Oraliq saylovlar natijasi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, partiya oʻzlarining nimani himoya qilishlari va ularni kim ifoda etishi kerakligi borasida murakkab savollarga duch kelmoqda.

Demokratlar oʻzlik inqiroziga duch kelmoqda va buning oddiy davosi yoʻq
Jeyms Stivens oʻzini demokratik sotsialist deb taʼriflaydi. 24 yoshli kino yoʻnalishi talabasi boʻlgan bu yigit olti yil oldin, «siyosatda tanilishidan avval» provokatsion soʻlchi onlayn sharhlovchi Hasan Pikerni tomosha qilganini eslaydigan demokratlar toifasidandir. Oʻtgan yili Jeyms Zohran Mamdanining merlik kampaniyasida tashviqot olib borish uchun Jorjiyadagi uyidan Nyu-York shahriga safar qildi.
Uning 56 yoshli onasi Tamara ham sodiq demokrat, ammo boshqacharoq qarashga ega. U Barak Obamani Opra shousida koʻrib, partiyasini oʻzgartirgunga qadar respublikachilar ruhiyatida tarbiyalangan. Bugungi kunda u reproduktiv huquqlarni qoʻllab-quvvatlaydigan, saylovoldi mitinglariga boradigan va mahalliy nomzodlarga moliyaviy yordam beradigan partiyaning ishonchli tarafdoridir.
Ona va oʻgʻil ikkalasi ham kelgusi seshanba kuni boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlarda Demokratlar Kongressda nazoratni qoʻlga kiritishini xohlaydi, ammo ular Demokratik partiyaning kelajagi qanday boʻlishi kerakligi borasida toʻliq bir fikrda emas.
«Demokratlarning koʻplab insonlarga foyda keltirmaydigan respublikachilar siyosatiga yon berishidan juda charchadim», — dedi Jeyms menga, onasi tinglab turganda. «Demokratlar uchun jurʼatli qarash kerak», deydi u va partiya Demokratik sotsialistik Amerika (DSA) deb nomlangan soʻlchi ajralgan guruh bilan bogʻliq siyosatni qabul qilishi kerakligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, bu antitsionizm, siyosatdan korporativ pullarni chiqarib tashlash va davlat tomonidan boshqariladigan bepul sogʻliqni saqlash tizimini anglatadi.
Vashingtonda qabul qilingan umumiy fikrga koʻra, kelasi haftadagi ovoz berishdan soʻng Demokratlar Vakillar palatasida va ehtimol Senatda ham gʻalaba qozonish uchun mustahkam pozitsiyaga ega.
Asosiy sharoitlar Demokratlar foydasiga ishlamoqda — Respublikachi AQSh Prezidenti Donald Trampning reyting darajasi oraliq saylovlarga kirib borayotgan prezident uchun rekord darajada past boʻlib, 2006 yildagi soʻnggi muddatida Jorj Bushning koʻrsatkichi bilan bir xil darajada; Eron urushi hali ham hal qilinmagan va amerikalik saylovchilar orasida ommabop emas; bu esa yonilgʻi narxlarining oshishiga olib keldi va turmush darajasi narxidan xavotirda boʻlgan saylovchilarni yanada dargʻazab qildi. Anʼanaga koʻra, oraliq saylovlar amaldagi prezidentga nisbatan referendum vazifasini oʻtaydi. AQShdagi oxirgi 20 ta oraliq saylovlarning 18 tasida hokimiyatdagi partiya Vakillar palatasidagi oʻrinlarini boy bergan.
