Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondagi yangi tibbiyot akademiyasiga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondagi yangi tibbiyot akademiyasida boʻldi
Davlat rahbarining 2024 yil 24 dekabrdagi qarori bilan ilm-fan, taʼlim va amaliyotni birlashtirgan holda, xususiy sektor ishtirokida hududdagi tibbiyot muassasalarini yagona innovatsion klasterga aylantirish vazifasi qoʻyilgan edi.
Shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard soʻmlik zamonaviy majmua barpo etilib, 80 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Akademiyada har yili 3 ming nafar shifokor hamda 6 800 nafar oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malaka oshirishi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, bu yerda Orolboʻyi hududidan 100 ga yaqin klinik ordinator tayyorgarlikdan oʻtadi.
Ularning taʼlim olishi va yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Olis tumanlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 oʻrinli zamonaviy mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyatsiya xonasi jihozlangan. Ularda 50 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha oʻqitish tashkil etilgan boʻlib, bu xalqaro standartlarga muvofiq 100 dan ortiq tibbiy amaliyot turi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash imkonini beradi.
Muassasa zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan «Edge Medical» jarrohlik roboti oʻrnatilgan. U nafaqat simulyatsion oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish imkonini beradi, balki real klinik sharoitlarda yuqori aniqlikdagi masofaviy operatsiyalarni bajarishga ham sharoit yaratadi.
Akademiya nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar, jumladan, Pittsburg universiteti (AQSh) va Germaniyaning Frayburg universiteti bilan hamkorlik qiladi. Xalqaro oʻquv kurslari va qoʻshma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, telemeditsina va raqamli taʼlim texnologiyalari joriy etilgan.

