Meksikada yenotlar chiqindidan to‘p yasab, futbol o‘ynashni o‘rganib oldi (video)

Meksikada yenotlar chiqindidan to‘p yasab, futbol o‘ynashni o‘rganib oldi (video)
Meksikaning Kosumel orolidagi mitti yenotlar qog‘oz va qumdan mustaqil ravishda to‘p yasashni o‘rganib, keyin bu ko‘nikmani boshqa yenotlarga ham o‘rgata boshlashdi. Bu holatni birinchi bo‘lib Ogayodagi Mayami universiteti tadqiqotchisi Nessi Nil payqagani aytiladi.
Nil turizmning yenotlarga ta’sirini o‘rganadi. Kunlarning birida u yosh yenotning chiqindi qutisidan qog‘oz olib, uni suvli idishga botirganini, so‘ngra qum ustida aylantirib, shar shakliga keltirganini videoga oldi. Keyingi bir necha kun davomida Nil yenotlar shu kabi to‘plarni yasashda davom etayotganini va ular bilan futbol o‘yinlariga o‘xshash musobaqalar tashkil qilayotganini kuzatdi. O‘yinlarga boshqa yenotlar ham qo‘shildi.
Tadqiqotchi keyingi kunlarda mitti yenotlar o‘yinchoq yasashni bir-biridan o‘rganayotganini ham payqadi. Ular hatto buni onalariga ham o‘rgatishga urinishdi, biroq ona yenot ularning harakatlarini takrorlay olmadi.
Mayami universitetining yana bir tadqiqotchisi Mishel Shidlovski olimlar ko‘pincha shimpanze, yo‘lbars va boshqa hayvonlarning o‘yinlarini kuzatishlarini ta’kidladi. Biroq hayvonlarning maqsadli ravishda o‘yinchoq yasashi holatlari ancha kam uchraydi. Endilikda tadqiqotchilar yenotlar ushbu ko‘nikmani keyingi avlodlarga ham o‘tkazadimi-yo‘qmi, shuni aniqlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, kichik yenotlar faqat Kosumel orolida yashaydi va yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Tabiatda ularning 200 dan kamroq turi qolgan.

