Layfstayl

“Muhabbatga suyanib boʻladimi? Partiyaga suyan!”. “Birinchi muhabbatim” aslida nima haqida?

“Muhabbatga suyanib boʻladimi? Partiyaga suyan!”. “Birinchi muhabbatim” aslida nima haqida?

Yoʻlin yoʻqotsa odam – muhabbatga suyangay,

Gʻussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,

Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay…

“Birinchi muhabbatim” sheʼri katta bir yigʻinda muhokama qilinayotgan paytda yuqoridagi misralarni tahlil qilgan yozuvchilardan biri minbarga chiqib, “muhabbatga emas, partiyaga suyanish kerak”, deydi. Bu shaxs shu qadar nodon, shu qadar johil odam boʻlgani uchun Abdulla Oripov undan xafa ham boʻlmaydi.

Oʻzbekning yosh-u qarisiga qadar yoddan biladigan, Sherali Joʻrayev qadami yetgan joyda muxlislar ayttirmay qoʻymagan bu qoʻshiq yaratilganiga 55 yildan oshgan boʻlsa-da, muhabbatga chanqoq qalblarning unga talpinishi susaymagan.

Oʻtgan asrning 70-yillari boshida Toshkentdagi talabalar shaharchasining ochiq derazalaridan tinimsiz “Birinchi muhabbatim” qoʻshigʻi yangrardi. Sheʼr muallifi qashqadaryolik talaba Abdulla Oripov ekani va qoʻshiqni andijonlik talaba Sherali Joʻrayev bastalagani butun talabalar shaharchasiga maʼlum edi.

Shaharchaning boshqa tomonida Qoraqalpogʻiston va Xorazmdan kelgan talabalar Otajon Xudoyshukurov ijrosidagi “Birinchi muhabbatim” qoʻshigʻini tinglashardi. “Vesna” kompakt kassetali magnitofonlardan yangragan “Birinchi muhabbatim” butun Oʻzbekiston yoshlarini-yu oshiqlarini birlashtiruvchi muhabbat madhiyasidek eshitilardi.

Bu qoʻshiq tarixi haqida unga kuy bastalab, ilk bor ijro etgan Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev shunday hikoya qiladi:

“Men bu sheʼrni 1966—1967-yillarda Toshkentga oʻqishga kelganimda Abdulla Oripovning kitobidan olganman. Keyin tarixini eshitgan edim. Bir yigit bir ulugʻ zotning qizini sevib qolgan boʻladi. Lekin u qizga sevgisini ayta olmagan. Institutga borib, uning yonboshidan qaytib kelavergan. Uzoqdan ketavergan. Borib, yana qaytib kelavergan. Shunaqa qilib gapini ayta olmasdan kuzatib yuravergan. U qiz keyin boshqaga turmushga chiqib ketgan, yigit esa boshqa qizga uylangan. Shu sheʼr oʻshanda bino boʻlgan. Men buni butun sevishganlarning iztirobini his qilgan holda qoʻshiq qilganman”.

Sherali Joʻrayevning bu sheʼrni kuyga solgani hammaga birdek yoqmagan, albatta. “Yosh leninchi” gazetasining oʻsha paytdagi sonida hofizning bu “qilmishi”ga bagʻishlangan felyeton ham bosib chiqariladi. Chunki u vaqtlarda gʻazallar ashula qilinar, bu kabi sheʼrlar kuyga solinmas edi.

Kecha oqshom falakda oy boʻzarib botganda,

Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,

Ruhimda bir maʼyuslik, sokinlik uygʻotganda,

Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,

Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov “Birinchi muhabbatim”ga bagʻishlangan koʻrsatuvlarning birida oʻsha paytlarda shu sheʼriga ham biroz oʻziga xos hujumlar boʻlganini eslaydi. Sheʼrning baʼzi baytlari tushirib ham qoldirilganini aytadi.

Navoiy teatri binosida oʻtkazilgan partiyaning katta bir yigʻinida bir yosh yozuvchi chiqib, “Birinchi muhabbatim” sheʼri “mistika, dunyodan bosh olib ketish, boshqa hamma narsa bekor, biz koʻrib turganlarimiz hammasi bir pulga qimmat, undoq-bundoq degan maʼnodagi kayfiyat bor”, degan gaplarni aytadi. “Shoir ‘Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim’, deydi. Ajabo, axir muhabbatga suyanadimi? Mana, partiyaga suyan, davlatga suyan!”, qabilida sheʼrni tahlil qiladi.

“Men undan xafa boʻlganim yoʻq, chunki shu qadar nodon, shu qadar johil odam ediki, bir sheʼrdan boshqa narsani talab qilish — jaholat belgisi… Yoʻlin yoʻqotsa odam, muhabbatga suyangay. Demak, men yoʻlimni yoʻqotganman oʻsha mahalda. Gʻussaga botsa odam, muhabbatga suyangay. Demak, men gʻussaga botganman oʻsha mahalda. Chorasiz qolsa odam, muhabbatga suyangay. Men chorasiz qotganman. Men kimga suyangayman? Birinchi muhabbatim, faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim. Shuning uchun ham chiqqanki, men kimga suyangayman deganda, ‘partiyaga suyan, davlatga suyanʼ, degan gaplar oʻshanda chiqqan. Demak, oʻsha muhabbat tuygʻusi odam bir rejalashtirib olib, qani bir piyola choyni yonimga qoʻyib, bir tinchgina oʻtiray, birinchi muhabbatimni bir eslab olay, degan maʼnoda yozilmaydi, albatta”, degan Abdulla Oripovning oʻzi.

