Mirziyoyev Buxoro viloyati uchun 30 milliard dollarlik tashabbuslarni eʼlon qildi

Mirziyoyev Buxoro viloyati uchun 30 milliard dollarlik tashabbuslarni eʼlon qildi
Buxoro viloyatida umumiy qiymati 30 milliard dollarlik yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular hudud iqtisodiyotini rivojlantirishning turli sohalarini qamrab oladi hamda aholining kundalik hayot sifatini oshirishga qaratiladi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qildi.
"Biz Buxoro iqtisodiyoti va odamlarning kundalik hayotida ijobiy oʻzgarishlar yasaydigan 30 milliard dollarlik yangi tashabbuslar bilan keldik", — dedi davlat rahbari.
Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish asosiy yoʻnalishlardan biri boʻladi. Hozirgi vaqtda ushbu sohada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda qiymati 385 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Uning ikkinchi bosqichiga yana 248 million dollar jalb etish rejalashtirilgan.
Yakunda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi 1,7 million aholi uchun suv taʼminoti sifati yaxshilanadi, 775 ming kishi esa kanalizatsiya tarmogʻiga ulanadi. Markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan aholi ulushini amaldagi 80 foizdan 95 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
Prezident aholi ushbu oʻzgarishlarni kutayotganini taʼkidlab, mutasaddilarga loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha topshiriq berdi.

