Mahalliy

«Milliy sertifikat tizimi testdan murakkabroq» – vazir o‘rinbosari sertifikat bilan o‘qishga kirganlar haqida

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning ta’kidlashicha, sertifikat orqali maksimal ball bilan OTMga kirgan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo baholarga o‘qimoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, milliy sertifikat orqali oliy ta’lim muassasalariga maksimal ball bilan qabul qilingan talabalarning qariyb 60 foizi a’lo baholarga o‘qimoqda.

Bu ma’lumot 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida e’lon qilindi.

So‘nggi yillarda sertifikat va imtiyozlar tizimi orqali OTMlarga qabul qilish amaliyotining kengayishi jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqardi. Xususan, sertifikat yoki imtiyoz asosida qabul qilingan abituriyentlar tufayli testda yuqori natija ko‘rsatgan boshqa abituriyentlarning imkoniyatlari cheklanmoqda degan e’tirozlar paydo bo‘ldi.

Vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov ushbu tizimning amaliyotdagi natijalari haqida quyidagilarni ta’kidladi:

“Milliy sertifikat tizimi test tizimiga qaraganda murakkabroq. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, qanchalik ko‘p bola milliy sertifikat olib kirgan bo‘lsa, maksimal ball oladimi yoki sertifikatdagi foiz bo‘yicha ball oladimi, qat’iy nazar testda olingan ballga nisbatan qiyinchilik darajasi ikki xil. Shunga alohida urg‘u berishimiz kerak”.

Vazirlik milliy sertifikat asosida maksimal ball olgan va imtiyoz asosida OTMga qabul qilingan talabalarning keyingi o‘zlashtirishini ham tahlil qilgan.

“O‘zi milliy sertifikat bilan maksimal ball olib o‘qishga kirgan bolalar qanday o‘qiyapti degan tahlil o‘tkazdik. Shunda 60 foizga yaqin bola a’lo baholarga o‘qiyotgani aniqlandi. Yaxshi baholarga o‘qiyotgan bolalar soni 40 foizga yaqin. Ya’ni juda kam foizi yaxshi o‘qimayapti va bunga boshqa ob’yektiv-sub’yektiv sabablar bo‘lishi mumkin. Lekin milliy sertifikat bilan kirganlar orasida haydalib ketganlar soni judayam kam.

Keyingi tahlilni ham o‘tkazdik, umuman imtiyoz bilan kirgan talabalarning o‘qish jarayonidagi o‘zlashtirishi, o‘qishdan chetlashtirilishi, kursdan qolishi haqidagi tahlilni o‘tkazdik. Birlamchi ma’lumotlar bo‘yicha aytishim mumkin, imtiyoz bilan kirgan talabalarning ichida eng yuqori natija ko‘rsatayotganlar bu imtiyoz bilan kirgan xotin-qizlar ekan”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik vakili imtiyoz va sertifikat asosida qabul qilingan talabalarning ta’limdagi natijalarini tahlil qilish davom ettirilishini ma’lum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.