Shunga qaramay, Demokratik partiya ham butun mamlakat boʻylab ommabop emas. Real Clear Politics soʻrovnomalari oʻrtacha koʻrsatkichi shuni koʻrsatadiki, amerikaliklar Demokratlarni Respublikachilardan salgina yaxshiroq deb biladi. Yaqinda oʻtkazilgan soʻrovnomalar hali ham amerikaliklar orasida Demokratik partiyaning sof salbiy reytingga ega ekanini koʻrsatmoqda. Siyosiy tahlilchilarning taʼkidlashicha, agar Respublikachilar kutilmalarni yoʻqqa chiqarib, ushbu oraliq saylovlardan omon chiqishsa, buning asosiy sabablaridan biri — Demokratik partiya yoki Demokratik brend amerikalik saylovchilarning koʻpchiligiga yoqmasligidir.
Ushbu seshanba kuni qaysi partiya yoki qaysi nomzodlar gʻalaba qozonishi haqidagi sarlavhalardan tashqari, ushbu saylov mavsumi Demokratik oʻzlik haqida ham hikoya qiladi. Bu institutsionalistlar va islohotchilar, bosqichma-bosqich oʻzgarishlarni xohlaydiganlar va keng qamrovli oʻzgarishlarni talab qiluvchilar oʻrtasidagi kurashdir. Savol shundaki, uzoq muddatda kim ustun keladi.
Men oxirgi 12 yil davomida AQShdagi har bir milliy saylovni yoritganman va bunisi favqulodda holatdir. Donald Trampning birinchi muddatida 2018 yilgi oraliq saylovlar oldidan saylovchilardan intervyu olganimda, koʻplab demokrat saylovchilarning prezidentga qarshi chiqishda qanchalik jipslashgani meni hayratda qoldirgan edi. Bu safar men birlik koʻrinishi ostida kurash kuchayib borayotganini payqadim.
Davomiy ravishda Demokratik partiya nimani himoya qilishi haqida savollar mavjud va bu kelishmovchiliklar ushbu oraliq saylov tsiklidagi praymeriz paytida yuzaga chiqdi. «Partiyaning oʻzligi ancha mavhum», dedi markazchi-oʻngchi aqliy markaz — Amerika Tadbirkorlik Institutining toʻngʻich ilmiy xodimi Ruy Teysheyra. «Bularning barchasi Tramp maʼmuriyatiga boʻlgan munosabat va maʼmuriyatga qarshi termostatik munosabatdan foydalanishga qaratilgan... Bundan tashqari, partiyada ushbu turli xil fraktsiyalar mavjud».
Demokratik ichki kurashning sabablaridan biri shundaki, Jo Baydenning saylovga bir necha oy qolganda toʻsatdan chiqib ketishi va Kamala Xarrisning nomzod qilib koʻrsatilishidan soʻng, partiya 2024 yilgi prezidentlik poygasida bu bahsni olib borish imkoniyatiga ega boʻlmadi.
Tahlilchilarning fikricha, Demokratlar saylov kechasida katta gʻalabalarga erishgan taqdirda ham, bu Kongressda oʻrinlarni egallash yoki 2028 yilgi prezidentlikka qarab intilishda oʻzlarining «katta soyaboni»ni saqlab qalishga harakat qilar ekan, chuqurroq hal qilinmagan savollarni hal etmaydi.
Oddiy qilib aytganda, boʻlinish partiyaning markazchi, moʻʼtadil qanoti va uning soʻl qanoti oʻrtasida. Ammo ekspertlar va tahlilchilarning aytishicha, bu shuningdek institutsionalistlar va mavjud institutlarni butunlay agʻdarib tashlashni xohlaydiganlar oʻrtasidagi boʻlinishdir. Ikkala tomon ham saylovchilar haqiqatan ham nimani xohlayotganini yaxshiroq tushunishiga ishonadi.
Taniqli soʻlchi guruh — «Adolatli Demokratlar» aʼzosi Usama Andrabi Respublikachilar Kongressi va prezidentining hokimiyatga kelishida Demokratik elitani ayblaydi. «Shuning uchun menimcha, bizni bu tartibsizlikka yetaklagan odamlar shunchaki bizni undan olib chiqadigan odamlar boʻlolmaydi», dedi u menga.
