“Maslahat beruvchilar ko‘p, lekin sudda himoya qiladiganlar kam”. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari qanday himoya qilinmoqda?
O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslarning huquqlari qonunlar bilan kafolatlangan bo‘lsa-da, ularni amalda himoya qilishda muammolar saqlab qolinyapti. Faollarga ko‘ra, nogironlar sud jarayonlarlarida to‘siqlarga duch kelmoqda. Yechim sifatida huquqplus.uz loyihasi doirasida bepul yuridik yordam ko‘rsatilyapti.

“Maslahat beruvchilar ko‘p, lekin sudda himoya qiladiganlar kam”. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari qanday himoya qilinmoqda?
Toshkent shahri Sharoit plyus nogironlar jamoat birlashmasi va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi hamkorligida 29-sentabr kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi muammolar va yechimlar” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida faoliyat yurituvchi jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi, deya xabar berdi Gazeta muxbiri.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra 1 055 770 nafarni tashkil etadi.
Ularning huquq va erkinliklari qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, 2024-yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. 2021-yilda mamlakat BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Yangi Konstitutsiyada ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari alohida qayd etildi. Shunga qaramay, bu borada bir qator masalalar hanuz yechimini topmagan.
O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovning aytishicha, ilgari nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam beruvchi tashkilotlar asosan gumanitar masalalar bilan shug‘ullangan. O‘zbekiston 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilganidan so‘ng esa ularning huquqlarini himoya qilishning huquqiy jihati yanada dolzarb bo‘lib qolgan.
“Agar savodxonligimiz past bo‘lsa, konvensiya tamoyillari va moddalarini, qonun talablarini bilmasak, nogironlarning huquqlarini qanday himoya qilamiz yoki ular o‘z huquqini qanday himoya qiladi?” — deydi Isoqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nogironlikni belgilashda insonning sog‘lig‘i bilan birga, u yashaydigan muhitdagi to‘siqlarni ham hisobga olish muhim. Chunki bir xil kasallikka ega bo‘lgan ikki shaxsning imkoniyatlari va duch keladigan to‘siqlari yashash muhitiga qarab farq qilishi mumkin.
“Misol uchun, ikkita nogironning biri qishloqda, ikkinchisi shaharda yashaydi. Kasalligi bir xil, lekin ular duch keladigan to‘siqlar bir xil emas. Shaharda to‘siqsiz muhit, transport ozmi-ko‘pmi bor, qishloqda esa bunday imkoniyatlar umuman bo‘lmasligi mumkin”, — deydi u.
Isoqovning aytishicha, nogironlikni belgilashning yangi tizimida bunday to‘siqlarni ham inobatga olish ko‘zda tutilgan. Biroq uning ta’kidlashicha, bu tartibdan barcha tibbiyot xodimlari birdek xabardor emas.
Assotsiatsiya raisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning suddagi huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonun ijodkorligi doirasida takliflar ilgari surilayotganini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishlarida ayrim toifadagi shaxslarga davlat hisobidan himoyachi jalb qilish imkoniyati mavjud. Assotsiatsiya shunday mexanizmni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun fuqarolik ishlarida ham joriy etishni taklif qilmoqda.
“Konvensiyada odil sudlovdan foydalanish degan modda bor. Shunga asoslanib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun fuqarolik sudlarida ham davlat hisobidan himoyachi jalb qilish mexanizmini joriy etishni taklif qilyapmiz”, — deydi assotsiatsiya raisi.
Isoqovning ta’kidlashicha, davlat boji ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning sud orqali o‘z huquqlarini himoya qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri. Ayrim hollarda shaxs sudga murojaat qilish uchun belgilangan davlat bojini to‘lash imkoniga ega bo‘lmagani sababli o‘z huquqini sud orqali himoya qila olmaydi.
“Bojini to‘lay olmaydi nogironlar. Masalan, uy-joy bilan bog‘liq nizoda davlat boji uyning qiymatiga nisbatan hisoblanadi. Bu ba’zi hollarda juda katta summani tashkil etadi. Shuning uchun biz nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat bojidan ozod qilish bo‘yicha ham taklif beryapmiz”, — deydi u.
