Meksikada mashhur qo‘shiqchining butun oilasi qirib tashlandi
Tergovchilar qotillikning asosiy nazariyasi sifatida sheriklar o‘rtasidagi moliyaviy mojaroni ko‘rib chiqmoqdalar.

Meksikada mashhur qo‘shiqchining butun oilasi qirib tashlandi
Mexiko shahar prokuraturasi Camilo Septimo indi-rok guruhining musiqachisi Jonatan Melendes vafoti haqida ma’lum qildi. Uning homilador rafiqasi, uch yoshli qizi, enagasi va iti ham o‘ldirilgan.
CNN xabariga ko‘ra, politsiya allaqachon ikki gumonlanuvchini qo‘lga olgan, ulardan biri musiqachining do‘sti va biznes sherigi hisoblanadi.
Qotillik 2-sentyabr kechasi Mexiko shtatining Zona Esmeralda mahallasida yuz bergan. Qo‘shnilar qichqiriqlar va o‘q ovozlarini eshitib, politsiyaga murojaat qilishgan. Politsiya jinoyat joyida to‘rt kishining jasadini va o‘q tekkan itni topdi. Melendes oilasining olti yoshli o‘g‘li ham kvartirada tirik, jarohatsiz holatda topilgan. Jinoyatchilar kuzatuv kameralari yordamida aniqlangan. 3-sentyabr kuni musiqachining do‘sti va biznes sherigi, Melendes bilan birga mulkka egalik qilgan va uni Airbnb orqali ijaraga bergan Diyego Sebastian hibsga olingan. Ikkinchi gumonlanuvchi Gerardo N. bo‘lib, politsiya Diyego Sebastianning qotillik rejasini amalga oshirishiga yordam bergan deb hisoblaydi.
Tergovchilar qotillikning asosiy ehtimoli sifatida sheriklar o‘rtasidagi moliyaviy mojaro ustida ishlamoqda. Bu taxminni qotillikdan bir necha soat oldin Jonatan Melendes yaqin do‘stlaridan birini biznes sherigi bilan og‘ir uchrashuv bo‘lishi haqida ogohlantirgani va agar u uzoq vaqt javob bermasa, politsiyaga murojaat qilishni so‘ragani ham kuchaytiradi. Hozircha ikkala erkak ham ko‘rsatma berishdan bosh tortgan. Meksika musiqa hamjamiyati va Camilo Septimo guruhi a’zolari jabrlanuvchining oila a’zolari va do‘stlariga hamdardlik bildirishdi.

