“Netanyahudan ham keskinroq liderlar kelişi mumkin” - Ikromov
Tahlilçilarga köra, Netanyahuning hokimiyatdan ketişi Isroilning mintaqadagi siyosati yumşaşini anglatmaydi. Uning örnini egallaşga daʼvogar siyosatçilar orasida Hamasni butunlay yöq qiliş, Eronga qarşi kuraşni davom ettiriş va Turkiyani ham tahdid sifatida belgilaş tarafdorlari bor. Ayrim masalalarda ular Netanyahudan ham keskinroq pozitsiyada.

“Netanyahudan ham keskinroq liderlar kelişi mumkin” - Ikromov
Demak, Isroilda bosh vazir almashishi ehtimoli bor, ammo bu G‘azo, Eron va Falastin masalalarida yangi urushlar xavfi kamayishini anglatmaydi. Aksincha, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin.
Netanyahu hokimiyatdan ketsa, Isroilning G‘azo, Eron va Falastin davlati masalalaridagi siyosati qanchalik o‘zgaradi?
Farhod Karimov:
Likud va Yaşar partiyalarining dasturlariga qarasak, ular o‘rtasida katta farq yo‘q. Yaşar partiyasini sobiq likudchilar va harbiylar tashkil qilgan. Hozir ham partiyaning asosiy tarkibini sobiq harbiylar tashkil etadi. Ular Eronga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo‘lish pozitsiyasini emas, aksincha, urushni oxirigacha yetkazish kerak, degan qarashni ilgari suradi. Ya’ni muxolifat hokimiyatga kelgan taqdirda ham, Netanyahu bosh vazirlikni boshqa shaxsga, masalan, Ayzenkotga topshirsa ham, ko‘p narsa o‘zgarishi dargumon. Na ichki, na tashqi siyosatda keskin o‘zgarishlar kutiladi.
Chunki hozir g‘oyalar va siyosiy qarashlar kurashidan ko‘ra, shaxslar o‘rtasidagi raqobat kuzatilmoqda. Gap, asosan, Netanyahuni hokimiyatdan ketkazish haqida bormoqda. Bundan tashqari, Ayzenkot blokining o‘zi ham turli siyosiy qarashdagi kuchlarni birlashtirgan: uning tarkibida so‘lchilar ham, markazchilar ham, o‘ngchilar ham bor. Biroq markazchi kuchlarning aksariyati o‘ng markazga moyil. Ularning arablar va Hamas masalasidagi pozitsiyasi ham, umuman olganda, bir-biriga yaqin. Hatto Hamas borasida Ayzenkotning pozitsiyasi Likudnikidan ham keskinroq. U Hamasni butunlay yo‘q qilish va G‘azo masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘yish tarafdori.
Kamoliddin Rabbimov:
Ayzenkot koalitsiyasida “Isroil – bizning uyimiz” partiyasi rahbari Avigdor Libermanning ham borligini bir necha bor ta’kidladik. Libermanning aytishicha, 7-oktabrgacha Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar Hamasga pul bergan, Netanyahu esa bu mablag‘larning Hamasga yetkazilishiga har safar ruxsat bergan. Ya’ni, uning fikricha, Hamasning kuchayishida Netanyahuning ham bevosita ishtiroki bor.
Ayzenkot esa 7-oktabrdan keyin Hamas bilan urushda yaqinlarini yo‘qotgan generallardan biri. Uning nafaqat o‘g‘li, balki boshqa qarindoshlari ham halok bo‘lgan.
Netanyahu esa bu urushda yaqin qarindoshlarini yo‘qotgani yo‘q. Shu sababli Isroil jamiyatida Ayzenkot bir tomondan qasos olishga intiluvchi, ikkinchi tomondan esa siyosiy qarashlarini hali to‘liq ochiqlamagan shaxs sifatida ko‘riladi. Agar u hokimiyatga kelsa, uning asl siyosiy pozitsiyasini, xususan, Falastin masalasi va qo‘shni arab davlatlariga munosabatini yaxshiroq anglash mumkin bo‘ladi. Hozircha bu borada u aniq pozitsiyasini ko‘p ham oshkor qilgani yo‘q. Umuman olganda, partiyalar pozitsiyasida fundamental farq mavjud emas. Hatto Libermanning ayrim masalalardagi rasmiy pozitsiyasi Netanyahunikidan ham o‘ngroq.

