“Mulkdor uyining toʻliq qiymatini ololmasligi mumkin” - ekspertlar turar-joylarni ommaviy baholash haqida
Ommaviy baholash natijalaridan "snos" uchun kompensatsiya belgilashda foydalanish mulkdorlarning zarariga ishlashi mumkin. Kun.uz bilan suhbatda aytilishicha, bunday baholashda har bir uyning individual xususiyatlari, kadastrga kiritilmagan qoʻshimcha imoratlar va dov-daraxtlar toʻliq hisobga olinmasligi xavfi bor. Natijada kompensatsiya mulkning haqiqiy qiymatini qoplamasligi mumkin, deb hisoblamoqda ekspert.

“Mulkdor uyining toʻliq qiymatini ololmasligi mumkin” — ekspertlar turar-joylarni ommaviy baholash haqida
Ularning taʼkidlashicha, ommaviy baholash orqali aniqlanadigan “bozorga yaqin qiymat” muayyan koʻchmas mulkning bozor qiymati oʻrnini bosa olmaydi. Soliq hisoblash uchun pastroq belgilangan qiymat kompensatsiyaga asos qilib olinsa, bu mulkdor zarariga ishlashi mumkin.
“Bozor narxidan past boʻlsa, mulkdorning manfaatiga zarar yetadi”
Shuhrat Abduvahobovning izohiga koʻra, ommaviy baholashda koʻchmas mulklar guruhlarga ajratilib, umumlashtirilgan maʼlumotlar asosida qiymat belgilanadi. Kompensatsiya esa aniq bir mulk uchun toʻlanadi. Shu bois uning individual xususiyatlarini alohida oʻrganish zarur.
“Ommaviy baholashda koʻchmas mulklar bir tip boʻyicha guruhlashtirilib, olingan maʼlumotlar bitta etalon narxga keltiriladi. Keyin shu narx koʻchmas mulkning maydoniga koʻpaytirilib, qiymat aniqlanadi.
Kompensatsiya miqdorini aniqlashda buni qoʻllash mumkin emasligining sababi — individual yondashuv yoʻq. Kompensatsiya qilinayotgan obyektning haqiqiy qiymati oʻrtacha qiymatdan past ham, yuqori ham boʻlishi mumkin. Yuqori boʻlsa, mulkdorning manfaatlariga zarar yetadi. Past boʻlsa, davlat manfaatlariga ham zarar yetishi mumkin”, — dedi u.
Ekspert intervyuda ommaviy baholash natijalari bozor qiymatidan past shakllangan holatga alohida toʻxtaldi. Uning aytishicha, bunday qiymatdan kompensatsiya hisoblashda foydalanish mulkdorga uyining bozor narxini olish imkonini bermaydi.
“Agar markaz xodimlari “bozor qiymatidan ancha past baholaganmiz” deb aytishayotgan boʻlsa, kompensatsiya miqdori aniqlanayotganda bu oʻz-oʻzidan bozor narxini bermaydi, undan kam narxni beradi. Bu mulkdorning manfaatiga zarar yetkazadi.
Ayrim fuqarolar, xususan, yakka tartibdagi turar joy, hovli egalari baholash natijasi real bozor qiymatidan ancha pastligini aytishyapti. Ertaga davlat, jamoat ehtiyojlari uchun yer maydoni olib qoʻyiladigan boʻlsa, ommaviy baholash natijalarini kompensatsiya uchun qoʻllash mulkdorlarning manfaatiga zarar yetkazadi”, — dedi Abduvahobov.