«Hamyonboplik inqirozi... juda katta va u kichik oʻzgarishlar bilan hal boʻlmaydi», deya qoʻshimcha qildi u. Buning oʻrniga, uning aytishicha, bu masala umumiy sogʻliqni saqlash va bolalar parvarishi kabi siyosatlar orqali hamda «cheksiz urushlarni» toʻxtatish uchun Pentagon byudjetini qisqartirish evaziga pullarni qayta yoʻnaltirish orqali hal qilinadi. Uning tashkiloti 2017 yilda Vakillar palatasidagi eng soʻl fraktsiya — Aleksandriya Okasio-Kortes va Ilhan Omar kabi shaxslarni oʻz ichiga olgan va «Skuad» nomi bilan tanilgan Kongress aʼzolarini yollash va qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan.
Aleksandriya Okasio-Kortes progressivlar orasida muntazam ravishda ommabop boʻlib qolmoqda
Partiyalar oʻrtasidagi raqobatni kuzatib boruvchi xolis byulleten — Cook Political Report bosh muharriri Kerri Dannning aytishicha, sogʻliqni saqlash ushbu kurashdagi asosiy jang maydonlaridan biri boʻlishi mumkin.
«Loaqal shaffoflikni oshirish, sogʻliqni saqlash xarajatlari nega bunchalik yuqori ekanini koʻproq tushunishga boʻlgan talab juda katta», dedi Dann. «Bitta ngoʻr notoʻgʻri qadam tashlab, oyogʻingizni sindirib oling va mavjud sogʻliqni saqlash tizimi sababli amerikaliklarning katta qismi oʻz dunyosi agʻdar-toʻntar boʻlib ketganini koʻradi».
Ushbu saylov tsiklidagi bir nechta Demokratik nomzodlar allaqachon tibbiy sugʻurtasi boʻlgan odamlar uchun «yonidan toʻlanadigan» xarajatlarni kamaytirish yoʻllarini taklif qilishdi — muntazam sugʻurta toʻlovlariga qoʻshimcha toʻlovlar Amerika sogʻliqni saqlash tizimining odatiy qismidir. Ammo partiyaning boshqa bir qanoti bosqichma-bosqich islohotlardan charchagan va foydalanish nuqtasida bepul boʻlgan milliy sogʻliqni saqlash tizimini — «Hamma uchun Medicare»ni xohlaydi.
Soʻnggi soʻrovnomalar shuni koʻrsatadiki, Demokratlarning koʻpchiligi bunday sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlaydi, Respublikachilarning koʻpchiligi esa unga qarshi.
Ammo baʼzi Demokratlar bu masala murakkabroq ekanini taʼkidlashadi.
«Odamlar umumiy sogʻliqni saqlash tizimiga ega boʻlishni xohlaydilar, shuningdek, oʻzlarining tibbiy sugʻurtasini saqlab qolishni ham xohlaydilar», deydi Jo Baydenning sobiq ichki siyosat boʻyicha maslahatchisi, hozirda liberal aqliy markaz — Amerika Taraqqiyoti Markazining bosh direktori Nira Tanden.
Asosiy oqimdagi Demokratlar koʻpchilik sogʻliqni saqlashni huquq deb bilishini tan olishadi, ammo boshqalar parvarish standartlarining pasayishidan qoʻrqib, toʻliq davlat tomonidan boshqariladigan dasturga keskin qarshi ekanini va xususiy tibbiy sugʻurtani saqlab qolish imkoniyatini xohlashlarini aytishadi.
Tibbiy xarajatlar hamma sohada oshdi — tibbiy sugʻurta va yonidan toʻlanadigan tibbiy xarajatlar, shifoxona xarajatlari va retsept boʻyicha beriladigan dori-darmonlar narxi soʻnggi yillarda inflyatsiyadan tezroq oʻsdi. Tibbiy xarajatlar oshgani sayin, soʻrovnomalar umumiy sogʻliqni saqlash tizimi ilgari tuyulganidek haqiqatdan yiroq emasligini koʻrsatmoqda va ushbu saylovoldi kampaniyasi tsikli siyosatchilar uchun uni ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlash ancha kamroq taqiqlanganini koʻrsatdi.
