Merino yana qahramon, Angliyada yana yirik gʻalaba
Belarus qatorasiga ikkinchi oʻyinda gʻalaba qozonib, oʻz guruhida ikkinchi oʻringa chiqib oldi, Qozogʻiston esa oʻz uyida Farer orollarini ham yenga olmadi va Slovakiya, Farer orollari va Moldova bor guruhda soʻnggi oʻrinda qolmoqda.

Merino yana qahramon, Angliyada yana yirik gʻalaba
Millatlar ligasi guruh bosqichida 4-tur bahslari yakuniga yetdi.
Perishich, 17 (1:0). Merino, 61 (1:1). Merino, 88 (1:2)
Ispaniya safarda Xorvatiyani magʻlub etdi. Biroq shu kuni ispanlar 60-daqiqagacha hisobda ortda borayotgan edi va faqat zaxira kuchlaridan foydalanish evaziga gʻalabaga erishdi.
Oʻtgan turda Angliyaga yirik hisobda yutqazgan xorvatlar uchrashuvni faol boshladi va 17-daqiqadayoq qarshi hujumda hisobni ochdi: Unai Simon Igor Matanovichning zarbasini qaytargan edi, ammo keksalikni tan olmayotgan Ivan Perishich qaytgan toʻpni bosh bilan boʻsh darvozaga yoʻlladi. Bir necha daqiqa oʻtib mezbonlar ikkinchi golni ham urishi mumkin edi: ispanlar jarima maydoni ichida toʻpni yoʻqotishdi, ammo Matanovich darvozabon hududida turgan holda gol ura olmadi — bu vaziyatda Simon jamoasini qutqarib qoldi.
Xorvatiya birinchi boʻlimni juda yaxshi oʻtkazdi va shu kuni ispanlarning magʻlubiyatsiz seriyasiga yakun yasalishi mumkin edi, ammo Luis de la Fuente tanaffusdan keyin oʻz xaloskori Mikel Merinoni maydonga tushirdi.
Ispaniya ikkinchi boʻlim boshlarida bir nechta xavfli vaziyatlardan foydalana olmadi, 60-daqiqada esa baribir maqsadiga yetdi. Dani Olmo raqib himoyachisidan qaytgan toʻpni oʻziga boʻysundirib, uni Merinoga uzatdi, oʻtgan mavsumda «Arsenal»da majburan markaziy hujumchiga aylantirilgan futbolchi esa uzoq burchakni aniq nishonga oldi.
Shu kuni oʻyin qahramoni boʻlishi mumkin boʻlgan Perishich esa antiqahramonga aylandi: u avvaliga qulay vaziyatni boy berdi, 79-daqiqada esa maydon markazida Mark Kukurelyaga keraksiz fol ishlatib, ikkinchi sariq kartochkani oldi va jamoadoshlarini ogʻir ahvolga solib qoʻydi. Xorvatlar qolgan vaqt davomida himoyaga yotishdi, ammo 88-daqiqada baribir gol oʻtkazib yuborishdi. Yana Merino katta sahnaga chiqib, jarima maydoni ichida darvozaga orqa qilib toʻpni qabul qildi va keyingi harakatida uni darvozaga mixladi. Qizil furiya magʻlubiyatsiz seriyasini 42 oʻyinga yetkazdi va muddatidan oldin Millatlar ligasi pley-off yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

