MrBeast va uning jamoasi O‘zbekistonda nimalar qildi?
Sovrinli o‘yin va xayriyalar o‘tkazuvchi yutuber MrBeast O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkentda musobaqa o‘tkazib, g‘oliblarni mukofotladi. Samarqandda muxlislar qurshovida qoldi. Ijodiy jamoasi esa respublikaning 4 hududini suratga oldi. 'Bu men ko‘rgan eng ashaddiy muxlislar bazasi', deydi bloger.

**MrBeast va uning jamoasi O‘zbekistonda nimalar qildi?**
9-oktabr kuni Jimmi Donaldson nomi bilan tanilgan amerikalik yutuber, kontent yaratuvchi va xayriyachi **MrBeast** O‘zbekistonga tashrif buyurdi. U ulkan budjetli videolari, noodatiy musobaqalari, millionlab dollarlik sovrinlari va xayriya loyihalari bilan mashhur bo‘lib, YouTube’da 520 mln nafardan ortiq obunachiga ega.
Blogerning O‘zbekistonga kelishi mamlakatning Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi. Tashkilotchilar bu tashrif kreativ iqtisodiyot ulushini oshirish, raqamli industriyalarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro media texnologiyalarini mintaqaga olib kirishga xizmat qilishi mumkinligini bildirmoqda.
Toshkentdagi Zamonaviy san’at markaziga kelgan bloger avval yig‘ilganlar bilan salomlashdi va o‘zi hamda jamoasi tasvirlangan katta devoriy muralni namoyish etdi. Unda ijodkorlarning Samarqand va Xorazmga borgani aks etgan.
Shundan keyin MrBeast o‘zbekistonlik muxlislar orasida katta sovrinli o‘yin o‘tkazdi. Tadbirdan bir necha kun oldin jamg‘armaning rasmiy sahifasida ro‘yxatdan o‘tgan 232 ming nafar talabgordan 200 nafari saralab olindi.
Ishtirokchilar musobaqaning birinchi bosqichida maxsus platformadagi savollarga javob berishlari kerak edi. Bu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan 10 kishi keyingi bosqichga yo‘l oldi. Keyingi bosqich savollariga javob bera olgan 3 nafar finalchi yashil maydonda to‘p tepdi.
Finalda g‘olib chiqqan 3 ishtirokchining har biriga MrBeast 100 mln so‘mdan mukofot puli berdi. G‘oliblardan biri yutug‘ini yangi uy xaridi uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida ishlatishini aytgan bo‘lsa, yana biri uni internetdagi kontentini rivojlantirishga sarflashini bildirdi.
Keyin yutuber maydon tashqarisidagi 100 dan ortiq yosh muxlislari bilan uchrashdi. Ularga o‘z brendi ostidagi Feastables shirinliklaridan ulashdi.
Jimmi Donaldson Toshkentga tashrifi yakunida bu yerda bo‘lgani va o‘z videolaridan birini suratga olayotganidan mamnun ekanini aytdi. “Dunyoning turli burchaklarida muxlislarimiz bilan uchrashish har doim yoqimli. Bugun tashrif buyurgan va bu tadbirni chinakamiga o‘ziga xos qilgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, — dedi ijodkor.
Muxlislar bilan kechgacha davom etgan uchrashuvdan so‘ng bloger 10-oktabr kuni Samarqandga yo‘l oldi. Registon maydonida uni minglab yosh muxlislar qurshab oldi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda uni ko‘rish uchun kelgan olomon tiqilinchda qolib ketgani ko‘rinadi. Buni blogerning o‘zi ham tasdiqlab, taassurotlarini Instagram sahifasida aytib o‘tdi. U muxlislarga minnatdorchilik bildirdi, biroq bu shov-shuv suratga olish ishlarini qiyinlashtirganini ham tan oldi.
“Rostini aytsam, O‘zbekiston men ko‘rgan eng ashaddiy muxlislar bazasiga ega ekan desam bo‘ladi. Aytmoqchimanki, bu aql bovar qilmas holat. Biz hatto yo‘ldan ham o‘ta olmayapmiz. Menimcha, bu yerda mingdan ortiq odam bor, ular mashinamiz ortidan ergashib kelishyapti. Qarang, qancha odam?! Bizni olib borish uchun militsiya xodimini chaqirishimizga to‘g‘ri keldi. Bilmadim, lekin signal ovozi hech tugamayapti. Bu yerdaligim juda ko‘p stressga sabab bo‘layotgandir balki. Balki ketishimiz kerakdir. Mening xavfsizlik bo‘limi boshlig‘im vahimaga tushyapti”, — deya ta’kidlagan u.
