Nepaldagi fojia Sarezda ham takrorlanishi mumkinmi?

**Nepaldagi fojia Sarezda ham takrorlanishi mumkinmi?**
26-avgust kuni Nepal va Tibet chegarasida yuz bergan tabiiy ofat butun dunyoni larzaga soldi. Muzlikning bir qismi qulab, ulkan muz va tosh massasi daryo vodiysiga tushdi. Natijada daryo vaqtincha to‘silib, keyin hosil bo‘lgan tabiiy to‘siq buzildi va pastga tomon ulkan suv, loy hamda tosh oqimi yopirildi.
Fojia oqibatida 1 341 dan ortiq odam halok bo‘ldi, bedarak yo‘qolganlar soni ham keskin oshib, 5000 kishiga yetdi. Dastlab hodisaga zilzila sabab bo‘lgani taxmin qilingan bo‘lsa-da, AQSH Geologiya xizmati keyinroq qayd etilgan seysmik silkinishning o‘zi muzlik va tog‘ jinslarining qulashidan kelib chiqqanini ma’lum qildi.
Nepaldagi hodisa Markaziy Osiyo, xususan, Tojikistondagi Sarez ko‘li haqida yana bir bor o‘ylashga majbur qiladi. Sababi, Nepaldagi holat Sarezdagi vaziyatga juda o‘xshaydi.
### Sarez ko‘li qanday paydo bo‘lgan?
Sarez — oddiy ko‘l emas. U inson qo‘li bilan qurilgan suv ombori ham emas. Bu ko‘lni tabiatning o‘zi, aniqrog‘i, ulkan tog‘ ko‘chkisi yaratgan. 1911-yilda hozirgi Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida, Pomir tog‘larida kuchli zilzila sodir bo‘ladi.
Zilzila oqibatida ulkan tog‘ massasi qulab, Murg‘ob daryosi vodiysini to‘sib qo‘yadi. Shu tariqa balandligi yuzlab metrga yetadigan Usoy tabiiy to‘g‘oni hosil bo‘ladi va uning ortida vaqt o‘tishi bilan Sarez ko‘li shakllanadi.
Bugungi kunda Sarez ko‘lining uzunligi qariyb 60 kilometr, eng chuqur joyi esa 500 metrdan oshadi. Ko‘lda taxminan 16–18 kub kilometr, ya’ni 16–18 milliard kub metr suv mavjud.
Bu raqamning kattaligini tasavvur qilish uchun oddiy taqqoslash kifoya. Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborining to‘liq sig‘imi — qariyb 2 milliard kub metr. Ya’ni Sarez ko‘lida to‘plangan suv hajmi Chorvoq suv omborining maksimal sig‘imidan taxminan 8–9 baravar ko‘p.
### Nepal va Sarez o‘rtasidagi asosiy o‘xshashlik
Nepalda tog‘ yonbag‘rining bir qismi muzlik va tog‘ jinslari bilan birga suv havzasiga qulab tushishi ortidan yuzaga kelgan jarayon Markaziy Osiyodagi Sarez ko‘li bilan bog‘liq xavotirlarni ham esga soladi. Chunki har ikki holatda ham asosiy xavf — katta hajmdagi tog‘ massasining suv havzasiga qulab, suvni siqib chiqarishi va kuchli toshqin to‘lqinini yuzaga keltirishi bilan bog‘liq.
Nepalda ko‘chki suv havzasiga tushishi natijasida suvning bir qismi havzadan yuqoriga ko‘tarilib, to‘g‘on yoki tabiiy to‘siq ustidan oshib ketgan. Agar bunday jarayon Sarez ko‘lida sodir bo‘lsa, oqibatlari yanada jiddiy bo‘lishi mumkin. Sababi Sarez ko‘li o‘ng qirg‘og‘ida katta hajmdagi tog‘ jinslari ko‘chishi ehtimoli mavjud bo‘lgan hududlardan biri sifatida tilga olinadi.
Bu yerda xavfning mohiyati shundaki, ko‘chkining o‘zi ko‘lga tushganda, u ulkan suv massasini bir zumda siljitishi mumkin. Natijada ko‘l yuzasida kuchli to‘lqin paydo bo‘lib, suvning tabiiy to‘siq — Usoy to‘g‘oni tomon surilishi ehtimoli mavjud. Eng yomon ssenariyda esa to‘lqin to‘g‘on ustidan oshib, uning barqarorligiga putur yetkazishi yoki quyi oqim bo‘ylab katta suv toshqinini yuzaga keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, Pomir tog‘ tizmasi seysmik jihatdan ko‘p zilzila sodir bo‘ladigan hudud hisoblanadi. 2015-yil 7-dekabr kuni Tojikistonda 7,2 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Uning episentri Sarez ko‘lidan taxminan 105 kilometr uzoqlikda joylashgan edi.
Geograf va gidrometeorolog Humoyun Mag‘ripov “Daryo” bilan suhbatda Nepaldagi fojia bilan Sarez ko‘li atrofidagi vaziyatning o‘xshash va farqli jihatlarini tushuntirib, bu ikki hodisani bir-biriga to‘g‘ridan to‘g‘ri taqqoslash o‘rinsiz ekanini ta’kidladi.
