Cadillac yangi XT5 krossoverini namoyish qildi
Cadillac o‘z modellar qatorini kengaytirishda davom etib, plag-in gibrid qurilmali yangi XT5 versiyasini taqdim qildi. Krossover ikkita elektromotor, yangilangan dizayn va tomiga o‘rnatilgan lidarga ega bo‘ldi.

Cadillac o‘zining XT5 krossoverining yangi plag-in gibrid modifikatsiyasini taqdim etdi.
Hozircha ushbu model faqat Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan.
Gibrid XT5 tashqi ko‘rinishidan yangilangan old qismi bilan ajralib turadi. Uning katta radiator panjarasi Optiq, Lyriq va Vistiq modellariga xos yoritiluvchi elementlar bilan bezatilgan. Pastki havo yig‘gichga faol aerodinamik to‘siqlar qo‘shilgan. Shuningdek, gibrid versiyada odatiy tutun chiqarish quvurlari mavjud emas.
Avtomobilning dvigatel tizimi ikkita elektromotor va 5C tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydigan litiy-ion batareyali plag-in gibrid tizimdan iborat. Benzinli dvigatel 148 ot kuchiga ega, oldingi elektromotor 215 ot kuchini, orqa elektromotor esa 148 ot kuchini tashkil etadi.
Yana bir muhim yangilik – haydovchiga yordam berish tizimlari uchun modernizatsiya qilingan uskunalar. Tomga lidar o‘rnatilgan, yon tomonlarida qo‘shimcha kameralar paydo bo‘lgan, faralar esa yarim avtonom boshqaruv funksiyalariga ega mashinalarga xos bo‘lgan havorang tusli yoritqichlar bilan jihozlangan. Momenta R7 World Model texnologiyasiga asoslangan takomillashtirilgan majmua shahar ichida harakatlanishga mo‘ljallangan bo‘lib, aylanib o‘tishlar, aylanma chorrahalar, piyodalar o‘tish joylari va qatorni o‘zgartirish kabi vaziyatlarni uddalay oladi.
Cadillac yangi tizim nafaqat yo‘l va to‘siqlarni tanibgina qolmay, balki atrofdagi vaziyatni yaxshiroq tushunib, voqealar rivojini oldindan bashorat qila oladi va mos reaksiyalarni tanlaydi, deb umid qilmoqda.

