Namanganda 5,2 mlrd soʻmlik dori vositalari saqlanayotgan beshta yashirin ombor aniqlandi
Namanganda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tegishli sifat sertifikatlariga ega boʻlmagan dori vositalari saqlanayotgan beshta yashirin omborni aniqladi. Umumiy qiymati qariyb 5,2 mlrd soʻmlik 287 nomdagi 46 mingdan ortiq preparat musodara qilindi.

Namanganda 5,2 mlrd soʻmlik dori-darmonlar saqlanayotgan beshta yashirin ombor aniqlandi
Namanganda keyinchalik sotish maqsadida dori vositalarini noqonuniy saqlashda gumonlanayotgan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qoʻyildi.
Tezkor tadbir DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazildi.
Idora maʼlumotlariga koʻra, Namangan shahrida yashovchi 2002, 1997 va 1987 yillarda tugʻilgan uch nafar fuqaro oldindan til biriktirib, beshta aholi xonadonida yashirin omborlar tashkil etgan.
Ushbu xonadonlarda tegishli sifat sertifikatlariga ega boʻlmagan yirik turkumdagi dori vositalari saqlab kelingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlanishicha, preparatlar xorijda ishlab chiqarilgan va keyinchalik sotish uchun Oʻzbekistonga noqonuniy olib kirilgan.
Tekshiruv davomida 287 nomdagi, jumladan «Erinit», «Gemaza» va «Fenotropil» kabi 46 865 dona dori preparati aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Musodara qilingan dori-darmonlarning dastlabki qiymati 5,2 mlrd soʻmga baholanmoqda.
Barcha preparatlar protsessual tartibda olingan. Aniqlangan mahsulotlar boʻyicha sud-kimyoviy va tovarshunoslik ekspertizalari tayinlandi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning yakunlari boʻyicha protsessual qaror qabul qilinadi.

