Hyundai hashamatli GV90 elektrokrossoverini taqdim etdi
Model ichki yonuv dvigatelini oʻrnatish imkoniyatisiz, faqat elektr yuritmaga moʻljallangan platformada yaratilgan.

Hyundai kompaniyasi hashamatli GV90 elektrokrossoverini namoyish etdi.
20-avgust kuni Hyundai Motor oʻzining Genesis brendi ostida yangi, toʻliq oʻlchamli elektr krossoveri – GV90 modelini taqdim etdi.
Ushbu model faqat elektr yuritmaga moʻljallangan platformada yaratilgan boʻlib, ichki yonuv dvigatelini oʻrnatish imkoniyati mavjud emas. Avtomobilning uzunligi 5,28 metrni, gʻildiraklar bazasi esa 3,24 metrni tashkil etadi. Harakat ravonligini oshirish maqsadida osma tizim pnevmatik elementlar bilan jihozlangan, orqa oʻqning bazaviy talqini esa boshqariluvchi gʻildiraklar va yuqori ishqalanishli differensial bilan taʼminlangan. Ikkita elektr motor jami 657 ot kuchi va 800 Nm aylantiruvchi lahzani taqdim etadi, uzatma esa toʻliq. Sigʻimi 123,5 kVt·soat boʻlgan tortish akkumulyatori bir quvvatlanishda 500 km masofa bosish imkonini beradi.
GV90 ning standart talqini yetti oʻrinli, uch qatorli salonga ega. Model qatorining eng yuqorisidan Neolun nomli super-lyuks modifikatsiyasi oʻrin olgan. Bu – markaziy ustunlarsiz, orqa eshiklari Rolls-Royce avtomobillaridek harakatga teskari ochiladigan toʻrt oʻrinli talqindir.
Neolun salonida orqa oʻrindiqlar ventilyatsiya, massaj, isitish va elektr sozlash tizimlari, shuningdek, yigʻiluvchan boldir tayanchi bilan jihozlangan. Markaziy ustunlarning yoʻqligi ostonalar va eshik oʻyiqlaridagi yuqori mustahkam poʻlatdan yasalgan kuchaytirilgan shtamplangan elementlar hamda qoʻshimcha yashirin karkas bilan qoplangan. Orqa eshiklar ikki bosqichda ishlaydi: avval oʻyiqdan chiqadi, soʻngra ochiladi. Ilgaklar konstruksiyasi orqa va old eshiklarni bir-biridan mustaqil ravishda boshqarish imkonini beradi.
Toʻrt oʻrinli talqindagi oldingi oʻrindiqlar avtomobil toʻxtab turganida 180 darajaga burilib, orqa yoʻlovchilarga yuzlangan holda mehmonxona uslubidagi salonni hosil qilishi mumkin.
Eng yuqori komplektatsiya, shuningdek, 25 ta dinamikli Bang & Olufsen premium audiotizimi, 25 dyuymli proyeksion displey va 24,6 dyuymli sirpanib chiquvchi mediaekranni oʻz ichiga oladi.

