Namangan viloyatida yangi 481 metrli koʻprik Norin daryosi qirgʻoqlarini birlashtirdi
Namangan viloyatida Norin daryosi ustidan oʻtuvchi yangi 481,5 metrli koʻprik qurildi. U Uychi, Uchqoʻrgʻon va Norin tumanlarini viloyat markazi bilan bogʻlaydi. Koʻprik yangi 17,5 kilometrlik yoʻlning bir qismidir. Qurilish ishlari 2024 yildan buyon olib borilayotgan edi.

Namangan viloyatida Narin daryosi ustidan oʻtuvchi, qiymati 62 mlrd soʻmlik yangi koʻprik qurilishi yakunlandi. Ushbu koʻprik Uychi, Uchqoʻrgʻon va Narin tumanlarini viloyat markazi bilan bogʻlaydi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasining aniqlik kiritishicha, uzunligi 481,5 metr boʻlgan ikki tasmali koʻprik Oʻzbekiston mustaqillik yillarida daryolar ustida qurilgan eng uzun koʻpriklardan biriga aylandi.
20 ta oraliq tayanchga ega boʻlgan ushbu inshoot Uchqoʻrgʻon va Narin tumanlari aholisining Namangan shahriga yetib olishi uchun bosib oʻtadigan masofasini 20 km ga qisqartiradi.
Bundan tashqari, koʻprik 2024 yil sentyabr oyida ochilgan «Uchqoʻrgʻon» (Qirgʻiziston tomonidan — «Kensay») avtomobil chegara oʻtkazish punkti bilan transport bogʻliqligini yaxshilaydi.
Loyiha doirasida qurilayotgan yoʻlning umumiy uzunligi 17,5 km ni tashkil etadi. Ishlarni «Oʻzyoʻlkoʻprik» klasterining Toshkent viloyati filiali olib bormoqda.
Koʻprik qurilishi haqida 2024 yil fevral oyida xabar berilgan edi. Oʻshanda loyihaning umumiy qiymati 184,9 mlrd soʻmni, jumladan, koʻprikning oʻzi 53,6 mlrd soʻmni tashkil etishi koʻrsatilgandi.
2020 yilda Namangan viloyatini Andijon va Fargʻona viloyatlari bilan bogʻlaydigan, 1962 yilda qurilgan va Narin daryosi ustidan oʻtuvchi uzunligi 267,5 metrlik koʻprik rekonstruktsiya qilingan edi.

