Meksika toʻdasi qoʻlga olingan aʼzosini ozod qilishga majburlash uchun mulozimlarni oʻgʻirlab ketdi
Toʻda mulozimlarni oʻzlarining yuqori mansabli aʼzosi qoʻlga olinganidan koʻp oʻtmay garovga oldi va uni ozod qilishni talab qildi.

Meksika toʻdasi qoʻlga olingan aʼzosini ozod qilishga majburlash uchun mulozimlarni oʻgʻirlab ketdi
Doʻshanba kuni Meksikadagi jinoiy toʻda mamlakat markazidagi Morelos shtatida uch nafar mulozimni oʻgʻirlab ketdi. Bundan maqsad hokimiyat organlariga bosim oʻtkazib, bir necha soat oldin qoʻlga olingan toʻdaning yuqori lavozimli aʼzolaridan birini ozod qilishga erishish boʻlgan.
Morelos shtati bosh prokuraturasi tovlamachilikka qarshi kampaniya doirasida oʻtkazilgan reyddan soʻng «Pueblos Unidos» jinoiy toʻdasi aʼzosini hibsga olganini maʼlum qildi.
Bunga javoban «Pueblos Unidos» bosh prokuraturaning uch nafar xodimini oʻgʻirlab ketib, ularni garovda ushlab turdi.
Idora oʻz bayonotida xodimlarining hayotini saqlab qolish uchun qoʻlga olingan gumonlanuvchini ozod qilganini, ammo xodimlarning oʻgʻirlab ketilishi jazosiz qolmasligini taʼkidladi.
Bayonotda qoʻshimcha qilinishicha, toʻda doʻshanba kuni kechqurun mahalliy vaqt bilan uchala xodimni ham ozod qilgan. Ulardan biri oʻqdan olingan jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan, ammo ahvoli barqaror.
Bayonotga koʻra, qoʻlga olingan toʻda aʼzosini ozod qilish haqidagi qaror oʻgʻirlangan qurbonlarning hayoti birinchi oʻrinda turishi kerakligi koʻrsatilgan rasmiy koʻrsatmalarga muvofiq qabul qilingan.
Meksikadagi jinoiy toʻdalar koʻpincha oʻz yetakchilaridan biri hibsga olinganidan soʻng, uni ozod qilishga majburlash maqsadida zoʻravonlik toʻlqinini avj oldiradilar.
2019 yilda «Sinaloa» kartelining yuzlab qurollangan aʼzolari kartel asoschisi, dong taratgan Xoakin «El Chapo» Gusmanning oʻgʻli Ovidio Gusman hibsga olinganidan soʻng Meksika shimolidagi Kuliakan shahriga yopirilib kirdi.
Ular yonayotgan toʻsiqlar oʻrnatib, xavfsizlik kuchlari bilan oʻlimga olib keluvchi otishmalar olib borishdi.
Zoʻravonlik shu qadar shiddatli ediki, oʻsha paytdagi prezident Andres Manuel Lopes Obrador shaxsan Ovidio Gusmanni ozod qilish haqida buyruq berdi.
Lopes Obrador bu buyruqni «aholini xavf ostiga qoʻymaslik uchun» berganini aytdi.
«Jinoyatchining qoʻlga olinishi odamlarning hayotidan ustun emas», — deya qoʻshimcha qildi u.
Gusman 2023 yilda qayta qoʻlga olindi va AQShga ekstraditsiya qilindi.
Yaqinda, joriy yilning fevral oyida Meksikada eng koʻp qidiruvda boʻlgan jinoyatchilardan biri Nemesio «El Mencho» Osegeraning oʻldirilishi uning karteli tomonidan Meksikaning 20 ta shtatida qasos hujumlarini keltirib chiqardi.
Prezident Klaudiya Sheynbaum zoʻravonliklarni bostirish uchun jabrlangan shtatlarga minglab askarlarni yubordi.

