Mirziyoyev Buxoroda Beeline’ning 40 mln dollarlik data-markazini ishga tushirdi
Beeline Uzbekistan’ning Kagon tumanidagi yangi data-markazi operatorning rezerv infrastrukturasining bir qismiga aylanadi. Loyiha $40 mln xususiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Mirziyoyev Buxoroda Beeline’ning $40 mlnlik data-markazini ishga tushirdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida Beeline Uzbekistan’ning yangi maʼlumotlarni qayta ishlash markazi faoliyatiga start berdi. Loyihaga kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi $40 mlnni tashkil etdi.
Obʼyekt Kogon tumanida Beeline Uzbekistan hamda Raqamli texnologiyalar vazirligining qoʻshma loyihasi doirasida barpo etildi.
U operatorning hududiy taqsimlangan zaxira infratuzilmasi tarkibiga kiradi hamda millionlab foydalanuvchilar uchun raqamli xizmatlarning ishonchliligi va uzluksiz ishlashini oshirishga qaratiladi.
Loyiha keyinchalik kengaytirishga moʻljallangan. Uning hujjatlari Uptime Institute xalqaro tashkiloti tomonidan Tier III Certification of Design Documents (TCDD) sertifikatini oldi. Ushbu sertifikatlash loyiha yechimlarining data-markazning ishonchliligi va xatoliklarga chidamliligi talablariga muvofiqligini tasdiqlaydi.
VEON maʼlumotlariga koʻra, 20 yillik faoliyati davomida guruh Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 1,8 mlrd dollarga yaqin sarmoya kiritdi. Ushbu mablagʻlarning salmoqli qismi mamlakatga oxirgi oʻn yillikda yoʻnaltirildi.
Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi qurilishidan tashqari, Perfectum’ning $207 mlnga sotib olinishi kompaniyaning yirik investitsiyaviy qadamlaridan biri boʻldi.
Beeline Uzbekistan bosh direktori Yevgeniy Nastradin yangi obʼyektning ishga tushirilishi va Perfectum’ning sotib olinishi guruhning Oʻzbekiston bozoridagi uzoq muddatli rejalarini aks ettirishini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya bundan keyin ham raqamli infratuzilmani rivojlantirishga sarmoya kiritish va mamlakatning raqamli transformatsiyasida ishtirok etish niyatida.
Data-markazning Toshkentdan tashqarida joylashtirilishi, shuningdek, zamonaviy raqamli infratuzilma geografiyasini kengaytiradi.
Kompaniya taʼkidlaganidek, loyiha «Raqamli Oʻzbekiston — 2030» strategiyasi vazifalariga mos keladi hamda raqamli xizmatlarni, shu jumladan sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi.

