnoza Kattaxonovaning taʼkidlashicha, bu masalada yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar faollari maktablarda profilaktik suhbatlar oʻtkazishni boshlaydi.

Bundan oldin nikoh yoshiga yetmaganlarga faqat ikkita uzrli sabab bilan oila qurishga ruxsat berilishi xabar qilingandi. Oʻz navbatida erta nikoh qurganlar, ularning ota-onalari va nikoh oʻqigan diniy soha vakillariga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish belgilanmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.