Mers saylov natijalarini «halokat» deb atadi
Germaniyaning Meklenburg - Old Pomeraniya federal yeri va Berlin shahrida oʻtkazilgan saylovlar kansler Fridrix Mers boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoq uchun kutilganidan ham ogʻir yakunlandi. XDI tarixda ilk bor federal yerlardan birining parlamentiga kira olmadi, biroq Mers isteʼfoga chiqish niyati yoʻqligini bildirdi.

Mers saylov natijalarini «halokat» deb atadi
Germaniya kansleri va Xristian-demokratik ittifoq rahbari Fridrix Mers 20-sentabr kuni Meklenburg - Old Pomeraniya hamda Berlinda boʻlib oʻtgan saylovlar natijasini «halokat» deb baholadi. U bu gapni konservatorlar tarixda ilk bor mamlakat federal yerlaridan birining parlamentida vakillik qila olmasligi maʼlum boʻlishidan oldin aytgan.
Meklenburg - Old Pomeraniyada XDI atigi 4,9 foiz ovoz oldi. Yer parlamenti — landtagga kirish uchun esa partiya kamida 5 foiz ovoz toʻplashi kerak edi.
Saylovda 38,2 foiz ovoz bilan ultraoʻng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi gʻalaba qozondi. Taqqoslash uchun, 2021-yilgi saylovda bu partiyani saylovchilarning 16,7 foizi qoʻllab-quvvatlagan edi.
Ikkinchi oʻrinni 35,5 foiz ovoz bilan Germaniya sotsial-demokratik partiyasi egalladi. 2021-yilda uning natijasi 39,6 foiz boʻlgan. Soʻl partiya 6,5 foiz, «Ittifoq-90/Yashillar» esa 5,7 foiz ovoz oldi. Qolgan siyosiy kuchlar besh foizlik toʻsiqdan oʻta olmadi.
Shu tariqa, 2021-yilgi saylovda ham qatnashgan partiyalar ichida faqat «Germaniya uchun muqobil» oʻz natijasini yaxshiladi. Biroq bu gʻalaba asosan ramziy ahamiyatga ega, chunki boshqa partiyalar ultraoʻnglar bilan koalitsiya tuzishni istamayapti.
Federal yer hukumati rahbari, sotsial-demokrat Manuela Shvezig oʻz saylovoldi kampaniyasini asosan «Germaniya uchun muqobil»ga qarshi kurash gʻoyasi asosida olib borgan edi. Uning tashviqot shiorlaridan biri «Ayol koʻklarga qarshi» boʻldi. Koʻk rang ultraoʻng partiyaning ramziy rangi hisoblanadi.
Shvezig saylov kuni ZDF telekanaliga bergan intervyusida ultraoʻnglar obroʻsining oshishiga ikki asosiy sababni koʻrsatdi. Uning aytishicha, Meklenburg - Old Pomeraniya aholisining katta qismi Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam koʻrsatilishiga qarshi. Shuningdek, koʻpchilik «Shimoliy oqim» quvuri orqali Rossiya gazini yetkazib berishni qayta tiklashni xohlaydi.
«Germaniya uchun muqobil» partiyasi saylovoldi kampaniyasida aynan shu ikki masaladan faol foydalangan. Shvezig sotsial-demokratlar bu pozitsiyalarni qoʻllab-quvvatlamasligini va shu sababli ovoz yoʻqotishini oldindan tushunganini aytdi.
Shunga qaramay, Shvezigning strategiyasi ish berdi. Oy boshidagi soʻrovlarda sotsial-demokratlarning reytingi 30 foizdan past edi, bir yil avval esa hatto 20 foizga ham yetmagan edi. Yakuniy 35,5 foizlik natija partiyaga Soʻl partiya va «Yashillar» bilan birgalikda hukumat tuzish imkonini bermoqda.