Assotsiatsiya raisi hozir nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquqiy maslahat beradigan tashkilotlar ko‘pligini, biroq ularning sud jarayonlaridagi manfaatlarini bevosita himoya qilish masalasi murakkabligicha qolayotganini aytdi. U sudda vakil sifatida ishtirok etish amaliyoti keng yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidladi.
“Maslahat beruvchilar juda ko‘p. Lekin sudda qatnashib berish — eng qiyin masala”, — deydi Isoqov.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi yuridik ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilsa-da, sud jarayonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bevosita yordam berishga tayyor mutaxassislar masalasi ochiq qolmoqda.
Isoqov huquqplus.uz loyihasi doirasida aynan sud jarayonlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
“Maslahat berish bilan cheklanib qolmasdan, sudda qatnashishga yordam beradigan mexanizmlarni ishlab chiqish kerak. Chunki bizga eng ko‘p kerak bo‘layotgani ham shu”, — deydi assotsiatsiya raisi.
Sharoit plyus nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimovaning ta’kidlashicha, mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha targ‘ibot ishlari yetarli darajada olib borilmayapti. Shuningdek, mutasaddilarning nogironlik masalalariga e’tibori ham yetarli emas.
“Bizga nogironligi bo‘lgan shaxslar ko‘p murojaat qiladi. Ular bilan suhbatlashganimizda, o‘z muammosiga yechim izlab yoki maslahat olish uchun turli davlat tashkilotlari va hokimliklarga borganida, u yerdagilar qonuniy asoslarni ko‘rsatmagan holda rad javobini aytganini ta’kidlashadi”, — deydi u.
Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishi va kundalik hayoti bilan bog‘liq boshqa masalalarda ham huquqlari buzilishi holatlari uchramoqda.
Uning aytishicha, 2025-yilda “Huquq Plus” loyihasi doirasida 4211 ta birlamchi murojaat qabul qilingan. Ularning 2060 tasi ayollardan, 2151 tasi erkaklardan kelib tushgan. Murojaatlarning asosiy qismini II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etgan.
Rahimovaning ta’kidlashicha, tashkilot bir yilda o‘rtacha 4−5 mingta murojaat qabul qiladi. 2025-yilda kelib tushgan 4211 ta murojaatning barchasi ko‘rib chiqilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, murojaatlarning ayrimlari ijobiy hal etilgan. Biroq ba’zi holatlarda ko‘rilgan choralarga qaramay, mavjud muammoni hal qilish imkoni bo‘lmagan.
Tadbirda qayd etilishicha, 2023-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan huquqplus.uz loyihasi joriy yilda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlarni davom ettiradi.
Loyiha rahbari Dilmurod Yusupovning aytishicha, “Huquq Plus” BMT Taraqqiyot dasturining Finlyandiya hukumati ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasidagi kichik grantlar tanlovida g‘olib bo‘ldi. Loyihaning umumiy budjeti 238 mln 254 ming 600 so‘mni tashkil etadi. U joriy yilning 1-avgustidan 31-dekabriga qadar amalga oshiriladi.
“Loyiha doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar va yoshlarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish, qonunchilikka oid bosma va elektron materiallar tayyorlash va tarqatish ko‘zda tutilgan”, — deydi Dilmurod Yusupov.
Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri — maxsus Telegram-bot orqali besh oy davomida respublika bo‘ylab nogironligi bo‘lgan shaxslarning 1500 ta murojaatiga birlamchi huquqiy yordam ko‘rsatish. Shuningdek, 400 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga bepul chuqur, ya’ni ikkilamchi huquqiy maslahat va amaliy yordam berish rejalashtirilgan. Ularning kamida 100 nafariga yuzma-yuz, qolgan 300 nafariga esa Telegram, telefon va veb-portal orqali masofaviy yordam ko‘rsatiladi.
Eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham alohida video-qo‘ng‘iroq markazi ishga tushirilgan. Ular Telegram yoki WhatsApp orqali videoaloqaga chiqib, imo-ishora tili tarjimoni ishtirokida huquqiy yordam olishlari mumkin. Kelib tushgan murojaatlar huquqshunoslarga yetkaziladi.
