MinstroyJKX Toshkentdagi noqonuniy koʻp qavatli uylar haqidagi maʼlumotlarni toʻgʻriladi: 720 ta emas, 61 ta
Toshkentda avval qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Xidoyatov tomonidan maʼlum qilinganidek 720 tadan ortiq emas, balki 61 ta noqonuniy qurilgan koʻp qavatli uy aniqlandi. Vazirlik xatoni tan oldi va uzr soʻradi. Poytaxtda jami 320 tadan ortiq noqonuniy qurilish obyekti, jumladan, xususiy uylar mavjud.

Qurilish va UJKXM Toshkentdagi noqonuniy koʻp qavatli uylar boʻyicha maʼlumotlarga aniqlik kiritdi: 720 ta emas, 61 ta
Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 22 oktyabr kuni Toshkentda noqonuniy qurilgan koʻp xonadonli uylar soni boʻyicha izoh eʼlon qildi.
Idoraning xabar berishicha, poytaxtda 320 dan ortiq noqonuniy qurilish obʼyekti aniqlangan. Ushbu songa turli toifadagi bino va inshootlar, jumladan, yakka tartibdagi turar joylar, kichik doʻkonlar, savdo shoxobchalari va pavilonlar kiradi.
Bunda noqonuniy qurilgan koʻp xonadonli uylar soni 61 tani tashkil etadi.
«Biz tomonimizdan taqdim etilgan javobda qurilish obʼyektlarining umumiy soni yanglishib koʻp xonadonli uylar soni sifatida koʻrsatilgan. Ushbu xatolik uchun uzr soʻraymiz», — deyiladi vazirlik xabarida.
Idora, shuningdek, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqlardagi nashrlar mualliflaridan aniqlashtirilgan maʼlumotlarni inobatga olishni soʻradi.
Eslatib oʻtamiz, 13 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Hukumat soati»da qurilish va UJKX vaziri Sherzod Hidoyatov birgina Toshkentning oʻzida arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan 720 dan ortiq koʻp xonadonli uy borligini maʼlum qilgan edi.
Uning soʻzlariga koʻra, koʻplab tadbirkorlar 2024 yil oxirida poytaxtning bosh rejasi tasdiqlangunga qadar auktsionlar orqali sotib olingan yer uchastkalarida uy-joylar qurgan.
«Bugungi kunda bu juda ogʻriqli muammoga aylandi. Birgina Toshkentning oʻzida 720 dan ortiq ana shunday koʻp qavatli uylar bor. Biz butun respublika boʻyicha qurilgan uylarni xatlovdan oʻtkazdik. Bular arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan muammoli obʼyektlardir», — degan edi oʻshanda Hidoyatov.
Vazir ushbu obʼyektlar bilan Bosh prokuratura shugʻullanayotganini maʼlum qildi.
U, shuningdek, bunday uylarni foydalanishga qabul qilish tartibi ishlab chiqilayotgani haqida gapirdi. Buning uchun binolarning shaharsozlik talablariga, jumladan, bolalar maydonchalari va avtoturagohlar mavjudligiga muvofiqligini taʼminlash, shuningdek, instrumental tekshiruv yordamida ularning mustahkamligini tekshirish zarur boʻladi.
Bu holatda, uning soʻzlariga koʻra, seysmik xavfsizlik va qonuniylik boʻyicha savollar tugʻilmaydi.