Jorjiyaga qaytsak, bu Tamara va Jeyms bir fikrda boʻlgan masaladir — ular umumiy sogʻliqni saqlashni xohlashadi.
Ammo ularning eng chuqur kelishmovchiligi Isroil boʻyichadir. Tamara oʻzini sionist deb taʼriflaydi. «Bolalarim buni aytganim uchun mendan achchiqlanishadi», dedi u.
Va ular bu bahsni olib borayotgan yagona demokratlar emas.
Abdul El-Sayedning poygasi yoʻnaltiruvchi omil sifatida koʻrilmoqda
Cook Political Report vakili Dannning aytishicha, ushbu saylov tsiklining eng katta saboqlaridan biri shundaki, Demokrat saylovchilar nafaqat Trampga qarshi kurashishga tayyor nomzodlarni, balki elitaga chaqiriq tashlashga tayyor nomzodlarni ham izlashmoqda. Dann muhim tebranuvchi shtat boʻlgan Michiganga ishora qiladi, u yerda praymerizda Isroil va uning Gʻazodagi harakatlarining ashaddiy tanqidchisi Abdul El-Sayed Demokratik elitaning eʼtirozlariga qaramay oldinga chiqib oldi.
«Menimcha, buning sabablaridan biri shundaki, u nafaqat Donald Trampga qarshi kurashish, balki Demokratik elitaga... umuman Vashington elitasiga qarshi kurashish haqida gapirgan edi», dedi u. Va elitaga qarshi bu kayfiyatning bir qismi AQShning Isroilga boʻlgan yordami bilan bogʻliq.
2024 yilda Bayden Gʻazodagi Isroil harakatlarini juda kuchli qoʻllab-quvvatlaydi deb hisoblab partiyani tark etgan baʼzi kishilar endi El-Sayedning qatʼiy pozitsiyasidan ruhlanib qaytishmoqda.
«Mening qizil chizigʻim Gʻazo boʻlgan», dedi Michigandagi arab-amerikalik faol Samra Luqmon. U oxirgi prezidentlik saylovida onda Demokratlar tomonidan xoinlik qilinganini his qilib, Trampga ovoz bergan edi.
«2023 va 2024 yillar ushbu jamiyatga bu masalada endi boʻshashmasligimiz haqida haqiqiy saboq berdi. Faqat Gʻazo yoki hech narsa», dedi u menga. «Agar siz Gʻazo, Isroil va Falastin boʻyicha yaxshi boʻlmasangiz, bizga keragingiz yoʻq. Partiyangizdan qatʼi nazar, lavozimda boʻlishingiz shart emas va sizga ovoz berishimiz shart emas».
Isroilni qoʻllab-quvvatlash partiya ichidagi asosiy masalaga aylandi
Ammo El-Sayed saylovchilarni ruhlantirgan boʻlsa-da, u boshqalarni, ayniqsa Isroilni qoʻllab-quvvatlashni AQShdagi yahudiylar xavfsizligi bilan bogʻliq deb biladigan va 7 oktyabrdagi HAMASning qonli hujumlaridan soʻng oʻz partiyalarida antisemitizm oshganiga ishonadigan baʼzi kishilarni oʻzidan uzoqlashtirdi.
Zak Nessel ana shunday Demokratlardan biridir. Va u siyosiy boshpanasiz boʻlib qolishdan tobora xavotirlanmoqda.
«Bizda sionistlar partiyamizda oʻringa ega boʻlmasligi, ular partiyadan chiqarib yuborilishi kerak deb hisoblaydigan odamlar bor», dedi Nessel menga. «Va faxrli sionist sifatida, men Yaqin Sharqdagi aynan shu bitta masala sabab Demokratik koalitsiyadan chiqarib yuborilishini xohlamayman».
