Moskvada qarsak, Germaniyada tanqid: sobiq kansler Shryoder «Globus»ga bordi
Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoder Rossiyadagi «Giperglobus» kompaniyasi kuzatuv kengashiga tayinlanganidan soʻng Moskvadagi gipermarketlardan biriga tashrif buyurdi. Uni xodimlar qarsaklar bilan kutib olgan, Germaniyada esa uning yangi lavozimi keskin tanqidga uchramoqda.

Moskvada olqish, Germaniyada tanqid: sobiq kansler Shryoder «Globus»ga keldi
RBK xabariga ko‘ra, 82 yoshli Shryoder 7-oktabr kuni «Globus» gipermarketi xodimlari bilan salomlashib, kompaniya rahbariyati hamda jamoasi bilan uchrashgan.
«Giperglobus» matbuot xizmati DW’ga sobiq kansler kompaniyaning strategik rivojlanishiga rahbarlik qilishini tasdiqlagan. Oldingi bayonotda esa uning umumiy boshqaruvda ishtirok etishi va Rossiya bozoridagi faoliyatni uzoq muddatli rejalashtirishga ko‘maklashishi aytilgan.
Kompaniya vakillari Shryoder tayinlovini ekspertlik yordamini kuchaytirish zarurati bilan izohlagan. Ta’kidlanishicha, uning tajribasi muloqotga tayangan yondashuv va konstruktiv yechimlar topishga yordam beradi.
Germaniyadagi Globus Holding esa Rossiyadagi gipermarketlar 2025-yil 1-yanvardan boshlab uning tarkibidan to‘liq ajratilganini bildirgan. Xolding bayonotiga ko‘ra, «Giperglobus» huquqiy va tashkiliy jihatdan mustaqil faoliyat yuritadi.
Rossiyadagi biznes Germaniyaning Sankt-Vendel shahrida joylashgan TMB Holding kompaniyasiga o‘tkazilgan. Biroq Germaniya nashrlari bu kompaniya ham Globus biznesini rivojlantirib kelayotgan Brux oilasiga tegishli ekanini yozgan.
Shryoderning yangi lavozimi Germaniyadagi ayrim siyosatchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bundestag deputati, Xristian-demokratik ittifoq vakili Roderix Kizevetter buni «Yevropa va o‘z mamlakatiga xiyonat» deb atagan.
Berlindagi Fan va siyosat jamg‘armasi iqtisodchisi Yanis Kluge esa kompaniya bu tayinlov orqali Rossiyadagi aktivlarining vaqtincha boshqaruvga o‘tkazilishidan o‘zini himoya qilishga urinayotgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirgan.
Shu bilan birga, «Giperglobus» Rossiyada kengayishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Zelenogradda 24 ming kvadrat metrlik yangi gipermarket qurilishini e’lon qilgan. Loyihaga 4 mlrd rubl sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan; u ochilgach, tarmoqning Rossiyadagi gipermarketlari soni 22 taga yetishi kutilmoqda.
Shryoder ilgari ham Rossiya biznesi bilan aloqalari sabab tanqid qilingan. U avval «Rosneft» va «Shimoliy oqim» gaz quvuri operatori rahbariyatida ishlagan.

