Angliya Xorvatiyaga 7 ta gol urdi, Yamalda noodatiy seriya
Millatlar ligasi guruh bosqichida 3-tur doirasida navbatdagi oʻyinlar boʻlib oʻtdi: Modrich Angliyaga qarshi oʻyindan keyin uzr soʻradi, Yamal qatorasiga uchinchi oʻyinda tezkor gol urdi, Shveysariya va Shimoliy Makedoniya oʻyinini it toʻxtatib qoʻydi.

Angliya Xorvatiyani 7 ta gol bilan tor-mor etdi, Yamalda noodatiy seriya
Xorvatiya – Angliya 0:7
Keyn, 8 (0:1). Bellinhem, 21 (0:2). Gordon, 39 (0:3). Saka, 45 (0:4). Keyn, 53 (0:5). Saka, 68 (0:6). Rodjers, 87 (0:7)
Xorvatiya: Livakovich, Gvardiol, Vushkovich, Perishich, Stanishich (Shutalo, 76), Kovachich, Modrich (Yakich, 57), Suchich (Vlashich, 46), Baturina (Pashalich, 46), Ivanovich, Musa (Matanovich, 46)
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, Holl (Lyuis-Skelli, 79), Kuansa, Skott (Rodjers, 70), Anderson (Gibbs-Uayt, 79), Bellinghem, Gordon (Garner, 70), Saka, Keyn (Eze, 70)
Ogohlantirish: Kovachich, 68
Xorvatiya avlodlar almashinuvi va jamoaning soʻnggi oʻn yillikdagi yutuqlarining asosiy me’mori boʻlgan Zlatko Dalichning ketishini ogʻriqli qabul qilmoqda.
Inglizlar mashhur raqib maydonida kechgan uchrashuvda juda oson gʻalabaga erishdi. Hammasi birinchi boʻlimdayoq hal boʻldi. Avvaliga «Siti» himoyachisi Yoshko Gvardiol ketma-ket ikkinchi oʻyinda golga olib keluvchi xatoga yoʻl qoʻydi. Maydon markazida undan toʻpni olib qoʻygan mehmonlar qarshi hujum uyushtirdi va bu hujum Bellinghemning Harri Keynni golli vaziyatga chiqarishi bilan yakunlandi.
Keyn bu kuni dubl qayd etdi va yana bir golga uzatma berdi, Jud Bellinghem 1+3, Bukayo Saka 2+1, Entoni Gordon esa 1+1 natija ko‘rsatdi. Zaxiradan tushgan Morgan Rodjers esa 87-daqiqada yakuniy hisobni 7:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Inglizlar ustozi Tomas Tuhel yettinchi goldan keyin xorvatlar ustozi Slaven Bilichning oldiga borib, uni qoʻllab-quvvatladi.
Oʻyindan soʻng xorvatlar sardori Luka Modrich muxlislardan uzr soʻradi: «Kurashsiz, fidokorliksiz, follarsiz, jamoaviy birliksiz. Men bu yerda 20 yildan beri oʻynayman va aytishim kerakki, oʻyindan keyin birinchi marta uyalyapman. Yutqazishni qabul qilish mumkin – ular kuchliroq edi, lekin bunday tarzda yutqazish va oʻz obroʻngizni mana shunday tarzda yoʻqotishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. 20 yil ichida birinchi marta chindan ham uyalyapman. Bir-birimizni barmogʻimiz bilan koʻrsatishimiz shart emas, har doimgidek buni birgalikda boshdan oʻtkazishimiz kerak. Oʻyinlarda katta farq bilan magʻlub boʻlganmiz, ammo bu oʻyindan keyingi his-tuygʻular butkul boshqacha. Men hech qachon bunday ahvolga tushmaganman. Uzr soʻrayman».
Bu Angliya milliy jamoasining soʻnggi uch yillikdagi eng yirik gʻalabasi boʻldi. Jamoa 2023-yilda Yevro-2024 saralashida Shimoliy Makedoniya darvozasiga ham javobsiz 7 ta gol urgandi. Angliya XXI asrda faqat ikki bor bundan yirikroq hisobda gʻalaba qozongan: 2013 va 2021-yillarda San-Marinoga qarshi oʻyinlarda mos ravishda 8:0 va 10:0 hisoblarida. Ammo raqiblar darajasi butkul farq qiladi.