O‘sha kuni bloger rafiqasi bilan tezyurar poyezdda Toshkentga qaytdi va mamlakatga safarini yakunladi. Madaniyat va san’at jamg‘armasi xabariga ko‘ra, blogerning O‘zbekistondagi ish jadvali oldindan kelishilgan bo‘lgan. Dasturdagi birorta band bekor qilinmagan, uning jo‘nab ketish sanasi ham oldindan belgilangan.
MrBeast AQShga qaytgach, uning ijodiy jamoasi tashrifning keyingi kunida Buxoro va Xorazmda tasvirga olish ishlarini davom ettirdi. O‘zbekistonning 4 ta hududida olingan tasvirlar blogerning kelajakda chiqariladigan videolaridan birida ishlatiladi, devorga chizilgan mural ham shu videoga bag‘ishlangan edi, deya izoh berdi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.
Gazeta MrBeast va uning jamoasining O‘zbekistonga tashrifini qaysi tashkilot moliyalashtirgani haqidagi savollarga javob ololmadi. Biroq internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, mashhur yutuber sahifasiga joylanadigan 30 soniyali reklama narxi 2,5 mln dollardan ortiq. Bu MrBeast va uning sobiq biznes sherigi o‘rtasidagi sud ishi hujjatlariga asoslanib, Business Insider ko‘rib chiqqan 2024-yil boshidagi raqamlardir. Uning o‘zi tarmoqlarga joylaydigan videolarini tayyorlash uchun 3−4 mln dollar atrofida mablag‘ sarflashini aytgan.
28 yoshli ijodkor 2012-yilda MrBeast6000 nomi bilan faoliyat boshlagan. 2017-yilda 100 000 gacha sanab chiqqani aks etgan videosi bilan internetda mashhur bo‘la boshlagan.
Jimmi Donaldsonning ishlari butun dunyo auditoriyasiga ommabop tomoshalar, musobaqalar va sovg‘a tarqatish aksiyalari orqali yetib boradi, shu jumladan muhtojlarga millionlab dollarlik oziq-ovqat va ehtiyoj buyumlari ulashiladi. U media va mahsulot xizmatlari kompaniyasi Beast Industries hamda shokolad va gazaklar brendi Feastables’ning asoschisi. Shuningdek, Amazon Prime Video tarixidagi eng ko‘p tomosha qilingan ssenariysiz serial “Beast Games”ning boshlovchisi hisoblanadi.
Donaldson YouTube kanalini 2012-yilda, 13 yoshida boshlagan va shu platformadan keng ko‘lamli xayriya harakatlari hamda bizneslar qurish uchun foydalanadi. Uning global tashabbuslari #TeamTrees va #TeamSeas o‘rmonlarni tiklash va okeanlarni tozalash uchun jami 50 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘di. 2020-yilda u Beast Philanthropy tashkilotini ishga tushirdi. Bu tashkilot 20 milliondan ortiq bepul ovqat tarqatgan va o‘nlab loyihalarga rahbarlik qilgan, jumladan, Kamerun, Keniya, Somali, Uganda va Zimbabveda chuchuk suv quduqlari qurilgan, Kentukida to‘fondan jabrlanganlar uchun uylar bunyod etilgan, Kosta Rikada uysizlarga turar joy berilgan, Ukraina qochqinlariga esa 3 million dollardan ortiq gumanitar yordam ko‘rsatilgan.
2022-yilda u Feastables’ni ishga tushirdi. Brend kakao yetishtirishda bolalar mehnatini yo‘q qilishni maqsad qilgan: fermerlarga yashash uchun yetarli daromad to‘lanadi, Fair Trade sertifikatiga ega kakao loviyalaridan foydalaniladi, shuningdek, bolalar mehnatini bartaraf etish tizimlari bilan hamkorlikda fermalarda bolalar mehnati tekshirilib, bosqichma-bosqich to‘xtatiladi.
Donaldson va uning jamoasi media, ko‘ngilochar sohalar, sport, texnologiya, chakana savdo va mehmondo‘stlik sohalaridagi brendlar va mashhur shaxslar bilan muntazam hamkorlik qiladi. 2024-yilda u Amazon MGM Studios bilan hamkorlikda “Beast Games”ni yaratdi. Bu 10 seriyali realiti-musobaqa bo‘lib, unda 1000 ishtirokchi 10 million dollarlik pul mukofoti uchun kurashadi. Bu televideniye tarixidagi eng katta ishtirokchilar soni va eng katta yagona pul mukofoti bo‘ldi. Serial 80 ta mamlakatda Prime Video’ning eng yaxshi ssenariysiz seriali bo‘ldi va platformaning ssenariysiz kontent bo‘yicha eng yirik debyuti hisoblanadi.
Donaldson oilasi bilan Shimoliy Karolina shtatining Grinvill shahrida yashaydi.

