Demokratlar Trampning Epşteyn bilan aloqalarini tekşirişni talab qilişdi
AQŞ Kongressi Vakillar palatasi yuridik qömitasidagi demokratlar Donald Trampni zörlaş yoki jinsiy zöravonlikda ayblagan beş nafar ayol haqidagi hisobotni eʼlon qildi. Oq uy esa hisobotni siyosiy maqsadlarda uyuştirilgan deb atadi.

Demokratlar Trampning Epşteyn bilan aloqalarini tekshirishni talab qildi
AQSh Kongressi Vakillar palatasi yuridik qo‘mitasidagi demokratlar 26-oktabr kuni 53 sahifalik hisobotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, besh nafar ayol prezident Donald Trampni zo‘rlash yoki jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan.
Miami Herald xabariga ko‘ra, hisobotda Trampga nisbatan kamida bitta yangi ayblov ham keltirilgan. Sobiq «Shveysariya go‘zali» Beatris Koylning aytishicha, 1993-yilda Nyu-Yorkdagi go‘zallik tanlovi vaqtida Tramp uni Plaza mehmonxonasida zo‘rlagan. Shundan so‘ng ayolning tanasida qontalash va ko‘karishlar qolgan.
Hisobotda jami 11 nafar ayol tilga olingan. Ularning besh nafari gazetalarga bergan intervyulari, sud da’volari yoki bevosita qo‘mita vakillari bilan suhbatlarda Tramp tomonidan zo‘rlash yoxud jinsiy zo‘ravonlik sodir etilganini ma’lum qilgan. Yana uch nafar ayol FQB xodimlariga Epşteyn ishtirokida Tramp bilan bo‘lgan uchrashuvlari haqida so‘zlab bergan. Qolgan uch nafari esa jamoatchilikka ochiq bayonot bermagan, hisobotda ularning ko‘rsatmalari o‘rniga Epşteyn ishi materiallaridan foydalanilgan. Ehtimoliy voqealarning aksariyati 1990-yillarda sodir bo‘lgan.
Mualliflar prezidentga nisbatan jinoiy tergov o‘tkazishga va maxsus prokuror tayinlashga chaqirmoqda.
Oq uydagilar hisobotni siyosiy maqsadlarda uyushtirilgan deb atadi. Tramp Epşteyn bilan bog‘liq jinoyatlarga har qanday aloqadorligini rad etmoqda va bu mojaroni «soxtalashtirish» deb atamoqda.
Yanvar oyida Adliya vazirligi Trampga qo‘yilgan shunday ayblovlarni rad etgan edi: «Aniqlik kiritish uchun aytamizki, bu ayblovlar asossiz va yolg‘ondir. Agar ularda zarracha haqiqat bo‘lganida edi, ulardan allaqachon prezident Trampga qarshi foydalanishgan bo‘lardi».

