Texnologiya

Mercedes-AMG yangi GT elektr krossoverini namoyish qildi

Mercedes-AMG yangi elektr krossoverini uchta elektrodvigatel, 1169 ot kuchigacha quvvat va 800 voltli akkumulyator tizimi bilan jihozladi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, eng qudratli GT 63 versiyasi 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada chiqadi, batareyaning katta sigʻimli varianti esa 710 kVt gacha quvvatda zaryadlanadi.

Mercedes-AMG yangi GT elektr krossoverini taqdim etdi

Germaniyaning Mercedes-AMG kompaniyasi yangi GT elektr krossoverini namoyish etdi. Avtomobilning old qismi yoritilgan, anʼanaviy AMG radiator panjarasini eslatuvchi vertikal metall chiziqli dekorativ panel bilan bezatilgan. Old faralarda uch nurli yulduz ko‘rinishidagi kunduzgi chiroqlar bor, orqa qismida esa gorizontal diodli chiziq bilan uyg‘unlashgan oltita dumaloq yorug‘lik elementi joylashtirilgan.

Shuningdek, modelning o‘ziga xos jihatlari orasida romsiz yon oynalar, kengaytirilgan g‘ildirak arkalari va yashirin eshik tutqichlari ham bor.

Yangi modelning uzunligi 5080 mm dan 5084 mm gacha, kengligi 2001 mm, balandligi 1653 yoki 1656 mm, g‘ildirak bazasi esa 3040 mm ni tashkil etadi.

Aerodinamikaga alohida e’tibor berilgan. AMG GT 55 va GT 63 versiyalarining tom qismida faol spoyler mavjud bo‘lib, tezlik 150 km/soatga yetganda u o‘z holatini o‘zgartira boshlaydi. Tezlik va harakat sharoitlariga qarab, u havo qarshiligini kamaytirishi yoki bosim kuchini oshirishi mumkin.

Bundan tashqari, old bamperga boshqariluvchi vertikal jalyuzilar o‘rnatilgan. Oddiy sharoitlarda ular yopiq turadi, ammo zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha sovitish uchun ochiladi.

Mercedes-AMG GT 53 boshlang‘ich versiyasi har bir o‘qda bittadan — jami ikkita sinxron elektr dvigatel bilan jihozlangan. Ularning umumiy quvvati 544 ot kuchini tashkil etadi.

Quvvatliroq GT 55 va GT 63 modellari esa o‘q bo‘ylab yo‘nalgan magnit oqimli uchta elektr dvigatelga ega bo‘ldi. Ulardan ikkitasi orqa o‘qqa, yana bittasi old o‘qqa o‘rnatilgan. Mercedes-AMG GT 55 816 ot kuchini ishlab chiqarsa, flagman GT 63 ning maksimal quvvati 1169 ot kuchiga yetadi.

Eng qudratli krossover joyidan 100 km/soat tezlikka 2,5 soniyada erishadi, 200 km/soatlik marrani esa 6,8 soniyada bosib o‘tadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.