Shoir muhabbatni faqat yoshlikka xos deb hisoblamaydi. Yosh ulgʻaygan sari muhabbat toʻxtab qolmaydi. Nechadir yoshdan keyin muhabbatning darvozalari taqa-taq berkilmaydi. Masalan, Gyote muhabbat mavzusidagi eng dohiyona sheʼrlarini 80 yoshdan oshganidan keyin Karlovi Varida yozgan. Sharq sheʼriyatida “yor” deyilganda Allohning jamoli tushuniladi.

Ashraqat min aksi shamsil-kaʼsi anvorul-hudo,

“Yor aksin mayda koʻr” deb, jomdin chiqti sado.

(Mazmuni: Quyosh kosasidan hidoyat nurlari yorishdi, jomdan “Yorning aksini mayda koʻr” degan sado chiqdi.)

Baytning zohiriy maʼnosini anglash uchun, avvalo, mashriq zamindan endigina koʻtarila boshlagan quyosh tasvirini koʻz oldiga keltirsak, yarmigacha koʻtarilgan quyosh xuddi yarmigacha may, yaʼni nur toʻldirilgan kosaga oʻxshaydi. U oddiy kosa emas, balki hidoyat nurlari — may toʻla jomdir. Jom — quyosh, may — uning nurlari. Bundan tashqari, ushbu baytning botiniy maʼnosi ham bor.

“Jomga qaraganda kishi nimani koʻradi? Oʻz aksini koʻradi. Demak, yor sening dilingda, yaʼni Alloh sening dilingda. Buni sharq falsafasida ‘vahdati vujudʼ deydi. Gʻarb, Kant falsafasida ‘narsa oʻzidaʼ deyiladi. Bu endi tasavvuf, sufizmning, katta falsafaning koʻrinishi. Yaʼni Xudo taolo oʻz jamolini sochib yuborgan. Shuning uchun shu yorni har bittasida Allohning maʼlum bir darajada jamoli koʻrinadi degan gaplar bor”, deydi Abdulla Oripov.

Shuningdek, shoir Mashrabdan ham misol keltiradi:

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?

Ibrohimdin qolgʻan ul eski doʻkonni na qilay?!

“Buning uchun Mashrabni million marta osib tashlashi mumkin edi. Lekin buning talqini mutlaqo boshqa. Yor bu yerda jamol, Allohning jamoli. Boda unga boʻlgan muhabbat. Koʻnglingda yorning, Allohning tuygʻusi boʻlmasa, unga boʻlgan muhabbat boʻlmasa, Makkaga borib nima qilasan deydi… Muhabbat faqat turmush qurish degan maʼnodagi gapdan kengroq turadi…”, deya tushuntiradi xalq shoiri.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,

Sirli tushlar koʻrib men bor dunyoni unutdim,

Tongda turib nomingga ushbu sheʼrimni bitdim,

Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,

Yolgʻiz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.

Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev oʻz intervyularining birida muhabbat inson qalbiga yaratilishidanoq singdirilgan ilohiy nur ekanini taʼkidlaydi. Sanʼatkorning aytishicha, inson avval ota-onasini sevadi, ulgʻaygach ilk muhabbatni his qiladi, keyinchalik bu tuygʻu farzandlariga koʻchadi. Vaqt oʻtishi bilan esa inson muhabbatning asl mohiyatini anglab, uning manbayi Alloh ekanini tushunib boradi.

Joʻrayev bu qarashga birdan kelmaganini taʼkidlagan. “Agar mendan 10–15 yil avval shu haqda soʻrashganida, hozirgi javobni bera olmagan boʻlardim”, deydi. Chunki bunday xulosaga u uzoq yillar davomida turli hayotiy kechinmalarni boshdan kechirib kelgan. Xonanda vaqt oʻtishi bilan ilgari muhim tuyulgan koʻplab hissiyot va voqealar asl haqiqatni anglagandan keyin ikkinchi darajali boʻlib qolishini tushunganini aytgan.

Tojikistonlik adabiyotshunos Munavvara Oymatova inson qalbida toki ishq olovi bor ekan, toki tomirlarda qon yugurar ekan, bu sheʼr ham, bu qoʻshiq ham unutilmasligini aytadi.

“Men bir xil prokurorlarning shu qoʻshiq yangraganida oʻzining martabasini, oʻzining kimligini unutib, shu qoʻshiqqa joʻr boʻlganiga guvoh boʻlganman. Shuning uchun ham oʻylaymanki, bu insonning eng chuqur yeridan olib yozilgan sheʼr. Insonning dardi bilan yoʻgʻrilgan sheʼr hech qachon oʻlmaydi. Shodlik, quvonch haqida yozilgan sheʼrlarning umri juda ham qisqa… Abdulla Oripov chiqqan balandlikka oʻzbek sheʼriyatida uncha-muncha odam chiqa olgan emas”, deydi olima.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.