Isroilni qoʻllab-quvvatlash bu mavsumda baʼzi Demokratik praymerizlarda oʻziga xos sinovga aylandi, bu esa uzoq vaqtdan beri nufuzli boʻlib kelgan lobbi guruhi — Amerika-Isroil Jamoatchilik bilan Aloqalar Qoʻmitasiga (AIPAC) qarshilikning ortishiga olib keldi.
Ammo Dannning aytishicha, sinov faqat Isroil emas, balki El-Sayedning poygasining oʻzidir.
«Abdul El-Sayedning pozitsiyasi shundaki, u 'binafsha rangli' shtatda ['qizil' Respublikachilar va 'koʻk' Demokratlar oʻrtasida tebranib turadigan shtat] ochiqchasiga progressiv sifatida nomzod boʻlishi va gʻalaba qozonishi mumkin, chunki progressiv gʻoyalar toʻgʻri yetkazilsa, ommabop boʻlibgina qolmay, balki siyosiy jarayonning odatiy qismi boʻlmagan saylovchilarni, ayniqsa yoshlarni faollashtiradi», dedi u.
Agar u gʻalaba qozonsa, soʻlchi nomzodlar buni namuna sifatida koʻrishadi, deya qoʻshimcha qiladi u. Agar u yutqazsa, partiyaning markazchiroq qanotidagi Demokratlar buni soʻlchi gʻoyalar asosiy saylovchilar bilan hamnafas emasligining isboti sifatida koʻrishadi.
Ammo markazchi aqliy markaz — Third Way vakili Jim Kessler kabi boshqalar Michigan asosiy eʼtibor markazi boʻlmasligi kerak deb hisoblashadi. Uning taʼkidlashicha, agar Demokratlar Senatda gʻalaba qozonishsa, bu markazchiroq nomzodlar sababli boʻladi: Shimoliy Karolinada Roy Kuper, Alyaskada Meri Peltola, Texasda Jeyms Talariko, Ayovada Josh Turek, Kanzasda Adam Hamilton. Uning aytishicha, aynan ular bu tsiklda Demokratlarning imkoniyatlarini yaxshilamoqda. «Shunday qilib, Demokratlarning gʻalabasi qanchalik katta boʻlsa, bu DSA nomzodlari emas, balki markazchi Demokratlar sababli boʻlgandek koʻrinadi», dedi u.
DSA tomonidan qoʻllab-quvvatlangan nomzodlar ushbu saylov tsiklidagi praymerizlarda yutuqlarga erishdilar, ammo ularning gʻoyalari koʻpchilik uchun bahsli boʻlib qolmoqda.
«Men... Amerikadagi ishchilar sinfining katta qismi kichik sotsialistlar deb oʻylamayman», dedi Tanden menga DSA tarafdorlarining aksariyati oliy maʼlumotli saylovchilar ekanini koʻrsatadigan hisobotlarga ishora qilib.
«Ishchilar sinfi jinoyatchilik va immigratsiya kabi masalalarda ancha moʻʼtadildir», deya qoʻshimcha qildi u.
Shunday boʻlsa-da, agar Demokratlar koʻpchilikni qoʻlga kiritsa, ularning Kongressdagi yetakchilari eng baland ovozdagi va eng soʻlchi ovozlar yanada koʻzga tashlanadigan partiyani boshqarishlariga toʻgʻri keladi.
«Demokratlarning eng katta vazifasi — iqtisodiyotni yaxshiroq boshqarish va narxlarni hamyonbop qilish boʻyicha vaʼdalarini qanday qilib amalda bajarishni aniqlashdir, chunki ular buni amalga oshirishlarini qayta-qayta va juda baland ovozda aytishgan», dedi Teysheyra.
Ehtimol, odamlar oraliq saylovlarning ertasi kuniyoq keyingi prezidentlikka nomzod haqida jiddiy oʻylashni boshlaydilar.
