Ming nafar Nobel laureati qayerda tugʻilgan? AQSH katta farq bilan yetakchi
2026-yilgi mukofotlar eʼlon qilingach, Nobel mukofotining ochiq bazasidagi laureatlar soni ming nafarga yetdi. Ularni tugʻilgan joyi boʻyicha taqsimlaganda AQSH 300 nafar bilan birinchi oʻrinni egalladi. Keyingi pogʻonalarda Buyuk Britaniya va Germaniya joylashgan.

Ming nafar Nobel laureati qayerda tugʻilgan? AQSH katta ustunlik bilan peshqadam
Hisob-kitobda mamlakatlarning hozirgi chegaralari asos qilib olingan, laureatlarning fuqaroligi yoki qaysi davlatda ishlagani esa inobatga olinmagan.
Eng koʻp laureat tugʻilgan mamlakatlar quyidagicha:
AQSH — 300 nafar;
Buyuk Britaniya — 111 nafar;
Germaniya — 86 nafar;
Fransiya — 65 nafar;
Yaponiya — 31 nafar;
Shvetsiya — 30 nafar;
Rossiya — 29 nafar;
Polsha — 28 nafar;
Kanada — 23 nafar;
Niderlandiya va Italiya — 20 nafardan.
Oxirgi pogʻonada ikki mamlakat natijasi teng chiqqani sababli, roʻyxatga jami 11 ta davlat kiritilgan.
17-oktabr holatiga koʻra, ochiq bazada 1000 nafar inson va 28 ta tashkilot haqida maʼlumot bor edi. Reytingga faqat insonlar kiritilgan va har bir laureat bir marta hisoblangan. Masalan, Mariya Kyuri, Jon Bardin yoki Frederik Sengerning ikki marta mukofot olgani ularni roʻyxatda ikki kishi sifatida sanashga asos boʻlmagan.
Tugʻilgan joyga tayangan yondashuv fuqarolik yoki universitetlar bo‘yicha tuzilgan reytinglardan farq qiladi. Masalan, 2026-yilda fizika boʻyicha mukofot olgan Frensis Halzen AQSHda ishlasa-da, Belgiyada tugʻilgani uchun ushbu mamlakat hisobiga qoʻshilgan.
Sobiq imperiyalar va SSSR hududida tugʻilgan laureatlar ham tugʻilgan joyi hozir qaysi davlat tarkibida ekaniga qarab taqsimlangan. Buyuk Britaniya natijasiga bazada mamlakat nomi United Kingdom, Scotland yoki Northern Ireland deb koʻrsatilgan yozuvlar birlashtirilgan.
2026-yildagi oʻn nafar yangi laureatning uch nafari — Karl Deysserot, Robert Xoll va Maykl Vudford — AQSHda tugʻilgan. Peter Hegeman va Georg Nagel Germaniyada tugʻilgan boʻlsa, Belgiya, Fransiya, Yaponiya, Kanada va Janubiy Afrika hisobiga bittadan yangi laureat qoʻshilgan.

