Nepaldagi sel oqibatida 5 mingdan ziyod odam bedarak yoʻqoldi
Qutqaruv operatsiyasi chogʻida 13,8 mingga yaqin kishi qutqarilgan. Kamida 5285 kishi hamon bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida qolmoqda.

Nepalda sel sabab 5 mingdan ortiq odam bedarak yoʻqoldi
Nepal hukumati kamida 1455 kishining umriga zomin boʻlgan dahshatli muzlik koʻchishi va suv toshqinidan keyin boshlangan qidiruv-qutqaruv amaliyoti tugaganini maʼlum qildi.
Nepal Favqulodda vaziyatlar boʻyicha milliy operativ markazi rahbari Fanindra Paudel agentlikka «qidiruv va qutqaruv bosqichidan tiklash bosqichiga» oʻtilayotganini aytdi.
Amaliyot davomida qariyb 13,8 ming kishi qutqarildi. Kamida 5285 kishi hanuz bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida turibdi. Rasmiyga koʻra, ularning oilasi yoki qarindoshlariga sugʻurta, bank va boshqa huquqiy rasmiyatchiliklarni bajarish imkonini berish uchun bedarak yoʻqolganlarni rasman vafot etgan deb eʼlon qilish masalasi allaqachon koʻrib chiqilmoqda.
Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish milliy boshqarmasi rahbari Dharam Raj Upreti esa ehtiyoj tugʻilsa, favqulodda qutqaruv ishlari olib borilishini bildirdi.
26-avgust kuni Nepalning Tibet bilan chegaradosh hududida, Langtang-Lirung togʻidagi muzlikning bir qismi koʻchib ketishi natijasida halokatli suv toshqini yuz berdi. Hosil boʻlgan sellar Nepalning oltita hududida va Xitoyning Tibet muxtor rayonida vayronagarchiliklarga sabab boʻldi. Natijada 12 ta gidroelektr stansiyasi, yoʻllar, koʻpriklar, fermer xoʻjaliklari va aholi punktlari vayron boʻldi.
24-sentabr kuni Nepal bosh vaziri Balendra Shah BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida mamlakat ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun xalqaro yordam hajmini oshirishga juda muhtoj ekanini bildirdi. Hukumat maʼlumotiga koʻra, tiklanish xarajatlari 4,78 milliard dollarga baholanmoqda, bu mamlakat YAIMining qariyb 12 foiziga teng. Faqat energetika obyektlari va elektr tarmoqlarini taʼmirlash uchun 2,58 milliard dollar kerak boʻladi. Nepal hozircha bu mablagʻni qayerdan topishni bilmayapti.

