Modrich: “Kichik davlat vakillari ‘Oltin to‘p’ni yutish uchun ikki barobar ko‘proq ishlashi kerak”

Modrich: “Kichik davlat vakillari ‘Oltin to‘p’ni yutish uchun ikki barobar ko‘proq ishlashi kerak”
Italiyaning “Milan” klubi va Xorvatiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Luka Modrich o‘zi qo‘lga kiritgan “Oltin to‘p” mukofoti haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Xorvatiyalik futbolchi “Oltin to‘p”ni eng yuksak shaxsiy sovrin deb atadi. U, ayniqsa, bu mukofotni Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu davrida qo‘lga kiritgani uning uchun juda qadrli ekanini ta’kidladi.
“Bu — eng buyuk shaxsiy sovrin. Futbolda bundan kattasi yo‘q. Ayniqsa, Messi va Ronaldu kabi fenomenlar davrida o‘ynab, Neymar yoki Benzema singari yulduzlar bilan raqobatda bu sovrinni yutish — shunchaki fantastika. ‘Oltin to‘p’ sohiblari qatorida turganimdan cheksiz faxrlanaman”, deydi Modrich AS nashriga bergan intervyusida.
Shuningdek, Modrich kichik mamlakatlar vakillari uchun bu sovrinni qo‘lga kiritish alohida qiyinchilik talab qilishini aytib o‘tdi:
“Biz kichik davlatdan bo‘lganimiz uchun, Ispaniya, Italiya, Germaniya yoki Fransiya kabi yirik mamlakatlar futbolchilariga nisbatan ‘Oltin to‘p’ni yutishimiz ancha qiyin. Buning uchun ikki barobar ko‘proq ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Shu sababli bu e’tirofdan yanada ko‘proq faxrlanaman. Lekin har doim aytganman va yana takrorlayman: eng muhimi — jamoaviy yutuqlar. ‘Oltin to‘p’ esa ‘Real’ va Xorvatiya terma jamoasidagi ajoyib mavsumim uchun shunchaki yoqimli e’tirof bo‘lgan”.
Eslatib o‘tamiz, Modrich ushbu nufuzli mukofotni 2018-yilda “Real” safida o‘ynab yurgan paytida qo‘lga kiritgan edi. O‘sha mavsumda u madridliklar bilan ketma-ket uchinchi bor Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan, Xorvatiya terma jamoasi bilan esa Jahon Chempionati finaligacha yetib borgandi. 2025-yil yozida yarimhimoyachi “Real” tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi sifatida erkin agent maqomida “Milan”ga o‘tdi.
Ma’lumot uchun, hozirda “PSJ” hujumchisi Usmon Dembele ushbu sovrinning amaldagi egasi hisoblanadi. Mutlaq rekordchi esa Lionel Messi bo‘lib turibdi (8 marta). Uning eng yaqin ta’qibchisi Krishtianu Ronalduda 5 ta “Oltin to‘p” bor. Joriy yilgi “Oltin to‘p” sovrini uchun nomzodlar ro‘yxati 8-sentyabr kuni e’lon qilinadi. Taqdirlash marosimi esa 26-oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tishi belgilangan.

