Milliy iqlim oʻzgarishi markazi direktori poytaxtda uzoq davom etayotgan smog sabablarini tushuntirib berdi

Milliy iqlim oʻzgarishi markazi direktori poytaxtda uzoq davom etayotgan smog sabablarini maʼlum qildi
Oʻzbekistonda va, xususan, Toshkentda kuzatilayotgan havoning ifloslanishi, shu jumladan, noqulay meteorologik sharoitlar va tabiiy omillar, jumladan, yogʻingarchilik tanqisligi, shamol va tabiiy havo almashinuvi jarayonlarining buzilishi bilan bogʻliq. Bu haqda texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, Milliy iqlim oʻzgarishi markazi direktori Farrux Sattarov maʼlum qildi.
Joriy yilning 26 oktyabr holatiga koʻra, poytaxtda oylik norma 23,7 millimetr boʻlgani holda 3,9 millimetr yogʻingarchilik yogʻdi — yaʼni koʻrsatkich normadan deyarli 6 baravar past boʻldi. Namlikning yetishmasligi chang zarrachalarining tabiiy yuvilishini sekinlashtiradi va ularning atmosferada toʻplanishiga yordam beradi. Bundan tashqari, ilmiy kuzatuvlarga koʻra, oxirgi oʻn yillikda sovuq yarim yillikda kuchli shamol va yogʻingarchilik yetishmovchiligi bilan bogʻliq noqulay meteosharoitlar soni avvalgi davrlarga nisbatan 57 foizga ortgan, bu ham havo havzasining oʻz-oʻzini tozalashiga xalaqit beradi.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi mutaxassislari SILAM xalqaro atmosfera tarkibini modellashtirish kompyuter tizimi asosida 1 oktyabrdan 26 oktyabrgacha boʻlgan davrdagi yer usti monitoring stantsiyalari maʼlumotlarini sunʼiy yoʻldosh tasvirlari bilan solishtirdilar. Tahlil chang massalarining kirib kelishi va AQI havo sifati indeksining oshishi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliqlikni tasdiqladi: agar 4-5 oktyabr kunlari yogʻingarchilik paytida indeks 66-71 ni tashkil etgan boʻlsa, keyingi quruq kunlarda koʻrsatkichlar yomonlashgan.
EUMETSAT Yevropa platformasi va "Meteosat" meteorologik sunʼiy yoʻldoshi tasvirlariga koʻra, 25 va 26 oktyabr kunlari Toshkent va Toshkent viloyati, shuningdek, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining bir qismida yirik chang massalarining toʻplanishi qayd etilgan. Ekspertlarning prognoziga koʻra, chang frontining taʼsiri va havoning ifloslanishi bilan bogʻliq noqulay sharoitlar keyingi haftaning boshigacha saqlanib qolishi mumkin.

