Dunyodagi eng mashhur YouTube bloger MrBeast Toshkentga keladi
Dunyodagi eng ommabop YouTube blogerlaridan biri, MrBeast nomi bilan tanilgan Jimmi Donaldson 9-oktabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi. Uning uchrashuvida 200 nafar muxlis tasodifiy tanlov asosida ishtirok etadi. Uchrashuv interaktiv o‘yinlar formatida bo‘lib, g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.

Dunyodagi eng mashhur YouTube bloger MrBeast Toshkentga keladi
Internetda MrBeast nomi bilan tanilgan YouTube blogeri Jimmi Donaldson Markaziy Osiyoga ilk safari doirasida 9-oktabr kuni Toshkentga tashrif buyuradi.
Donaldsonning YouTube kanallariga 500 milliondan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan. Shu sababli u videoxostingdagi eng ommabop bloger sifatida tanilgan.
MrBeast katta budjetlar, murakkab sahnalashtirishlar va yirik sovrin jamg‘armalariga tayangan masshtabli videoloyihalari bilan mashhur. U kontent yaratish jarayoniga minglab odamlarni jalb qiladi, viktorina va musobaqalarni katta shou formatida taqdim etadi.
Uning kanallaridan biri — Beast Philanthropy — xayriya loyihalariga ixtisoslashgan. Kanal doirasida ochlikka qarshi kurashish, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, tibbiy yordam ko‘rsatish, bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik tashabbuslarga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Toshkentda MrBeast bilan 200 nafar muxlis uchrashishi mumkin. Ular ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar orasidan tasodifiy raqamlar generatori orqali tanlab olinadi.
Uchrashuv interaktiv o‘yinlar formatida, jumladan, kam tanilgan faktlarni bilishga qaratilgan triviya-viktorina shaklida o‘tkaziladi. G‘oliblarga qimmatbaho sovrinlar topshiriladi.
MrBeast tashrifi O‘zbekistondagi yoshlar orasida YouTube hamjamiyatini rivojlantirishga turtki berishi, mahalliy kontent yaratuvchilarning jahon media makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashishi kutilmoqda. Shuningdek, tashrif mahalliy kreatorlarni masshtabli va dinamik loyihalar yaratishga undashi, mintaqadagi YouTube segmentida videoprodakshn va ssenariylar sifatiga talabni oshirishi hamda blogingni brendlar va investorlar uchun jiddiy biznes yo‘nalishi sifatida ko‘rsatishi ta’kidlangan.
Ro‘yxatdan o‘tish bepul va faqat O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining rasmiy havolasi orqali amalga oshiriladi.
Uchrashuvda ishtirok etishni istaganlar boshqa manbalardagi havolalar, sovrinli o‘yinlar yoki MrBeast va uning vakillari sifatida taqdim etayotgan akkauntlarning takliflariga ishonmasligi kerak.
Ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga ko‘ra, ishtirokchi 18 yoshdan katta bo‘lishi kerak. Har bir kishi faqat bir marta, o‘z nomi bilan, amal qiluvchi telefon raqami va shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari asosida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Takroriy yoki avtomatik tarzda yuborilgan arizalar diskvalifikatsiya qilinadi. Barcha talablarga javob beruvchi arizalar orasidan 200 nafar ishtirokchi tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi.
Tanlab olingan ishtirokchilar bilan ACDF shaxsan va maxfiy ravishda bog‘lanadi. Faqat shu ishtirokchilarga tadbirning sanasi va o‘tkaziladigan joyi ma’lum qilinadi, ularning ismlari ommaga e’lon qilinmaydi.
Ishtirok uchun ajratilgan o‘rin shaxsiy hisoblanadi va boshqa shaxsga berilmaydi. Tadbirga kelganda ishtirokchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda ro‘yxatdan o‘tganini tasdiqlovchi ma’lumotni taqdim etishi kerak.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ro‘yxatdan o‘tish yoki tadbirda ishtirok etishning hech bir bosqichida to‘lov, bank kartasi ma’lumotlari yoki parollarni so‘ramaydi.

