Messi va Ronaldu «Barcha davrlarning Oltin toʻpi» daʼvogarlar roʻyxatiga kiritildi
France Football yangi mukofot uchun ovoz berish jarayonini boshladi. OAV xabarlariga koʻra, unda ishtirok etish pulli.

Messi va Ronaldu «Barcha davrlarning Oltin toʻpi» daʼvogarlar safida
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu yangi taʼsis etilgan «Barcha davrlarning Oltin toʻpi» (Ballon d’Or of All Time, B.O.A.T.) mukofoti uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritildi.
Daʼvogarlar roʻyxati 20-oktabr kuni eʼlon qilindi. Portugaliyalik va argentinalikdan tashqari, unda Alfredo Di Stefano (Ispaniya), Yohan Kroyf (Niderlandiya), Frans Bekkenbauer (Germaniya), Kevin Kigan (Angliya), Karl–Hayns Rummenigge (Germaniya), Mishel Platini (Fransiya), Marko van Basten (Niderlandiya) va braziliyalik Ronaldo ham bor.
France Football mezonlariga binoan, yangi sovrin uchun faqat kamida ikki marta «Oltin toʻp»ni qoʻlga kiritgan futbolchilar nomzod boʻla oladi. Shu sababli roʻyxatda Pele va Diyego Maradona yoʻq. Bunga 1995-yilgacha mukofot faqat yevropalik futbolchilarga berilgani sabab qilib ko‘rsatiladi.
Roʻyxatda jami o‘n nafar futbolchi bor. Messining hisobida sakkizta, Ronalduda esa beshta «Oltin toʻp» mavjud. Bekkenbauer, Platini, Kroyf, van Basten va boshqalar bu mukofotni ikki-uch martadan yutgan.
Taʼkidlanishicha, mukofot egasi muxlislar ovozi orqali aniqlanadi. Muxlislarning aytishicha, har bir ovoz uchun 1 yevro toʻlash kerak. Berilgan ovoz evaziga ishtirokchi «Oltin toʻp» gʻolibining yuqori sifatli raqamli fotosuratiga ega boʻladi. Shuningdek, ovoz beruvchilar orasida 2027-yilgi taqdirlash marosimiga ikkita chipta oʻynaladi.