Yusupovning ta’kidlashicha, materiallarni tayyorlashda turli kategoriyadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun axborotni qulay formatlarda taqdim etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, huquqiy ma’lumotlar matn, audio, video, “Oson matn” va imo-ishora tili formatlarida e’lon qilinadi.
Loyiha davomida nogironligi bo‘lgan talabalar, nogironlar jamoat birlashmalari a’zolari, nogironligi bo‘lgan farzandi bor ota-onalar va boshqa maqsadli guruhlar uchun trening-seminarlar o‘tkaziladi.
Dilmurod Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning maqsadi faqat huquqiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmaydi. Uning yana bir muhim yo‘nalishi — nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquqlarini bilishi va ularni mustaqil himoya qila olish imkoniyatini oshirishdan iborat.
Loyihada ko‘ngilli advokat sifatida faoliyat yuritayotgan Zarnigor Qodirovaning tushuntirishicha, nogironligi bo‘lgan shaxs loyihaga murojaat qilganida, avvalo u bilan pro bono, ya’ni bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
“Bu shartnoma orqali order olib, sudda bemalol qatnashaman. Order uchun ham, advokatning ishtiroki uchun ham nogironligi bo‘lgan shaxsdan hech qanday xizmat haqi talab qilinmaydi”, — deydi Qodirova.
Uning aytishicha, sud jarayonida ishtirok etish uchun har doim ham ishonchnoma talab etilmaydi. Agar nogironligi bo‘lgan shaxsning o‘zi ham sudda qatnashsa, advokat order asosida protsessual harakatlarni amalga oshirishi mumkin. Ishonchnoma esa shaxs sudda umuman ishtirok etmaydigan va advokat uning nomidan mustaqil ravishda hujjat imzolashi yoki ariza kiritishi zarur bo‘lgan holatlarda kerak bo‘ladi.
Loyiha doirasida fuqarolarning murojaatlari bir necha bosqichda ko‘rib chiqiladi. Avvalo murojaat o‘rganilib, zarur hollarda og‘zaki huquqiy maslahat beriladi. Agar davlat tashkilotiga ariza yoki boshqa hujjat tayyorlash talab etilsa, bu ham bepul amalga oshiriladi.
“Ariza yozib berganimizdan keyin ham fuqaroning murojaatini tashlab qo‘ymaymiz. Taxminan 15 kundan so‘ng u bilan qayta bog‘lanib, bergan arizamiz bo‘yicha nima bo‘lganini, muammosi hal etilgan yoki etilmaganini so‘raymiz”, — deydi advokat.
Agar masala hal qilinmagan bo‘lsa, keyingi chora belgilanadi. Jumladan, yuqori turuvchi tashkilotga murojaat qilish yoki sudga ariza kiritish zarurati tug‘ilsa, fuqaroga bu jarayonda ham yordam ko‘rsatiladi.
Sudga murojaat qilish zarur bo‘lgan holatlarda arizani advokatlar tayyorlab beradi, fuqaroning o‘zi esa uni imzolab, sudga taqdim etadi. Agar u sud jarayonida advokat ishtirok etishini xohlasa, pro bono shartnoma tuzilib, advokat order asosida protsessda qatnashadi.
Qodirovaning ta’kidlashicha, advokatlarning sud jarayonlarida ishtirok etishi Toshkent bilan cheklanmaydi. Videokonferensaloqa orqali boshqa hududlardagi sud protsesslarida ham masofadan turib qatnashish mumkin.
Loyiha doirasida fuqarolar har shanba kuni soat 10:00 dan 12:00 gacha yurist-advokatlar qabuliga yozilishi mumkin. Oddiy huquqiy savollarga maxsus bot orqali yozma javob olish imkoniyati mavjud.
Murakkabroq holatlarda esa fuqaro hujjatlari bilan loyihaning bosh ofisiga kelib, yurist-advokatdan bevosita maslahat olishi mumkin. Jumladan, meros masalalari, nogironlik bilan bog‘liq huquqiy muammolar yoki sudga mustaqil ravishda murojaat qilishda qiyinchilikka duch kelgan shaxslarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.