“Sarez ko‘li va Nepaldagi fojianing o‘xshash jihati — har ikkala holatda ham ko‘chki yuz berishi natijasida tog‘ vodiysi yopilib qolgan. Farqli jihatlari esa shundaki, Sarezdagi ko‘chki to‘liq tog‘ jinslaridan iborat bo‘lgan. Nepaldagi ko‘chki esa taxminan 20–23 million kub metr muzdan iborat edi. Muz eriydi, tog‘ jinsi esa mustahkam. Sarez ko‘lidagi tabiiy to‘g‘on 115 yildan beri turibdi. Nepaldagi to‘g‘on esa bir kunga ham chidamadi.
Sarez ko‘lining o‘ng qirg‘og‘ida 0,5–0,6 million kub metr atrofidagi tog‘ jinsining siljishi qayd etilgan. Biroq buni Nepaldagi ko‘chki bilan taqqoslash o‘rinsiz. To‘g‘ri, bu siljish vaqt o‘tishi bilan qachondir ko‘chib tushish ehtimoli bor. Lekin ungacha biz falokatning oldini olish uchun tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish imkoniga egamiz. Hech bo‘lmaganda, sensorlar o‘rnatish orqali uning yiliga qancha siljiyotganini kuzatib borishimiz mumkin.
Shuning uchun Sarezni to‘g‘ridan to‘g‘ri Nepal bilan solishtirib bo‘lmaydi. Sarez atrofida yog‘ingarchilik juda kam. Yog‘ingarchilik miqdori kam bo‘lgani sababli bu hududda toshqin yuz berish ehtimoli ham nisbatan past”, dedi u.
### Sarezda Nepaldagi vaziyat bo‘lsa nima yuz beradi?
Agar Sarez ko‘li atrofida yirik ko‘chki sodir bo‘lsa, uning oqibatlari, avvalo, Tojikiston, shuningdek, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Turkmaniston hududlariga ta’sir qilishi mumkin. Agar ko‘chki oqibatida ko‘ldagi suv to‘g‘ondan oshib ketsa, Bartang daryosining Panj daryosiga quyilish hududida suv sathi 100 metr balandlikka ko‘tarilishi mumkin.
Humoyun Mag‘ripov, shuningdek, Sarez ko‘li bilan bog‘liq favqulodda ssenariy yuz bergan taqdirda qaysi hududlar xavf ostida qolishi mumkinligini ham aytib o‘tdi.
“Avvalo, bunday holat hech qachon kuzatilmasin. Ammo agar ko‘chki yuz bersa, birinchi navbatda to‘g‘onga yaqin joylashgan Barchilov qishlog‘i xavf ostida qoladi. Tog‘li hududlarning o‘rta oqimlari juda tik bo‘lgani sababli suv sathi dastlab baland bo‘lishi mumkin. To‘g‘onning yuqori qismida suv balandligi 50–100 metrga yetishi ehtimoli bor. Biroq o‘zan kengaygani sari suv sathi pasayib boradi. Suv toshqini esa yarim metr balandlikda Orol dengizigacha yetib borishi mumkin.
Sarez ko‘li atrofida falokat yuz bersa, uning ta’siri bir mamlakat bilan cheklanib qolmaydi. Bunday hodisa Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Afg‘oniston hududlariga ta’sir qilishi mumkin.
O‘zbekistonda birinchi navbatda Surxondaryo viloyati xavf ostida qoladi. Suv Qashqadaryo viloyatiga yetib bormasligi mumkin, biroq Amudaryodan suv oluvchi Amu-Qarshi kanali orqali viloyatning irrigatsiya tizimiga zarar yetkazishi ehtimoli bor. Shuningdek, Buxoro viloyatining Amudaryoga tutash hududlariga ham suv chiqishi mumkin. Eng katta ta’sir esa Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilishi ehtimoldan xoli emas”, dedi mutaxassis.
### Sarez atrofidagi o‘rganishlar
Sarez ko‘li atrofidagi xavf-xatarlarni o‘rganish va monitoring qilish so‘nggi yillarda Tojikiston hamda xalqaro hamkorlar uchun muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Bu boradagi ishlar nafaqat ko‘lning o‘zini, balki uning atrofidagi tog‘ jinslari, yuqori qismdagi ko‘llar va ehtimoliy ko‘chki jarayonlarini ham qamrab olmoqda.
Xususan, 2021-yilda Sarez ko‘li uchun monitoring va erta ogohlantirish tizimi ishga tushirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilgan loyiha doirasida ko‘lning suv sathi va boshqa xavf ko‘rsatkichlarini kuzatish, favqulodda vaziyat yuzaga kelganda aholini tezkor ogohlantirish imkonini beruvchi tizim o‘rnatilgan. Tizim 2023-yil holatiga ko‘ra ham faol ishlayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil sentyabrida Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi, Geologiya bosh boshqarmasi va Markaziy Osiyo Ekologiya va atrof-muhitni o‘rganish markazi mutaxassislari Sarez ko‘li va uning yuqori qismida qo‘shma ekspeditsiya o‘tkazdi. Tadqiqot davomida dronlar yordamida aerofotosuratlar olindi, geologik va batimetrik tadqiqotlar olib borildi hamda tog‘ ko‘llaridagi tabiiy to‘g‘onlarning holati baholandi. Markaz bunday tadqiqotlar kelgusida ham davom ettirilishini bildirgan.