Xoʻsh, haqiqiy ustunlik kimda: soʻl qanotdami yoki markazda?
«Menimcha, saylovdan soʻng biz gʻalabani oʻz nomiga rasmiylashtirish uchun fraktsiyalar oʻrtasida koʻplab kurashlarni koʻramiz», dedi Teysheyra. «Va bu, albatta, 2028 yilgi prezidentlik nominatsiyasi uchun kurashga taʼsir qiladi».
Jorjiyaga qaytsak, Tamara va Jeyms baʼzi masalalarda kelishmasliklari mumkin, ammo ularning ikkalasi ham seshanba kuni Demokratlarning uzil-kesil gʻalaba qozonishini xohlashadi.
«Progressiv siyosatga kelganda men juda pragmatik odamman», dedi Jeyms. U DSA aʼzolari ishonadigan hamma narsaga qoʻshilavermasligini aniq aytmoqchi.
Ushbu oraliq saylov tsiklining juda koʻp qismi nomzodning sifatiga bogʻliq boʻldi — nafaqat murojaatga, balki murojaatni yetkazuvchiga ham. Shuning uchun men ona va oʻgʻildan ularning «ideal» demokrati kimligini soʻradim.
Tamara darhol Jorjiyada qayta saylanishga intilayotgan Demokrat senator Jon Ossoffning nomini tilga oldi.
Jon Ossoff Jorjiyada diqqat bilan kuzatilmoqda
Bu ular kelishadigan yagona nuqta. Ularning ikkalasiga ham Jorjiya senatori juda yoqadi.
Ossoff oʻz partiyasida chiqib kelayotgan yulduz sifatida keng eʼtirof etiladi. U himoya qilayotgan oʻrin Cook Political Report tomonidan «ehtimoliy Demokratik» deb taʼriflangan — tahlilchilarning aytishicha, bu 2024 yilda Trampga ovoz bergan tebranuvchi shtatda hayratlanarli natijadir.
«U moʻʼtadil Respublikachilar, moʻʼtadil Demokratlar va DSA aʼzolari bilan qanday gaplashishni biladi», dedi Tamara. «U hech narsani yashirishdan qoʻrqmaydi... Uning korruptsiya haqida qanchalik koʻp gapirishini qadrlayman».
Toʻrtshamba kechasi u sobiq prezident Barak Obama Demokratlar uchun tashviqot olib borayotganda senatorni qoʻllab-quvvatlash uchun Atlanta chekkasidagi mitingga yigʻilgan minglab odamlarga qoʻshildi.
Ossoff mikrofonni olganida, u Tramp maʼmuriyatidagi hamda Amerika siyosati, sogʻliqni saqlash va korporativ pullardagi «korruptsiya» deb bilgan narsalari haqida batafsil gapirdi.
Men Jorjiyadagi saylovchilardan bu xavotirni oʻtgan haftada nafaqat saylovoldi mitingida, balki Respublikachilar va Demokratlar okruglaridagi muddatidan oldin ovoz berish joylarida ham eshitdim.
«Bizda korruptsiya inqirozi bor», dedi Richard Skoski shimoliy Atlantadagi ovoz berish kabinasini tark etar ekan. Oq uy har qanday huquqbuzarlikni qayta-qayta inkor etgan boʻlsa-da, bu masala saylovchilar orasida kuchli aks-sado berayotgandek koʻrinadi.
Aslida, Cook Political Report vakili Dann «korruptsiya ushbu saylovning markaziy masalalaridan biriga aylanganini» aytadi.
Shunda ham, deya qoʻshimcha qildi u, «Demokratlar noyabr oyidagi juda yaxshi kechani Demokratik partiya uchun mandat deb ishonishsa, ahmoqlik qilgan boʻlishadi», dedi Dann.
«Ular Respublikachilar va prezident kabi deyarli ommabop emas».

