Misr Saudiyani himoya qilmoqchi, AQSH Ukrainaga razvedka yordamini qayta tikladi – kun dayjesti
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Misr Saudiyani himoya qilmoqchi, AQSH Ukrainaga razvedka yordamini qayta tikladi – kun dayjesti
**Misr Saudiyani himoya qilmoqchi**
Misr Saudiya Arabistonining xavfsizligi va barqarorligini himoya qilish uchun zarur yordamni berishga tayyor. Bu haqda 18-oktabr kuni Misr prezidenti devoni xabar berdi. Reuters’ga ko‘ra, bayonot prezident Abdulfattoh as-Sisiy raisligida o‘tgan Milliy mudofaa kengashi yig‘ilishidan keyin e’lon qilingan.
«Misr Saudiya Arabistoniga uning xavfsizligi va barqarorligini himoya qilish, resurslari, hududiy yaxlitligi va islomiy muqaddas joylarini muhofaza qilish uchun barcha zarur va mumkin bo‘lgan yordam turlarini ko‘rsatadi», deyiladi bayonotda.
Avvalroq Sisiy parlamentdan, agar Ar-Riyod so‘rasa, armiyaga Saudiyani himoya qilishda ishtirok etishga ruxsat berishni so‘ragan edi. Misr parlamentida ovoz berish 20-oktabrgacha cho‘zilishi mumkin. Konstitutsiyaga ko‘ra, qo‘shinlarni xorijdagi jangovar vazifaga yuborish uchun deputatlarning uchdan ikki qismi roziligi kerak.
Misrning bu qadami husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari kuchaygan pallaga to‘g‘ri keldi. Husiylar so‘nggi kunlarda Riyod xalqaro aeroporti va Saudi Aramco kompaniyasiga zarbalar bermoqda. 10-oktabr kuni Riyod aeroportiga uyushtirilgan hujumda 13 kishi, jumladan, Misr fuqarosi bo‘lgan bort kuzatuvchisi ham halok bo‘lgandi. Saudiya Arabistoni ham Yamanga zarbalar berishda davom etmoqda. 18-oktabr kuni bunday zarbalarda kamida to‘qqiz kishi o‘ldirilgani bildirildi.
Husiylar esa Misrni urushga aralashmaslikka chaqirdi. Husiylar nazoratidagi parlament spikeri Misr parlamenti raisiga yo‘llagan maktubida bunday qadam Qohiraning milliy xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirgan.
Ma’lumot uchun, Yamandagi janglar AQSH va Isroil Eronga qarshi boshlangan urushning yana bir frontiga aylanib ketdi.
Fransiyada narxlar oshishi va davlat xizmatlari sifati pasayishiga qarshi umummilliy namoyishlar tartibsizlikka aylandi. 17-oktabr kuni yarim milliondan ortiq odam qatnashgan yurishlarning aksariyati tinch o‘tgan. Ammo zo‘ravon guruhlar politsiya bilan to‘qnashib, do‘konlarni taladi va davlat binolariga hujum qildi.
Fransiya politsiyasi mamlakat bo‘ylab 2400 kishini hibsga oldi, 1000 ga yaqin politsiyachi jarohatlangan. Parijda bir namoyishchi yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etgan. Limoj shahrida esa meriyaning qadimiy binosi yoqib yuborildi. Carrefour savdo tarmog‘ining 50 ta do‘koni zarar ko‘rgan.

