Sport

«Meni kutma, azizim…» - Ronaldu milliy terma jamoaga qaytishni istamayapti

Uch hafta avval Portugaliya milliy terma jamoasi yigʻinini oʻzboshimchalik bilan tark etgan Krishtianu Ronaldu bilan boʻlgan mojaro yangi tafsilotlar bilan boyimoqda. Besh karra «Oltin toʻp» sohibi oʻzboshimchaligi uchun mamlakat futbol federatsiyasidan oʻta yengil - amalda ramziy jazo olgan boʻlsa-da, endi milliy jamoaga qaytishni istamayotgandek.

«Meni kutma, azizim…» - Ronaldu milliy terma jamoaga qaytishni istamayapti

Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy terma jamoasining yaqin kunlardagi oʻyinlariga «chaqirilmaslikni afzal koʻrayotgani» haqida CNN Portugal jurnalisti xabar berdi.

Uning aytishicha, Ronaldu mamlakat futbol federatsiyasi rahbariyatidan ranjigan. U oʻziga nisbatan «adolatsiz munosabatda boʻlishgan», deb hisoblaydi, «oʻzini xiyonatga uchragandek his qilmoqda» va «haqiqat u tarafida ekaniga qatʼiy ishonmoqda».

Portugaliya futbol federatsiyasi (FPF) va Krishtianu Ronaldu oʻrtasidagi ziddiyat sentabr oxirlarida ochiq tus oldi. Oyning soʻnggi kuni 41 yoshli hujumchi milliy jamoa yigʻini davom etayotgan paytda kutilmaganda jamoa qarorgohini tark etdi. Ronaldu norvegiyaliklarga qarshi oʻyinda yuz bergan holatdan noroziligini shu tariqa bildirdi. Bu uchrashuv futbolchi uchun milliy jamoa safidagi 235-oʻyin boʻlishi mumkin edi. Biroq jamoa sardori zaxirada qoldi. Ikkinchi boʻlimda u uzoq vaqt maydon chetida qizidi, ammo zaxiradan maydonga tushirilmadi.

Soʻnggi paytlarda milliy jamoaga katta foyda keltira olmayotgan Ronalduning yoʻqligi portugaliyaliklarga salbiy taʼsir koʻrsatmadi. Portugaliya Millatlar ligasidagi toʻrtta oʻyinni ham gʻalaba bilan yakunladi.

Oradan koʻp oʻtmay FPF rahbari Pedru Pruensa va jamoa bosh murabbiyi Jorji Jezush futboldan ham qiziqroq boʻlib qolgan ushbu mavzuga yana qaytishdi. Ular murosaga tayyor ekanliklarini aytib, yulduz futbolchi bilan muzokara oʻtkazishga rozi boʻlishdi.

19-oktabr kuni FPF eʼlon qilgan jazo Portugaliya futbol rahbarlarining oʻz afsonasiga nihoyatda yumshoq munosabatda boʻlayotganining navbatdagi dalili boʻldi. Krishtianu Ronaldu terma jamoa yigʻinini oʻzboshimchalik bilan tark etgani uchun milliy jamoadan 30 kunga chetlatildi. Bu qoidaga koʻra belgilanishi mumkin boʻlgan eng qisqa muddat edi. Bundan tashqari, jazo muddati qoidabuzarlik sodir etilgan kundan — 30-sentabrdan boshlab hisoblanishi kerak edi. Bu esa Ronalduning amalda terma jamoadan chetlatilmaganini anglatardi. Chunki Portugaliya milliy jamoasi navbatdagi oʻyinlarini 14 va 17-noyabr kunlari Daniya hamda Uelsga qarshi oʻtkazadi. Shuningdek, FPF futbolchini 255 yevro jarimaga ham tortdi. Bu summa Ronalduning daromadlarini hisobga olganda (futbolchi «Al-Nassr» klubida haftasiga 4 million yevroga yaqin pul ishlaydi), juda kulgili. Bunday yengil jazo OAVda hazil va masxara mavzusiga aylandi.

Yana bir jihat ham alohida kulgiga sabab boʻldi: FPFning 29 sahifalik qarorida aytilishicha, Krishtianu Ronaldu jazoni yengillashtiruvchi holat sifatida oʻzining futboldagi xizmatlarini hisobga olishni soʻragan va hatto «rezyumesining nusxasi»ni taqdim etgan. Tartib-intizom qoʻmitasi uning «futbol rivojiga qoʻshgan hissasi»ni hamda «pushaymonligini namoyon etgani»ni yengillashtiruvchi omil sifatida inobatga olgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.