Yana bir muhim yo‘nalish — Sarez atrofidagi tog‘ jinslari deformatsiyasini kosmik texnologiyalar yordamida kuzatish. 2025-yil iyunida Tojikiston va Xitoy mutaxassislari Sarez ko‘li hududidagi deformatsiya jarayonlarini Xitoyning BeiDou sun’iy yo‘ldosh tizimi yordamida monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qilgan.
Shu bilan birga, Sarez faqat xavf manbayi sifatida emas, mintaqaning suv resursi sifatida ham o‘rganilmoqda. 2024-yil avgustida Tojikiston va O‘zbekistonning suv resurslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi Sarez ko‘li suvini kelajakda mintaqani toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda foydalanish imkoniyatini muhokama qilgan. Hozircha bu amaliy loyiha emas, balki o‘rganilayotgan va muhokama qilinayotgan istiqbollardan biridir.
Sarez ko‘li bilan bog‘liq xavflarni faqat kuzatishning o‘zi yetarlimi? Ko‘l suv sathini nazorat qilish yoki uni pasaytirish orqali ehtimoliy xavfni kamaytirish mumkinmi? Humoyun Mag‘ripovning ta’kidlashicha, bu masala texnik jihatdan nihoyatda murakkab bo‘lib, hozircha asosiy e’tibor kuzatuv va monitoringga qaratilmoqda.
“Sarez ko‘lining suv sathini pasaytirish va uni boshqarish masalasidagi ishlar juda murakkab kechmoqda. Hozircha bu borada deyarli amaliy ish amalga oshirilmagan, asosan kuzatuv bilan cheklanilmoqda. Chunki ko‘l bilan bog‘liq muammoni amalda bartaraf etishga hozirgi zamonaviy texnologiyalarning ham imkoniyati yetarli emas. Buning asosiy sabablaridan biri — Sarez ko‘lining noqulay hududda, dengiz sathidan 3 000–3 200 metr balandlikda joylashganidir.
Sarez masalasida birgina davlat mustaqil ravishda chora ko‘ra olmaydi. Bu butun Markaziy Osiyoning umumiy masalasi. Hatto Afg‘oniston ham bu jarayonga aloqador. Agar mintaqa davlatlari ushbu muammoni hal qilishni istasa, yagona dastur doirasida o‘z mutaxassislari bilan birgalikda ishlashi, zarur texnologiyalar mamlakatlarning o‘zida mavjud bo‘lmasa, ularni ta’minlay oladigan davlatlar bilan hamkorlikda yechim ishlab chiqishi kerak.
Aslida, Tojikistonning o‘zi ham bu masalada Yevropa Ittifoqiga bir qancha tashabbuslar bilan murojaat qilgan. Ammo vaziyatning murakkabligidan kelib chiqib, ularga hozircha jiddiy e’tibor qaratilmayapti.
Biroq bundan vahimaga tushish ham kerak emas. Sarez ko‘li besh-olti yil oldin paydo bo‘lgan hodisa emas. U 1911-yildan beri mavjud va shu vaqt davomida bir necha tabiiy jarayonlarga bardosh berib kelgan, jumladan, kuchli zilzilalardan biriga ham dosh bergan”, — deya xulosa qildi Humoyun Mag‘ripov.
### Nepal bizga nimani ko‘rsatdi?
Nepaldagi fojiadan olinadigan eng katta saboq shuki, tog‘li hududlarda tabiiy ofatlar qisqa vaqt ichida bir-birini qo‘zg‘atib, zanjirli tus olishi mumkin. Birgina muzlik yoki tog‘ jinslarining qulashi daryo o‘zanini to‘sib, vaqtinchalik tabiiy to‘g‘on hosil qilishi, uning buzilishi esa bir necha daqiqada quyi oqimda halokatli toshqinga sabab bo‘lishi mumkin. Nepalda ayrim hududlarda suv sathi atigi 30 daqiqa ichida 9 metrga ko‘tarilgani ham bunday jarayonlarning naqadar tez rivojlanishini ko‘rsatdi.
Sarez ko‘li bilan bog‘liq vaziyatni ham aynan shu nuqtai nazardan jiddiy o‘rganish zarur. Bu vahimaga sabab emas, balki ehtimoliy xavfga oldindan tayyor turish uchun ogohlantirishdir. Erta ogohlantirish tizimlari, doimiy monitoring, aholini evakuatsiya qilishning aniq rejasi va quyi oqimdagi infratuzilmaning favqulodda vaziyatga tayyorligi — Sarez kabi tabiiy xavf mavjud hududlar uchun eng muhim choralar hisoblanadi.
Nepal fojiasi Sarezga aynan shunday qarash kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi: falokatni kutish emas, uning ehtimolini oldindan o‘rganish va unga tayyor turish kerak.

