Tramp Oyni “o‘zlashtirib oldi”

Tramp Oyni “o‘zlashtirib oldi”
AQSH prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida Oy Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli ekanini da’vo qildi.
“Oy bizniki”, deyiladi postda.
Amerika bayrog‘i tushirilgan ushbu suratda fonida Yer ko‘rinib turgan Oy tasvirlangan. “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Britaniya Kolumbiyasi universitetining astronomiya bo‘yicha faxriy professori Jeymi Mettyus kimningdir Oyga da’vosi qonuniy asosga ega emasligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Oy hammaga umumiy va hatto AQSHning Oyga qo‘ngani ham bu mamlakatga tabiiy yo‘ldoshga da’vo qilish huquqini bermaydi.
“Oy kimnikidir bo‘la olmaydi. Bu haqda Koinot haqidagi shartnomada aytilgan”, deb tushuntirdi professor.
Qayd etilishicha, davlatlarning koinotni, jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyati prinsiplari to‘g‘risidagi shartnoma BMT Bosh Assambleyasining rezolutsiyasi bilan 1966-yil 19-dekabrda qabul qilingan. Hozirda bu hujjatni 118 ta mamlakat qo‘llab-quvvatlagan.
“Koinot, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlari xalqaro huquqqa muvofiq, tenglik asosida hamda hech qanday kamsitishlarsiz barcha davlatlar tomonidan tadqiq qilinishi va foydalanilishi uchun ochiqdir”, deyiladi kelishuvda.
Avvalroq Tramp Oydagi biror obyektga o‘z nomini bermoqchi ekani haqida xabar berilgandi.

