Saudiya AQSHdan husiylarga qarshi urushga boshchilik qilishni so‘radi, Vashington rad etdi — Kan News

Kan News xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni AQSHdan Yamandagi husiylarga qarshi harbiy operatsiyaga rahbarlik qilishni so‘ragan, biroq Vashington bu taklifni rad etgan. Bu ma’lumot Isroil telekanali tomonidan husiylarga qarshi kurashayotgan kuchlardagi manbaga tayanib e’lon qilingan.
Ushbu masala 14-avgust kuni Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari admiral Bred Kuper o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilingan.
Telekanalning xabar berishicha, Saudiya Arabistoni AQSHdan rad javobini olgan. Vashingtonning bu qarori, jumladan, husiylarning Qizil dengizdagi Amerika kemalariga hujum qilmayotgani bilan izohlangan. Shunga qaramay, AQSH tomoni husiylarga qarshi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Kan News ta’kidlashicha, "Ar-Riyodning bu iltimosi qirollik avvalgi tajribasini hisobga olgan holda yana 'Yaman botqog‘i'ga tortilib ketishni istamayotganini ko‘rsatadi. AQSHning rad javobi esa Vashington Yaqin Sharqdagi yana bir harbiy frontga boshchilik qilishni istamayotganidan dalolat beradi".
**Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik**
Yamanda amalda ikki markaziy hokimiyat mavjud. Xalqaro miqyosda tan olingan hukumat asosan mamlakatning janubi va sharqini nazorat qilsa, husiylar poytaxt Sana hamda shimol va g‘arbning katta qismini boshqaradi.
Ar-Riyod va husiylar o‘rtasidagi ziddiyat iyul oyida keskinlashgan. O‘shanda yamanlik guruh Saudiya Arabistonining janubi-g‘arbidagi Abha shahridagi xalqaro aeroportga zarba berganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, husiylar qirollik hududidagi Jizon viloyatiga raketa zarbasi berganini o‘z zimmasiga olgan. 20-iyul kuni esa Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi e’lon qilingan edi.
Bunga javoban Ar-Riyod Yamandagi husiylar obyektlariga zarbalar bergan. Husiylarning so‘nggi hujumlaridan biri 24-avgust kuni sodir bo‘lgan bo‘lib, guruh Qizil dengizdagi Yanbu port shahri yaqinida Saudiya Arabistoniga tegishli neft tankeriga hujum qilgan.
The New York Times gazetasi Saudiya Arabistoni Yaman husiylariga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgan edi. Bu AQSHning Eron va uning ittifoqchisi bo‘lmish husiylarga qarshi urushida yangi front bo‘lishi taxmin qilingan.

