Namangan dorixonalaridan 6 mingdan ortiq muddati oʻtgan dori vositalari oʻrnatilgan tartibda olib qoʻyildi

Namangan dorixonalaridan 6 mingdan ortiq oʻramdagi muddati oʻtgan dori-darmonlar musodara qilindi
Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlarida muddati oʻtgan hamda sifat kafolatiga ega boʻlmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni sotayotgan dorixonalar aniqlandi. Jami 6,3 mingdan ortiq oʻramdagi mahsulotlar olib qoʻyildi, jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.
Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Pop tumanining "Sumalak goʻzari" mahallasidagi dorixonada sotuvga qoʻyilgan muddati oʻtgan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar aniqlandi. Huquq-tartibot idoralari maʼlumotlariga koʻra, dorixonani ilgari sudlangan shaxs boshqargan. Tekshiruv davomida 203 nomdagi 2,5 mingga yaqin oʻramdagi mahsulotlar musodara qilindi.
Yana bir holat Chust tumanining "Istiqbol" mahallasidagi dorixonada qayd etildi. U yerda huquq-tartibot xodimlari 648 nomdagi 3,8 mingga yaqin oʻramdagi mahsulotlarni olib qoʻyishdi.
Ikkala holat boʻyicha ham Sifatsiz yoki soxtalashtirilgan dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 276-12-modda bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Oldinroq Toshkent dorixonalarida Raqobat qoʻmitasi mutaxassislari "sirli xaridor" usulidagi tekshiruvlar davomida dori-darmon narxlarining bir necha barobar oshirib yuborilganini aniqlagan edilar.

